IMMUNITET JARAYONLARINING MORFOLOGIK ASOSLARI Keyingi 15–20 yil ichida immunologiya fani jadal taraqqiy etdi. Faoliyati bo`yicha bir-
biridan keskin farq qiluvchi T- va B- limfotsitlarning topilishi, immun-himoya jarayonlarida
mikromuhit hujayralarining salmoqli roli borligining aniqlanishi hamda bu jarayonlarni
boshqarishda ishtirok etuvchi moddalarning ochilishi immunitet to`g`risidagi tushunchalarni
tubdan o`zgartirdi. Klassik immunologiyaning asoschilari bo`lib Lui Paster va I. I. Mechnikovlar
hisoblanadi. Bundan 30–40 yil avval klassik immunologiya organizmni faqat har xil yuqumli
kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroblar va viruslardan himoya qilish mexanizmlarini
o`rganish bilan cheklandi. Boshqacha qilib aytganda, immunologiya deganda tor doiradagi
infeksiya immuniteti tushunib kelindi. Hozirgi zamon immunologiyasi nazariy va amaliy
meditsinaning barcha sohalariga taalluqlidir. Bejiz emaski, u hozir turli xil kasalliklarda kuza-
tiladigan immunitet yetishmovchiligini (immunodefitsitlarni) aniqlash va davolashda, har xil
a’zolarni (yurak, buyrak, jigar va boshqalarni) ko`chirib o`tkazishda (transplantatsiya qilishda)
tug`iladigan muammolarni
yechishda ham keng qo`llanilmoqda. Immunologiyaning
rivojlanishida – akademik P. B. Petrov hamda jumhuriyatimiz vakili professor P. M. Haitov va
ularning shogirdlari qo`shgan hissalari juda katta. Immunitet jarayonlarida ishtirok etuvchi
hujayralarning kelib chiqishi, tuzilishi, faoliyati hamda o`zaro muloqotda bo`lishini o`rganuvchi
fan endilikda o`zida gistologiya va immunologiya elementlarini mujassamlashtirgan bo`lib, uni
immunomorfologiya deb atash rasm bo`ldi. Bu fan oldiga qo`yilgan asosiy vazifalardan biri –
organizmda kechadigan immun-himoya jarayonlarini ta’minlaydigan tuzilmalarni hujayra,
to`qima, a’zolar va yagona sistema sohasida tadqiq qilishdir. Immunomorfologiyaning
rivojlanishiga ittifoqimiz olimlari katta hissa qo`shmoqdalar. Bu o`rinda moskvalik olimlar –
akademik M. R. Sapinni, professor N. A. Yurinani va Toshkent meditsina institutining
gistologiya kafedrasi kollektivini ko`rsatib o`tish mumkin. Masalan, 1987 yili Toshkentda chop
etilgan akademik K. A. Zufarov va professor K. R. To`xtayev qalamiga mansub «Immun sistema
a’zolari» kitobi immunomorfologiya bo`yicha ilk asarlardan hisoblanadi. Ushbu bo`lim ko`p
jihatdan ana shu kitobda berilgan dalillar asosida yozilgan.