Islom va musiqa
Ma’lumki, Qur’oni Karimda musiqa san’atiga bo‘lgan munosabat to‘g‘ridan-to‘g‘ri
(ochiq) bildirilmagan. Musiqa mavzusi ko‘proq hadislarda yoritilgan. Musiqa
tarafdorlari va qarshilar aynan shu manbaga tayangan holda ish ko‘rishgan. Turli xil
ilmiy izlanishlardan shu narsa aniqlanadiki, musiqaga bo‘lgan qarshilikning ikkita
asosiy sababi mavjud. Har bir sabab ma’lum bir tarixiy davrga to‘g‘ri keladi va
siyosiy-mafkuraviy hamda madaniy rivojlanish bilan bog‘liq bo‘ladi. Dastlabki
musiqaga bo‘lgan qarshilik, VII-VIII asrlarga to‘g‘ri keladi. Islom dini xristianlik,
yahudiylik, zardushtiylikka nisbatan qarshiligi bo‘lmasa-da, o‘zining “ichki
dushmanlari” bo‘lmish “butparastlik”, “ko‘pxudolik”ka qarshi ayovsiz kurash olib
borgan. Ana shu “unsurlar” arablarda (Islom dini joriy bo‘lishidan avval) tovush,
so‘z, tasvir kabi materiallarda aks ettirilgandir. Masalan, musiqa butparastlar diniy
marosimlarida qo‘llanilib, ularning afsonalari bilan yo‘g‘rilgan. Mavjud
ma’lumotlar (ilmiy farazlar, taxminlar)ga ko‘ra aynan shu sababli Islom dini nozil
bo‘lganida musiqa man etilgan.
Islom dinida musiqaning ta’qiqlanishiga sabab, boshqa dinlarga o‘xshamaslik, ya’ni
islom ahlini musiqa bilan chalg‘itib, dinning ta’sir kuchini susaytirmaslikda edi.
Islom dini o‘z marosimlarini har qanday “dunyoviy unsurlar” bilan buzishdan
saqladi. Bu holat musiqadan voz kechishning ikkinchi sababidir. Musiqa man
etilishining ikkinchi sababiga “mutriblar” ham o‘z hissasini qo‘shishgan. Mutriblar,
ya’ni musiqachilar asosan ziyofatlarda, mayxo‘rliklarda qatnashib, musiqa
chalishgan (yoki kuylashgan) va evaziga haq olishgan. Bazmu-jamshiddagi musiqa
ijrosi din tomonidan qattiq qoralangan. Din bilan bog‘liq bo‘lgan, ya’ni Qur’oni
Karimni qiroat bilan o‘qish, azon chaqirish, harbiy musiqa kabilar esa qonuniy
ravishda ruxsat etilgan bo‘lib, musiqa san’atining shakllari sifatida tan olinardi.
Allomalardan biri Al-Faruqiyning ta’kidlashicha, “Islom hech qachon musiqa
san’atiga qarshi bo‘lmagan. Din faqat ayrim holatlardagina ma’lum bir shakllarni
qabul qilmagan. Bu holatlar insonga musiqaning salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan
bog‘liqdir”.
Qur’onni qiroat bilan o‘qish uchun “chiroyli ovoz” kerak bo‘lgan. Chiroyli ovoz
dindorlarni to‘lqinlantirgan va ular ovoz sohibiga yuqori baho berganlar. Xunuk
ovoz esa musulmonlar uchun talafot kabi bo‘lgan va eshak ovoziga qiyoslangan.
Qiroat qilish qonunlariga qattiq amal qilinganligi sababli Qur’oni Karimni o‘qish
san’at darajasiga ko‘tarildi. O‘rta asrlar manbalarida Qur’on o‘qish uchun ma’lum
maqom pardalaridan foydalanilganligi haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Azon
aytishda ham maqom pardalaridan foydalanilgan. Masalan, arab masjidlarining
birida azon har kuni har xil, Ushshoq, Rost, Segoh, Chorgoh va h.k. maqom
pardalarida chaqirilar ekan. Qur’on qiroatining musiqiy ohang matni hech qaysi
musulmon millatiga tegishli emas, deyish notug‘ri. Kuy, ohang matni aynan
arabchaga xos bo‘lgan. Ko‘plab musulmon xalqlarida diniy musiqaning janr
tizimlari ham mavjud bo‘lgan. Ularning ayrimlari diniy bayramlar bilan bog‘liq
bo‘lsa (Ramazon, Qurbon hayitlari va b.), ba’zilari insonning dunyoga kelishi va
ketishi munosabati bilan o‘tkaziluvchi marosimlar bilan bog‘liqdir. Mehnat va
maishiy jarayonlarni aks ettiruvchi marosimlar, Ollohga iltijo (munojot), falsafiy
o‘y-kechinmalar, diniy-ahloqiy pand-nasihatlar (hikmatlar, g‘azallar), hadislar ham
diniy janrlar tarkibiga kiritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |