Monopoliya tushunchasi
Bozor iqtisodiyotida monopoliya raqobatga qarshi kuch sharoitida paydo
bo`ladi va u raqobat ta`siri sharoitini o`zgartiradi.
Monopoliya — bu bozorda yuzaga keladigan iqtisodiy hodisa bo`lib, unda
yirik sotuvchi yoki xaridorlar o`z iqtisodiy qudratiga suyanib, boshqa bozor
ishtirokchilariga hukmlarini o`tkazadilar. Bunda
monopolchilarning shaxsiy
manfaatiga asoslangan, ularning foydasini ko`zlagan shartlar qolgan barcha uchun
majburiy hisoblanadi. Bularga nisbatan boshqalar bozorga ta`sir o`tkazish kuchiga
ega bo`lmay, o`z manfaatlarini ko`zlash imkonidan mahrum bo`ladilar. Taklif hajmi
va bozordagi baho monopoliya tomonidan belgilanadi.
Monopoliya holati firmalarga juda qo`l keladi. Chunki xaridorlarga qaram
bo`lish, ularning didiga qarab ish tutish zaruratidan holi bo`linib, ularning talabiga
zid ish ko`rish imkoni tug`iladi. Agarda xaridorlar majburiy qo`yilgan
baholardan
norozi bo`lsalar, monopolchi ishlab chiqarishni qisqartirib, savdoga chiqadigan
tovar (xizmat)larni kamaytirishi mumkin. Bunda xaridorlarning mavjud yuqori
bahoni tan
olishdan boshqa iloji qolmaydi, albatta. Buning xaridorlarga qanday
ta`sir etishi, kam xarajatli oilalarning ahvoli og`irlashuvi bilan monopoliyaning ishi
bo`lmaydi. Monopolchilarni faqat bir narsa: yuqori foyda va katta daromad
qiziqtiradi.
Monopolcha bozorni boshqarishning turlicha foyda olish usullari mavjud
bo`lishiga qaramay, ularning hammasi jamiyat
uchun katta iqtisodiy zarar
keltirishini insoniyat o`z tarixida ko`rib o`tdi. Bu haqida keyinroq so`z yuritamiz.
Hozir tabiiy monopoliya haqida so`z yuritaylik. Jamiyatning normal talabiga mos
keladigan monopoliyalar ham bo`ladi. Bularni, albatta, iqtisodiyot siqib
chiqarmaydi va jamiyat ta`qiqlashni istamaydi. Masalan, firma noyob tovarlar
ishlab
chiqarsa, bunda eng yangi texnologiyani qo`llab, foydadan xoli bo`lmagan
holda past narxlarda sotish usulini qo`llab bozorni egallasa, buning yomon tomoni
yo`q. Tabiiy usulda yuzaga kelgan monopoliya qonuniy bo`lib, uni yo`q qilish
maqsadga muvofiq emas yoki iqtisodiy foy-dadan xoli emas.
Bunday monopoliyalar tabiiy boyliklardan foydalanish, transport,
aloqa yoki
kommunal xo`jalik tarmoqlarida bo`lishi mumkin. Masalan, juda noyob foydali
qazilma uchun bitta shaxta etarli bo`lib, ikkinchi raqibning keragi yo`q.
Shuningdek, aloqa shoxobchalari, gaz quvurlari kabilarni ko`rsatish mumkin.
Tabiiy monopoliya shunday holatni taqozo etadiki, bunda ob`ektiv
kuchlar
(tabiiy yoki texnik) sababli tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko`rsatish bir firma
qo`lida bo`lib, lekin bu jamiyat uchun foydali hisoblanadi. Buning oldini olib
bo`lmaydi, hatto zaruriyati ham yo`q. Ammo narx-navo bu monopoliyalar uchun
davlat tomonidan yoki mahalliy hokimiyat tomonidan belgilanish zaruriyati
tug`iladi.