www.ziyouz.com
kutubxonasi
77
nomidan so‘zlovchi... odamni qarang! Qayta quruvchilar xudoga shak keltirmasalar
ekan, xudoni tinch qo‘ysalar ekan. O’zi aytmoqchi, xudo bitta. Qayta quruvchi zoti bor...
o‘zini xudo fahmlaydi! Demokrat zoti bor... o‘zini xudo chog‘laydi! Yomondan-yomoni —
inson o‘z marazligini... toat-ibodat bilan niqoblab yashaydi. Inson o‘z ablahligini...
shariatpeshvolik bilan bekitib yashaydi. Inson o‘z haromiligini... xudoga e’tiqod qo‘yish
bilan yashirib yashaydi! Azal-azaldan shunday. Baloga qolgan... xudo, xudo!»
Dilya cho‘ntagidan narsa oldi. Minbarga bir quticha qo‘ydi.
— Mana, Mehnat shuhrati ordeni! — dedi. — Qaysi bir yili 8 mart bayrami munosabati
bilan berib edilar. Na iloj, men nodon olaveribman. O’ylamay-netmay, olaveribman. Men
ana shu yo‘l qo‘ygan xatom uchun siz azizlardan uzr so‘rayman! Men ana shu aybim
uchun siz yaxshilar oldida o‘zimni gunohkor deb bilaman! Qizil sovet hukumatining
o‘ziday qizil ordenini qabul qilib olganim uchun... men siz ulug‘lar oldida uyatliman,
uyatli! Qizil hukumatning qizil ordenini ko‘ksimda taqib yurganim uchun... meni
kechiring, mo‘min-musulmonlar, meni kechiring!
Dilya lablarini burdi. Ko‘zlarini ro‘molcha bilan artdi. Ro‘molchani og‘iz-burniga bosib...
bosh egdi! Ana shunda... yelkalari bilinar-bilinmas titradi. Dilya... yig‘ladi! Dilya yig‘ladi!
Buzuqi qarisa-da, g‘amzasi qarimas, bo‘ldi!
Botir firqa ana shunda tushundi. Hang-mang bo‘ldi. Alang-jalang bo‘ldi. Olazarak bo‘ldi.
Sarosima bilan... ordeniga qaradi! Keyin, minbarga qaradi.
Dilya yuz-ko‘zini artdi. Og‘iz-burnini artdi. Yanada dadil so‘zladi:
— Qizil kommunistlar orden-medalini olib kelib... mana shu yerga qo‘ysin! — deya,
minbarni mushtladi.
— Qanaqa orden? Qanaqa kommunist? — zaldan luqma tushdi.
Dilya... minbarni mushtlab-mushtlab aytdi:
— Sobiq partiya-sovet chinovniklari! Yetmish yil xalq qonini so‘rib, evaziga qo‘sha-
qo‘sha ordenlar olgan qizil partokratlar! Paxta yakkahokimligini o‘rnatib, Orolni quritib
yuborgan qizil partnomenklaturachilar! Ana, kimlar ordenini olib kelib topshirishi kerak!
Ana shunda, Botir firqani chap ko‘ksida... og‘riq qo‘zg‘oldi. Ko‘krak osti sanchdi. Ko‘krak
osti siqildi.
U siqilish joy usti — ordeniga kaftini qo‘ydi. Ordenini ushlab qo‘zg‘oldi. Ordenini ushlab
yurdi. Qator oralab yurdi.
Qo‘li ko‘ksida ketajak Botir firqani kuzatmish o‘ng qatordagilar... firqa biz bilan qo‘lini
ko‘ksiga qo‘yib, xayrlashyapti, deya o‘yladi. Ular-da... qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Xayr, otaxon, xayr, — dedi.
Chap qatorda o‘tirmish yosh-yosh yigitlar Botir firqani qo‘li ko‘ksida — ordenida ekanini
ko‘rib... piq-piq kuldi! Pichir-pichir etdi:
— Qara, Qizil ketdi, Qizil.
— Qizillarni ust-boshiyam... sovetskiy!
— Ordenini mahkam ushlab olishini qara.
— Ordenimni tortib oladi, deb qo‘rqyapti.
— Bechora qizillarni orden-medalidan boshqa narsasiyam yo‘q.
Botir firqa zinapoyadan qo‘lini ordeni — ko‘ksiga qo‘yib tushdi.
Eshikog‘a oldidan qo‘lini ordeni — ko‘ksiga qo‘yib o‘tdi.
Eshikog‘a-da qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, xayr-ma’zur etdi.
Botir firqa bir amallab tashqariladi. Yo‘lga tushib oldi.
Yo‘l bo‘yi gullarga qarab entikdi. Ko‘m-ko‘k daraxtlarga qarab entiqdi. Shoxlarda
chug‘ur-chug‘ur etmish qushlarga quloq solib entikdi.
Og‘ir-og‘ir nafas oldi. Chuqur-chuqur nafas oldi.
Nihoyat... yuragi qo‘yib yubordi! Yuragi ozod ham vazmin bo‘ldi.
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |