Stantsiya suv bilan ta’minlanishi uchun shahar, qishloq suv o’tkazish kommunal tizimiga ulanishi
yoki mustaqil suv ta’minotiga ega bo’lishi, ya’ni yer osti suvlarini artezian quduq nasoslari orqali tortib
foydalanishi mumkin. Ba’zi hollarda bu usullarning barchasidan birdaniga foydalaniladi.
Korxona kommunal suv o’tkazish tarmog’idan foydalanadigan bo’lsa chiqishi mumkin bo’lgan
yong’inlarni o’chirish uchun 50 m3 hajmdagi maxsus inshoot qurilib unda zahira suvi saqlanadi. CHunki
tarmoqdagi suv bosimi yong’inni tez o’chirishga imkon bermaydi, kamlik qiladi. Yer osti suvlaridan va
suv o’tkazish tarmog’idan foydalanish uchun maxsus suv saqlash minorasi quriladi va unga avtomatik
rejimda ishlovchi gidronasoslar yordamida suv haydaladi. Bu holda insonlar iste’moli uchun
ishlatiladigan suv zahirasini tashkil etishda maxsus sanitariya–gigiena qoidalariga rioya etish talab etiladi.
Minoraga xaydalgan suvdan zahira xavzasi to’ldiriladi, qolgan qismi iste’molchilarga quvurlar orqali
tarqatiladi. Tarmoqning bir qismiga suv sarfini o’lchovchi hisoblagich o’rnatiladi. SHuni ta’kidlash
zarurki, shahar kommunal suv tarmog’idan foydalanilganda uning sifati kafolatlanadi, yer osti suvlar
sifatini esa doimo nazorat qilib turish talab etiladi, ayniqsa inson iste’moli uchun ishlatiladigan qismi
maxsus me’yoriy talablarga mos bo’lishi shart.
Avtomobillarni yuvish postidan chiqayotgan oqova suv kanalizatsiya tizimini, suv havzalarini va
atrof muhitni ifloslamasligi uchun maxsus “suv separator”idan o’tkaziladi. Separatorning bakidan suv-
oqova tarmog’iga yoki boshqa suv havzalariga, kanal (ariq)larga tashlanayotgan suv barcha iflosliklardan
(shu jumladan moy mahsulotlaridan) toza bo’lishi kerak. Separator kamida uchta bakdan iborat bo’ladi.
Oqova suv ketma-ket separator baklaridan o’tish jarayonida suv tarkibidagi loy va boshqa qattiq og’ir
zarrachalar (yuvish mahsulotlari) baklar tubiga cho’kib yig’iladi. Xuddi shunday moy mahsulotlari
solishtirma og’irligi kichik bo’lgani uchun (aralashma uchun o’rtacha 0,85) baklardagi suvning ustki
qismiga qalqib chiqib maxsus idishlarda yig’iladi.
Separator baklarida to’planadigan loyqa vaqti-vaqti bilan tozalab turiladi. Idishda to’plangan loy,
quvurdan bunkerga (avtomashinaga yuklab, jo’natish uchun) tushiriladi. ASK markazlashgan tartibda suv
manbai bilan ta’minlanmagan hollarda va tashqi muhitni muhofaza qilish maqsadida, avtomobilni
yuvishdan chiqqan suv tozalanib, undan qayta foydalanish mumkin. Buning uchun foydalanilgan suv
tozalash qurilmalari qo’llanadi. Bunday qurilmalar asosan aralashmagan zarrachalar: qumlar va neft
mahsulotlarini tozalashga asoslangan.
Do'stlaringiz bilan baham: