O‘z-O‘zini nazorat qilish savollari
1. Sport faoliyatida irodaviy zo‘r berishlar deganda nimani tushunasiz?
2. Sport faoliyatingizdagi muskullar zo‘riqishidagi irodaviy zo‘r berishning
o‘ziga hos jihatlarini ochib bering?
3. Diqqatni zo‘riqishidagi irodaviy zo‘r berishni yoritib bering.
4. Tanlangan sport turingizdagi holdan toyish va charchoq hissini yengish bilan
bog‘liq irodaviy zo‘r berishlarni izohlab bering?
5. Kun tartibiga rioya etish bilan bog‘liq irodaviy zo‘r berishlar deganda nimani
tushunasiz?
6. Xavf-xatar va tavakkalni yengib o‘tish bilan bog‘liq irodaviy zo‘r berishni
ta’riflang.
7. Tanlangan sport turida paydo bo‘ladigan irodaviy zo‘r berishlar tavsiflang?
20-MAVZU. Sportdagi hissiy-emotsional kechinmalarning xususiyatlari.
Reja:
1. Sport faoliyatidagi kuchli va yorqin emotsional kechinmalar
2. Sportdagi xissiy emotsional kechinmalarning xususiyatlari.
Sport faoliyati kuchli va yorqin emotsional kechinmalari bilan ajralib turadi.
Sportni his tuyg‘ularsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Sport faoliyatining kuchli his
tuyg‘ularga boyligi, ularning emotsional jozibadorligi - bu sportning inson
shaxsiyatiga ijobiy ta’sir qilishidagi eng muhim shartlardan biridir. Ammo
sportdagi emotsional kechinmalar boshqa his−tuyg‘ular kabi stenik yoki astenik
bo‘lishi, ular insonning tabiiy jarayondagi xatti-harakatlariga ham ijobiy ham,
salbiy ta’sir etishi mumkin.
Sport faoliyati jarayonlarida namoyon bo‘ladigan ko‘plab hilma hil his
tuyg‘ular orasida quyidagilarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin:
1. Sport mashg‘ulotlari jarayonida organizmning hayot faoliyatida yuz
beruvchi katta o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan emotsional kechinmalar. Sport
mashg‘ulotlari uchun hos bo‘lgan va uning asosiy jihatlaridan biri bo‘lgan
mushaklarning kuchli faolligi me’yorida kechsa, unga doimo o‘ziga hos ko‘tarinki
kayfiyat hamroh bo‘ladi (harakatlarning o‘ta chaqqonligi, nutqdagi ortiqcha baland
parvozlik va hokazolar) shuningdek, bunday holatlarda kishida serg‘ayratlik,
hayotdan hushnudlik kayfiyati ustuvor bo‘ladi. Ba’zan mashqlardan o‘ta zo‘riqqan
holatda ayni shunday mushaklarning faolligi sportchida astenik his -tuyg‘ularni,
ya’ni: sillaning qurishi, norozilik va hokazolarni uyg‘otishi mumkin.
2. Texnik jihatdan o‘ta murakkab, qiyin va havfli jismoniy mashqlarni yuqori
darajadagi mukamalligi bilan bog‘liq emotsional kechinmalar. Ushbu histuyg‘ular
organizmning umumiy ish qobiliyati yuqori darajada ekanligini ifodalab,
mazkur harakatni bajarishda erishilgan yutuqdan lazzatlanish va bu orqali sportchi
ongida o‘z shaxsining boshqalardan ustun ekanligini his etish tuyg‘ularini aks
ettiradi. Albatta o‘zingni kuchli, chaqqon, jasur, qo‘rqmas, chidamli, o‘z kuchiga
ishongan, hamda har kim ham bajara olmaydigan qiyin mashqlarni bajarishga
qodir deb his etish kishi uchun yoqimli. Bu tuyg‘ular sportchining katta
qiyinchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan katta irodaviy kuch ko‘rsata olish
qobiliyati bilan taqqoslanadi. Bu esa sportchi xarakteridagi asosiy fazilat
hisoblanib unga ko‘ra sportchining faqat o‘zi emas, balki uning tevarak
atrofidagilar ham uning shaxsiy fazilatlariga baho beradilar. Shu o‘rinda juda katta
irodaviy matonatni talab etuvchi sport vazifalarini muvaffaqiyatli hal etgan
sportchi nafaqat o‘zgalarning ko‘z o‘ngida, balki o‘zining ko‘z o‘ngida ham
nihoyatda ulg‘ayishini ta’kidlash zarur.
