66
Milliy uyg`onish, millatning o`zligini anglash jarayoni mazkur davr adabiyotining ruhi
va mazmunini tashkil qiladi. Millatning o`zligini anglash asos qilib olingan bu uyg`onish
davri bolalar adabiyoti va matbuoti uchun ham poydevor bo`loldi.
O‘zbek bolalar adabiyoti tarixi haqida fikr yuritilar ekan, uning ilk qadamlari XX asr
boshlarida yaratilgan alifbolar, adabiyot va o`qish kitoblaridan boshlanganini alohida qayd
etish lozim. Bolalar adabiyoti tom ma`noda ma`rifatparvarlikning farzandidir. Chunki
jadidchilikning
poydevori, tamal toshi usuli jadid maktabi bo`lgan. “Jadidchilik”ning
asosida “jadid” so`zi yotadi. “Jadid”ning ma`nosi “yangi”-“yangi tafakkur”, “yangi inson”,
“yangi avlod” singari keng ma`nolarni o`zida mujassam etgan. Istilohning kirib kelishi
Ismoilbek Gasprali (Gasprinskiy) ochgan yangi maktab nomi bilan bog`liq. U 1884 yilda
Boqchasaroyda bir maktab ochib, “usuli jadid” nomi bilan ataydi. Istilohning mazmuni
maktab
doirasida qolmagan, albatta. Aslida jamiyatning barcha qatlamlarini jalb etib,
Uyg`onish mafkurasi bo`lib xizmat qilgan; milliy mustaqillik uchun kurash olib borgan;
maorif va madaniyatni, matbuotni ijtimoiy-siyosiy maqsadlarga moslab chiqdi.
Ismoilbekning
Turkistonga kelib, Toshkent, Samarqand, Buxoroda bo`lishi uning
tashabbusi bilan bu shaharlarda, so`ngroq Farg`ona vodiysida “usuli jadid”
maktablari
tashkil topishi butun Turkistonda jadidchilik harakati ommaviylashuviga turtki bo`ldi.
Tezkorlik bilan uning uchun darsliklar tuzila boshlaydi. Ushbu maktablar uchun yozilgan
ilk darsliklar esa o`z navbatida, bolalar adabiyotiga yo`l ochdi. Jumladan, 1907-17-yillarda
Munavvarqorining “Adibi avval”, “Adibi soniy” darsliklari, Abdulla Avloniyning
“Adabiyot, yoxud milliy she`rlar” majmuasi, “Birinchi muallim”, “Maktab gulistoni”,
“Turkiy
guliston yoxud, axloq” Ayniyning “Tahzib us-sibyon”, Fitratning “O‘qu”,
Sh.Rahimiyning “Sovg`a”, “Kattalarga o`qish”, Hamzaning “Yengil adabiyot`, “Qiroat
kitobi” kabilar chop etilib, maktablarda o`qitilgan. Bu kitoblar, xususan, alifbodan so`ng
o`qitiladigan majmualar “bolalarning tabiatlariga milliy hasrat va nadomatlardan ibrat o`lan
nasihatlarni o`rnashdurmak orzusinda” (Avloniy) yaratilgan edi. Demak, aytish mumkinki,
ana shu darsliklar birinchi marta bola dunyoqarashi, qiziqishlari,
tafakkur olami hamda
yosh xususiyatlariga muvofiq yozilgan; ulardagi badiiy ijod namunalari ham kichkintoylar
tasavvuriga yaqin bo`lgan. Jadid adiblari va muallimlari ta`sirida ochilgan yangi usuldagi
maktablar bolalarni shunchaki xat tanishga o`rgatishga emas, ijtimoiy-siyosiy savodini
chiqarishda ham muhim rol o`ynagan. 1917 yil fevral voqealari arafasida Turkistonda 92 ta
usuli jadid maktabi borligi qayd etilgan. Binobarin, XX asr boshlarida “usuli savtiya”
maktablari paydo bo`lishi bilan bu maktablar o`quvchilariga mo`ljallangan ko`plab
alifbo
va o`qish kitoblari (majmualar) ham maydonga kelib, ularga tom ma`nodagi o`zbek bolalar
adabiyotining tug`ilishi deb qarash (R.Barakayev) to`g`ri e`tirofdir. Chindan-da, maktab
adabiyot darsliklari bolalar uchun yaratilgan ilk maxsus kitoblar sanaladi. Uning
sahifalarida badiiy adabiyot namunalari darj etilishi bu fikrni asoslay oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: