Abu Ali ibn Sino (980-1037) – Sharqning ulkan qomusiy olimi, jahon ilmi va madaniyatining eng mashhur namoyondalaridan biri. U axloq to’g’risidagi fikrlarida axloqiy fazilatlarni ulug’ladi va axloqiy illatlarni, yomonlikni keskin qoraladi. Olim ta'lim-tarbiya masalalariga jiddiy va ijodiy yondashgan. Uning bolani tarbiyalash va o’qitish borasidagi ko’p fikrlari o’zining chuqur mazmunga egaligi, insonparvarligi va teranligi bilan kishini hayratga qoldiradi. Ibn Sino o’qitish jarayoniga katta ahamiyat bergan va uni tubandagi tarzda tashkil qilishni zarur, deb hisoblaydi: O’quvchini birdan kitobga jalb qilib qo’ymaslik kerak. O’qitish asta-sekin, osondan qiyinga o’tish yo’li bilan olib borilishi lozim. O’quvchilar bilan amalga oshiriladigan tarbiya ularning yoshiga mos bo’lishi shart. O’qitish jamoa tarzida uyushtirilishi darkor. O’qitish o’quvchining mayli va qobiliyatini hisobga olgan holda olib borilishi zarur. O’qitish jismoniy mashqlar bilan qo’shilib olib borilishi shart. Ibn Sino tarbiya masalalari ifodalangan asarlarida o’qituvchining roliga katta e'tibor bilan qaragan. Tarbiyachi tanlashni muhim masala deb hisoblagan. U bola 6 yoshga to’lishi bilan uni ustoz tarbiyasiga berishni tavsiya qiladi. Tarbiyachi rostgo’y, dono, odil, ozoda kiyinadigan, xushmuomala bo’lishi zarurligini uqtirib, yosh avlodni o’qitadigan hamda tarbiyalaydigan kishilar oldiga bir qancha talablar qo’ygan.
Yusuf Xos Hojib (XI asr) – buyuk olim, zabardast dostonnavis, tadbirkor davlat arbobidir. Uning pedagogik qarashlarida xalq bilan birga bo’lish, adolatparvarlik g’oyalari asosiy o’rin tutadi. Olimning fikricha, insonning ulug’ligi, aql-idroki, so’zlash qobiliyati, bilimi, uquvi hunarga egaligidir.
O’quv qayda bo’lsa, ulug’lik bo’lur,
Bilik kimda bo’lsa, bedug’lu alur.
O’qishlug’ o’qar-ul biliglig bilir,
Biligli, o’qigli tilikka tegir.
Yusu Xos Hoibning uqtirishicha, har bir kishi jamiyatga munosib bo’lib kamol topmog’i kerak. Farzandlar tarbiyasi nihoyatda erta boshlanmog’i shart. Shundagina ularning noo’rin xatti-harakatlariga berilishningg oldi olinadi. Buning uchun maxsus tayyorlangan puxta zaminga bo’lgan, ezgu niyatli va pokiza murabbiy taklif etilishi kerak. Shundagina bolalarimiz to’g’ri tarbiya oladi.
Husayn Voiz Koshifiy (1440-1505) – notiqlik, adabiyotshunoslik, fikh, ilmi nujum, tarix, hisob ilmi, uymakorlik va ganchkorlik va axloqqa doir asarlar yaratgan mutafakkirlardan biridir. Koshifiyning uqtirishicha insonni ta'lim-tarbiya orqali qayta tarbiyalash bilan aqliy qobiliyatni o’stirish mumkin. Buning uchun bolaga yaxshi ta'lim-tarbiya berish uni yaxshi sifatlarini o’stirishga, uni nojo’ya xatti-harakatlardan qaytarish lozim.
Alloma o’qituvchilarga bolalarni tarbiyalashda quyidagi usullarni qo’llashni ilgari surgan: nasihat, tanbeh berish, amru farmon, majburiyat qo’yish. Koshifiy o’z pedagogik qarashlarida bolalarga mustaqil fikrlash qobiliyatini o’stirish masalasiga alohida e'tibor berib, ota-onalar va muallimlardan shuni talab etadi. Bu masalad oilaviy va tashqi mhit muhim o’rin tutadi. Uning fikricha «murabbiy bolaga nasihat va ta'lim berishda lutf va odob qoidalarida qat'iy turishi, ularga rioya qilishi darkor. Jamoatchilik joylarida unga pand berish yaramaydi. Balki xilvat joyda bolaga gapirish darkor. Agar murabbiy nasihat berishning fursati kelganini bilsa unga muloyimlik bilan murojaat qilishi lozim. Chunki bizning zamonamizda muloyim va xushfe'l bo’lish maqsadga muvofiqdir».
Do'stlaringiz bilan baham: |