Aksincha, sport mashg‘ulotlarida ba’zan yuz berib turadigan jarohat olish, lat
yeyish, qiyin mashqlarni bajarish paytida yuz beradigan omadsizliklar, albatta,
sportchilarda astenik (salbiy) emotsional tuyg‘ularni keltirib chiqaradi: masalan,
o‘ziga ishonchsizlik, qo‘rquv, tormozlanish va hokazolarni keltirish mumkin.
Havfli jismoniy mashqlarni bajarish chog‘ida sportchilar his etadigan stenik (ijobiy)
his-tuyg‘ularga asosan sport harakatlarini qiyin sharoitlarda bajarishdan paydo
bo‘ladigan qo‘rquv hissini yengish asosiy omil bo‘lib hizmat qiladi. Yuqori
darajadagi sport tehnikasiga ega tajribali sportchida havf-hatarni sezish va unga
yondosh bo‘lgan qo‘rquv hissi uning xatti-harakatlarini izdan chiqarmaydi,
aksincha unga havf-hatarni yengib o‘tishga yo‘naltirilgan sezilarli darajadagi
kuchquvvat baxsh etadi. Bunday paytlarda sportchida takror va takror ravishda
tavakkal hissini boshdan kechirish ishtiyoqi paydo bo‘ladi. Zero, bunday tavakkal
hissiyoti sportchiga o‘ziga hos qoniqish va huzur bag‘ishlaydi. Sababi, bu tuyg‘uni
sportchi o‘zining havfli to‘siqni yengib o‘tishga qodir bo‘lgan qobiliyati va kuchiga
ishonish, uni anglab yetish tuyg‘ulari bilan birga parallel ravishda boshdan
kechiradi.
3. Sport kurashlarining borishi bilan bog‘liq bo‘lgan emotsional kechinmalar.
Ushbu his-tuyg‘ular nihoyatda kuchli hayajonli tarzda kechib, unda sportchilarning
g‘alaba qozonishga yoki eng yuqori sport natijalarini ko‘rsatishga yo‘naltirilgan
ulkan intilishlari, xatti-harakatlari ifodalanadi. Ushbu emotsional his-tuyg‘ular o‘z
sur’ati bilan odamning oddiy kundalik hayotida kechiriladigan his-tuyg‘ularidan
ancha balandroq va kuchliroq ta’sirga egadir. Ko‘pgina hollarda ular emotsional
his-tuyg‘ularning o‘ziga hos ifodasi tarzida sportchi mimikasida ham o‘z ifodasini
topadi. Sportga oid kurashlar jarayonida eng mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli
hal etilgan paytda (masalan, raqiblar darvozasiga to‘p urilganda) g‘alabaga hos
emotsional kechinmalar o‘zining eng yuqori darajasiga, ya’ni shodlik,
hursandchilik affekti darajasiga yetishi mumkin. Mag‘lubiyat yuz berganida esa
sportchilarda o‘zini yo‘qotib qo‘yish, holsizlik va o‘ziga ishonchsizlik paydo
bo‘ladi. Sport musobaqalari davridagi emotsional holatlar aksariyat hollarda kuchli
hayajonlanish bilan xarakterlanib, ularni ba’zan “Sport jahldorligi” deb ham
nomlashadi. Bunday holat nihoyatda katta harakatlantiruvchi kuch ahamiyatiga
egadir; bunday holatda sportchi o‘zida ulkan kuchni his qiladi, ayni paytda
charchoqni mutlaqo unutadi, uning barcha psixik jarayonlari o‘ta keskinlashadi.
Sportchida tezkorlik va kuchni talab etuvchi reaksiyalar qobiliyati nomoyon bo‘ladi.
4. Estetik hissiyotlar. Aksariyat hollarda estetik his-tuyg‘ular jismoniy
mashqlarni mukammal bajarishni ifodalovchi harakatlar ritmini, ularning shakl
go‘zalliklarini va boshqa tomonlarini idrok etish bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu tuyg‘ular
gimnastika, konkida figurali uchish va shu kabi boshqa sport turlarida yuzaga
keladi. Sport mashg‘ulotlari yoki musobaqalari bo‘lib o‘tayotgan tashqi
shartsharoitlarni idrok etish tufayli tug‘iladigan his-tuyg‘ular ham katta estetik
ahamiyatga molikdir. Musobaqalarning tantanavorligi, musobaqa joylarining
tashqi tomondan juda go‘zal qilib bezatilishi, ishtirokchilarning barchasi kiyib
olgan bir hil sport kiyimlari, yuzlab, minglab tomoshabinlarning ishtirok etishi,
ularning sportchilarga ko‘rsatayotgan diqqat e’tibori, hurmat, ehtirom va
qiziqishlari – bularning barchasi musobaqa ishtirokchilarida nihoyatda yuqori
emotsional holatni yuzaga keltirib, ularda muvaffaqiyat qozonish, o‘zlarining sport
tayyorgarligini eng yaxshi tomondan ko‘rsatish xohishining tug‘ilishiga asos
yaratadi. Agar sport musobaqalarining tashqi jihatlari u qadar e’tiborga molik
bo‘lmasa, tashkiliy jihatdan ko‘tarinki ruh, tantanavorlik sezilmasa, bu sportchida
astenik (salbiy) emotsional kechinmalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
5. Ma’naviy his-tuyg‘ular. Bu his-tuyg‘ular sportchi tomonidan o‘z
faoliyatining ijtimoiy ahamiyatini chuqur anglashi bilan bog‘liqdir (sport
musobaqasidagi o‘z g‘alabasi yoki muvaffaqiyatsizligi uchun jamoa oldidagi
javobgarlik, faxr his-tuyg‘usi va hokazolar). Ushbu ma’naviy his-tuyg‘ular
qiyinchiliklarni yengib o‘tishda sportchi uchun barcha kuch-g‘ayratini safarbar
etishda eng kuchli rag‘batlantiruvchi omil hisoblanadi. Sportga oid kurashlarning
natijasi aksariyat hollarda sportchining ma’naviy his-tuyg‘ulari va intilishlariga
bog‘liq bo‘ladi. Jamoa oldidagi mas’uliyat hissi ham bunda katta yordam beradi.
Bunday his–tuyg‘uga ega bo‘lgan sportchi hech qachon o‘z jamoasining
manfaatlari uchun kurashdan, garchi bu kurash qanchalar qiyin va xavfli
bo‘lmasin, bo‘yin tovlamaydi.
Shunday qilib, sport faoliyati uchun quyidagi jihatlar hosdir:
a) sportchining shaxsiyatini chuqur qamrab oluvchi va uning faoliyatiga
nihoyatda ulkan ta’sir ko‘rsatuvchi yorqin va kuchli emotsional kechinmalar; ayni
paytda bu sportchidan o‘z his-tuyg‘ularini boshqara olish va ulardan astenik
xarakterga ega bo‘lgan emotsiyalarga qarshi kurasha bilish qobiliyatini ham talab
etadi;
b) emotsional his-tuyg‘ular o‘z sifatiga, turiga ko‘ra hilma-hildir. Ular orasida
oddiy muskul faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan jismoniy tuyg‘ulardan to sport jamoasini
yagona yahlit bir oilaga birlashtiruvchi umumiy manfaatlar asosida yotgan
ma’naviy tuyg‘ularigacha bor;
v) sport musobaqalari chog‘ida emotsional holatlarning o‘zgaruvchanligi, juda
tez fursatda tamoman bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan bir tuyg‘udan boshqa
tuyg‘ularga o‘tib ketish hollari kuzatiladi. Bunga sport musobaqalarining o‘zi ham
ana shunday o‘zgaruvchan ekanligi sabab bo‘ladi. Chunki musobaqalar ham o‘ta
jadal sur’atlarda o‘tib, ba’zan ularda mag‘lublikdan g‘oliblikka, g‘oliblikdan
mag‘lublikka o‘tishlar va hokazo kutilmagan vaziyatlar ham sodir bo‘ladi.
(P.A.Rudik).
Do'stlaringiz bilan baham: |