Zamonaviy dunyoga yuzlanish
Ba’zan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda, odamlar davrasida «internet dunyoni buzyapti», «yoshlar kitob o‘qimay, internetga sho‘ng‘ib ketmoqda» kabi yozg‘irishlarni kuzatamiz. Bu bir jihatdan to‘g‘ri. Ammo vaqt shiddati va texnologiyalar rivojlanishi bilan hisoblashish tamaddunning asosiy mezoni bo‘lib kelgan. Bugun jamiyatimizda faqat bir narsa — yo‘naltirish tamoyili yetishmayapti, xolos.
Bugun ilm egallashning uslublari o‘zgargan. Hozir an’anaviy ta’limdagidek, auditoriyalarda uzundan-uzoq ma’ruzalarni esnab tinglash emas, shiddatkor texnologiyalarda o‘zlashtirish mumkin.
Pedagogik faoliyatimdan bilamanki, bugungi ilm dasturlari eskirib bormoqda. Istiqlolimizga o‘ttiz yil to‘layotgan bo‘lsada, hamon darsliklarimiz mazmun-mundarijasi o‘zgarmadi. Holbuki, shu davr ichida, hatto aniq fanlar sohasida ham olamshumul o‘zgarishlar bo‘lib ketdi.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilmu fan sohasiga bag‘ishlangan har bir yig‘ilishida, odamlar bilan muloqoti jarayonida sezamanki, soha tamomila islohotga muhtoj. Xususan, darsliklar masalasida ham.
Ha, zamonaviy ta’lim bugungi kunning asosiy vazifalaridan biriga aylanishi kerak. O‘qitish uslublarini o‘zgartirish, kerak bo‘lsa, yangilash lozim. Bizning an’anaviy uslubimiz, asosan, nazariy bilimga asoslanib qolgandek. Nazarimda, uni ijodiy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirish fursati yetmoqda. Boisi biz uchinchi Renessans sahifalarini patqalamu dovotlarda emas, bil’aks, kompyuterlarda, IT va DT-texnologiyalarida yozishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari ayni shu jihatni e’tiborga olib, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish borasida qator hujjatlarni imzolayotgani, dasturlarni tasdiqlayotgani zamirida ana shunday hayotbaxsh qarashlar mavjudligini ko‘rishimiz mumkin.
Albatta, buni tarixni unutish, uni bir chekkaga tashlab qo‘yish, deb tushunmaslik kerak. Zotan, ajdodlar qoldirgan bebaho merosda hali o‘rganishimiz lozim bo‘lgan, biz hali ochib ko‘rmagan sahifalar bisyordir.
Ayni vaqtda Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalardan yetarli darajada foydalana olmayotganimizni taassuf bilan yodga olish mumkin. Qarangki, bu masala ham davlatimiz rahbarining e’tiborida ekan:
«Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma’naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur».
Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida ana shunday da’vat bor edi.
Bugun yangi O‘zbekiston tarixiga yozilayotgan zarhal harflar xorijlik olimlar nigohidan ham chetda emas. Yaqinda AQShning Nyu-York shtatida yashaydigan olim, biologiya fanlari doktori, professor, akademik Efroim Gurman bilan ayni shu mavzuda suhbatlashib qoldik.
Olim shunday dedi: «Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyo davlatlari rahbarlari orasida birinchi bo‘lib «Xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi kerak», degan ulug‘ maqsad, ezgu vazifani ilgari surdi va buning yechimini ham topib berdi. Ayniqsa, uning uchinchi Renessans g‘oyasi nihoyatda ajoyibdir. Sababi, bugungi ilmu fanga asoslangan, dunyoni faqatgina ilm bilan boshqarish mumkin bo‘lgan zamonda shunday g‘oyalargina qudratli kuch kasb eta oladi».
Bugun globallashayotgan zamonda makon tushunchasi torayib bormoqda. Dunyoning narigi burchagida axborotni lahza o‘tmay bu nuqtasida ko‘rish mumkin. Ammo shunisi muhimki, Vatan va uning istiqboli haqida qarashlar hech qachon toraygan emas.
Prezidentimizning mamlakatimiz kelajagini ta’lim va ilmu fanda ko‘rayotgani, uchinchi Renessans g‘oyasi milliy g‘oya darajasiga ko‘tarilgani, zamonaviy dunyoga yuzlanish hamda dunyo bilan tenglashmoq istagida ana shu Vatan va millat tuyg‘usining yana bir jilvalanishini ko‘rish mumkin.
Bu tuyg‘u xalqimizning qonida jo‘sh urib turgan ma’rifatga tashnalik va o‘sha olis o‘tmishdagi buyuk Uyg‘onish nasimlarining sog‘inchi bilan mushtarakdir. Shunday ekan, dunyo sahniga yana yangi tamaddun bilan bo‘ylamoqqa bu xalq ming bora haqlidir.
Uchinchi Renessans poydevorining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qiluvchi bugungi buyuk g‘oyalarda ana shunday ulug‘ maqsadlar mujassamdir.
Bakr
Do'stlaringiz bilan baham: |