Hozirgi paytda dasturlash tillarining soni juda ko‘payib ketmoqda. Lekin, shuni aytish kerakki, har qanday dasturlash tili o‘zining darajasi va qo‘llash sohasiga ega. Ba’zi bir tillar bir necha xil soha masalalarini yechishda ishlatiladi. Bunday tillar universal tillar, deb ham ataladi. Paskal algoritmik tili ham universal til hisoblanadi. U dasturlashning asosiy tushunchalari va konstruksiyalarini o‘z ichiga olishi bilan birga, boshqa universal dasturlash tillariga qaraganda ancha sodda.
Paskal dasturlash tili bilan tanishish
Paskal tili shveysariyalik olim Niklas Virt tomonidan, talabalarga dasturlashni o‘rgatish vositasi sifatida 1969-yilda o‘ylab topilgan edi. Тilning nomi mashhur fransuz matematigi va faylasufi Blez Paskal (1623—1662) sharafiga qo‘yilgan.
Dastlab Paskal tili universitetlarda keng tarqaldi, ma’lum bir vaqtdan keyin har xil turdagi EHMlarda Paskal tili uchun o‘nlab translatorlar ishlab chiqildi. 1981-yilda Paskal tilining xalqaro standarti taklif etildi.
Paskalning 4.0 versiyasidayoq foydalanuvchilar o‘z qo‘l ostilariga, tizimdan chiqmasdan turib katta dasturlar tuzish va yaxshilash imkoniyatlari bo‘lgan, qulay tizim (dasturlar ishlab chiqishning yig‘ma muhiti)ga ega edilar. 5.5 versiyasining paydo bo‘lishi bilan Тurbo Paskalda obyektli dasturlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi. 6.0 versiyasida dastur matnlariga assemblerda yozilgan bo‘laklarni kiritish mumkin bo‘ldi. Bundan tashqari, yig‘ma muhit birmuncha o‘zgardi. Bu versiyaga, shuningdek, boshlang‘ich matnlar paketi (Turbo Vision) taklif etildi. Undan foydalanish natijasida tashqi jihatdan Borland firmasining dasturlar ishlab chiqarish yig‘ma muhitiga o‘xshash muloqot tizimlarini tez yaratish mumkin bo‘lib qoldi.
IBM PC turidagi shaxsiy kompyuterlarda ishlatiladigan Borland firmasining mahsuloti — Тurbo Paskal dasturlash tizimi hozirgi kunga kelib eng keng tarqalgan dasturlash tizimlaridan biriga aylandi. Bunga, bir tomondan Paskal dasturlash tili asosining soddaligi sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tilni mukammallashtirishga ko‘p kuch sarflagan Тurbo Paskalning yaratuvchisi Anders Xeylsberg rahbarligidagi Borland xodimlarining mehnati va mahorati sabab bo‘ldi. Тil murakkab bo‘lmagan hisoblash masalalarini yechishga mo‘ljallangan oddiy dasturlar tuzishdan tortib ma’lumotlar bazasini boshqaruvchi murakkab relatsion tizimlarni ishlab chiqarishgacha bo‘lgan har qanday masalani yecha oladigan qudratli zamonaviy professional dasturlash tizimiga aylandi. Windowsning va Windows muhitida dasturlar ishlab chiqish uchun Borland Pascal with Objects va Delphi instrumental vositalarining paydo bo‘lishi yana bir marta Тurbo Paskalning bitmas-tuganmas imkoniyatlarga ega ekanligini ko‘rsatdi. Borland Pascal ham, Delphida ishlatiluvchi Objects Pascal ham Тurbo Paskalga asoslanishadi va uning g‘oyalarini rivojlantirishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |