5.5. Opsionlar mohiyati va qoʻllanilishi Opsion kelishilgan muddat davomida maʻlum bir mukofot summasi hisobiga
belgilangan miqdordagi tovarlar yoki moliyaviy instrumentlarni belgilangan
(kelishilgan) narx boʻyicha sotib olish yoki sotish huquqini beruvchi bitimni oʻzida
aks ettiradi. Bundan koʻrinib turibdiki, opsionlarning ikkita asosiy turi amal qiladi.
Yaʻni xarid qilish boʻyicha opsion (
option call ) kelajakda bitimda belgilangan
shartlarda bazis aktivini sotib olish huquqini bersa, sotish boʻyicha opsion (
option put ) oʻz egasiga kelajakda bazis aktivini bitim shartlariga muvofiq sotish huquqini
beradi. Bitimda qayd etilgan bazaviy aktivlar bahosi opsionning ijro etilish
(bajarilish) bahosi (
strike price ) deb ataladi. Bitimda kelishilgan sana bitim
muddatining tugash sanasi (
expiration date ) yoki toʻlov muddati (
maturity ) deb
ataladi. Opsion bitimini amalga oshirish stiliga koʻra Amerika opsioni va
Yevropa opsioniga boʻlinadi. Amerika opsion (American option)lari ular amal
qilish muddatining tugaguniga qadar istalgan paytda bajarilishi mumkin. Yevropa
opsion (European option)lari esa ularning tugash muddatiga kelibgina amalga
oshirilishi mumkin. Opsionlar birjada va birjadan tashqarida kotirovkalanadi.
Fond birjalarida aksariyat holatlarda kotirovkalanadigan opsionlar boʻyicha bitta
opsion bitimining predmeti sifatida 100 ta aksiyani sotib olish yoki sotish olinadi.
Alohida qayd etib oʻtish kerakki, opsionlar uning egasiga maʻlum bir
faoliyatni amalga oshirish huquqini beradi va hech qanday majburiyatni
yuklamaydi. Yaʻni opsionlar bazaviy aktivlarni sotish yoki sotib olish
majburiyatini yuklovchi forvard va fyuchers shartnomalaridan oʻzaro farqlanadi.
Shuningdek, eʻtibor qaratiladigan yana bir jihat borki, forvard va fyuchers
shartnomalarini tuzish hech qanday xarajat talab qilmaydi, opsionlar boʻyicha esa
toʻlov amalga oshirilishi shart. Bu toʻlov opsion boʻyicha mukofot deb ataladi.
Dunyodagi eng katta opsion birjasi sifatida Chikago opsion birjasi (CBOE –
Chicago Board of Options Exchange, www.cboe.com) faoliyat yuritadi. 1973-yilda
mazkur opsion birjasida birinchi marta opsion bitimi tuzilganligini ham taʻkidlash
lozim.
Quyidagi jadvalda 2013-yil 29-mayda savdolarning yopilish vaqtida qayd
etilgan Intel kompaniyasi aksiyalariga amerika opsionlari bahosi keltirilgan (14-
jadval). Opsionlarning amal qilish muddatlari iyunda, iyulda va oktyabrda tugaydi.
Iyundagi opsionlar 2013-yil 21-iyungacha, iyuldagi 2013-yil 19-iyulgacha,
oktyabrdagi esa 2013-yil 18-oktyabrgacha amal qiladi. 2013-yil 29-mayda
savdolarning yopilish vaqtida Intel kompaniyasi aksiyalari bahosi 20,83 dollarga
teng.