17. JIZZAX QO’ZG’OLONI
Bir kun Islom Karimovning nomiga yozilgan shikoyatni Kraynov “Siz ko’rib chiqar ekansiz”, deb
menga berdi. Keyin Karimovning huzuriga kirganimda u:
-Yaxshilab ko’rib chiqing-chi, orqasida nima gap bor? Bu eshak Tursunov ham jonga tegdi.
Ablahning burnini yerga ishqalamoq kerak!- dedi.
Avval jizzaxlik deputat Meli Qobilovga sim qoqdim:
-Yuzdan ziyod oqsoqol imzo chekkan shikoyat bor. Shuni tekshirishda sizdan yordam olmoqchi
edim,-dedim.
-Nima haqda yozishgan ekan? -deb so’radi Meli aka.
-Tursunov haqida,- deya javob berar ekanman, ko’nglimdan o’tgan savolni ham so’ray qoldim. -
Nega viloyat rahbari haqida nafaqaxo’r oqsoqollar yozib yurishibdi? Yana bir emas, yuzdan ziyod
kishi imzolagan. Buning ustiga ular bu xatni olib, prezident devoniga kelishgan ekan.
-Jahongirjon, ovora bo’lmang, kalavaning uchi Karimovning o’ziga borib taqaladi. Mening
huzurimga ham o’nlab jabrdiydalar keldilar. Tekshirdim, tekshirtirdim shikoyatlari to’g’ri. Keyin
jumhuriyat prokraturasi, Xalq nazorati qo’mitasi, Oliy kengash hay’atiga chiqdim. Oqibat nima
bo’ldi, hozir o’zimni kuzatib yurishibdi. Meni sessiyada “sayratgan”, nomimni shikoyatchiga
chiqargan ham shu masala. Avvaliga sotib olishga urinishdi, keyin qo’rqitishdi, bu ham ishlariga
yaramadi, so’ngra oldingi ish joyimdan “Buning aqli erida emas, shu bois haydalgan” degan hujjat
qildirib, gazetaga yozishdi.
-Ha, Oliy kengash sessiyasida gapirganingiz shu masala edimi? U erda sizni viloyat kengashi
majlisidan haydab chiqarishganini aytgandingiz, shekilli?
-Bilasiz, men viloyat kengashining ham deputatiman, shu bois masalani oldin shu kengashda
ko’tarib chiqdim. Lekin gapirtirishmadi. Agar orqalarida Karimovning o’zi turmaganida arqoni
uzilgan ho’kizdek harakat qilmagan bo’lishardi.
-Prezident bilan gaplashdim, bu masalani oxiriga etkazishimni so’rayapti-ku?!
-Unday bo’lsa jumhuriyatdagi barcha huquqni himoya qiluvchi idoralardan mutaxassislar olish
kerak. Agar bu ishni bir o’zingiz tekshiradigan bo’lsangiz, sotib olishga harakat qilishadi, sotib
ololmasalar “sakkizta mashina” so’raganga chiqib qolasiz.
-Sakkizta mashina deganingiz nima?
-Xabaringiz yo’qmi, viloyat rahbarlari menga pora uchun sakkizta mashina so’radi, deya tuhmat
qilishdi. Hozir izimga xavfsizlik xizmatidan poyloqchi qo’yishgan, qarindosh urug’larimni ham
bir-bir elakdan o’tkazishmoqda.
-Sizdan yordam olaman desam, o’zingiz yordamga muhtoj ekansiz-ku?-dedim Meli Qobilovga.
Haqiqatdan ham Jizzax masalasi tobora chigallashib borardi. Kimga murojaat qilmayin, yo
tekshirishda ishtirok etishdan voz kechardi yoki xastalanib qolardi, yoxud boshqa bir muammo
o’rtaga chiqardi. Xullas, Devondan, Oliy kengash rayosatidan va huquq idoralaridan vakillar olib,
o’zim Jizzaxga bordim. Viloyat rahbarlarini Oliy kengash majlislarida ko’rganim uchun uzoqdan
tanirdim. Jizzaxga kelgandan so’ng ularni darrov “kashf” etib qo’ya qoldim. Viloyatning birinchi
rahbari Tursunov:
-Uka, men bu yerga boshqa viloyatdan kelganman, ijroqom raisi Olimov boshchiligida bir
guruhning tuhmati ostida qoldim. Ular viloyatni so’mirishmoqda. Men esa yo’llariga
to’g’anoqman, mahalliychilik qilishayapti, – dedi.
Ijroqo’m raisi Olimov esa:
-Uka, “birinchi”miz asli boshqa viloyatdan. Bu yerga ham asosan o’z viloyatidan bo’lganlarni
olib kelib, masalani chigallashtirdi. Islom aka bilan bu masalani gaplashdim. Hujjatlarni tayyorla,
uni yo’qotamiz, deb aytdilar,- dedi.
Avvaliga bu masala ikki rahbarning o’zaro kurashi manzarasini kasb etdi.
Birinchi kotibning ko’p gaplariga ishonmasam-da mahalliychilik to’g’risidagi so’zlariga
ishondim. Bu bizga qo’ndoqda tekkan illat. Bir ariq naryog’dan kelgan rahbarni ham begona
hisoblaymiz. U suv keltirsa ham, o’zimizdan chiqqan ko’zani sindirsada o’zimiznikini qo’llaymiz.
Buning ustiga o’sha rahbar kelgan joydagilarni ham dushman hisoblay boshlaymiz. Rashidov
paytida jizzaxliklar shu kuyga tushgan bo’lsalar, hozir samarqandliklarga dushman ko’zi bilan
qaraydigan bo’lib qolishgan. Vaholanki, Rashidov paytida eng rivojlanmay qolgan joy Jizzax edi.
Mana endi Karimov paytida Samarqand e’tibordan chetda. Bobolarimiz buyuk imperatorliklar
qurganlar, ilm sirlarini ochganlar, yulduzlarga yo’l topganlar, lekin mahalliychilikka kelganda dar
qolganlar. Nahotki bu millatimizning qonida bor?!
Talabalik yillari “Surqash”, “Sambux”, “Fan” kabi nomlar bo’lardi. Bu talabalarning qaysi
mintaqadan kelganini bildiruvchi “parol” edi. Keyinchalik poytaxtda ishlar ekanman, radioda
keksa jurnalist Zayniddin aka menga “Kelgindi” deganida yuragimning bir parchasi uzilib
tushgandek bo’lgandi.
Biz qachon ana shu xastalikni enga olsak, o’shanda katta millatga va katta davlatga aylanamiz.
Aks taqdirda chumolidek, inimizning boshida uymalab, puch qobig’ni orqalab, u yoqdan bu yoqqa
tashib yuraveramiz.
Hatto bir tumanga borsang ham, bir qishloqqa borsang ham mahalliychilik ilon kabi oyog’ing
ostidan chiqadi.
Mana bular esa mahalliychilikning ildizini yashnatishadi-da, keyin o’zlari shikoyatchi bo’lishadi.
Xayolimdan “yilt” etib o’tgan bu fikrni tahlil tarozisiga qo’yishni boshqa paytga “otdim”-da
Tursunovga:
-Bo’lishi mumkin,-dedim, -Lekin ana bu iddaolarni oxiriga qadar tekshirishimiz kerak. Ba’zilari
allaqachon tasdiqlandi. Masalan, go’sht kombinatiga jinoyatchilik qilgan, o’n yil hukm olgan va
qamoqdan qochgan uzoq qarindoshingizni mudir qilib qo’yibsiz yoki davlat hisobiga bo’lgan
bolalar bog’chasi binosini yosh bir qizga hovli qilib beribsiz…
Tursunov o’rnidan turib, qizarib-bo’zargancha bir nimalar demoqchi bo’ldi, lekin tili aylanmadi.
Xonada u yoqdan bu yoqqa bir-ikki borib keldi-da, qarshimda o’tirib:
-Narxini oshirib yuborayapsiz. Ko’nglingizdagini ayting!-dedi.
Boshimga yashin tushgandek bo’ldi.
-Sizni tushunmadim, nima deyapsiz o’zi?-deya oldim.
-Men o’g’il bolacha gapirishni yaxshi ko’raman. Bu ishga nuqta qo’yaylik. O’sha nuqtaning
bahosini aytib qo’ya qoling,-dedi u.
Uzoq yil gazetada ishlaganim va turli odamlar bilan ro’baro’ bo’lganim uchun o’zimni tutib
qoldim. Tursunovga qarab jilmaygancha o’rnimdan turdim va:
-Nuqtani xalq qo’yadi,- dedim kinoya bilan.
-Unday bo’lsa, siz vergul bilan bitirasiz ishingizni va o’zingiz ham vergulga aylanib qolasiz,-dedi
zaharxanda jilmayish bilan Tursunov.-Majlisda Islom akaga qarshi gapirganingiz unutildi, deb
o’ylaysiz-mi?
Aslida rasmiyatchilik uchun u bilan uchrashgandim. Uning haqoratomuz gaplariga keskin javob
qilmadim, deya o’zimni koyiy boshladim.
Avvaliga u bilan nega uchrashdim, deya o’zimni qiynadim. So’ngra hech bo’lmasa uning kimligini
o’rgandim, deb ovundim. Tursunov kabi rahbarlar bilan ko’p uchrashganman, lekin bunday
bezbetiga ilk bor ro’baro’ keldim. U bunday tavri bilan o’zini ko’rsatmoqchi bo’ldimi yoki
orqasida katta tog’ borligiga ishora qildimi? Agar Karimov bilan oralarida bulbul sayrasa, nega
Karimov uni bu qadar haqorat yetti? Axir Karimovning o’z qardoshiga ham ishonmasligini, hatto
bilmasdan oyog’ini bosib qo’ysa, sevgan do’stidan ham kechib yuborishini nahotki bilmasa? Yo’q,
biladi, buning ahvoli joni uzilayotgan odamni eslatadi. Joni chiqishidan oldin oyoqqa qalqib,
hayotga tashnaligini ko’rsatishga intiladi inson. Bu ham “o’zini” ko’rsatayapti. Balki orqasida
boshqa kuch bordir? Bu kuch balki Karimovdan ham og’ir bosar?
Shikoyatchilarni qabul etarkanman, shom inib qolgan bir paytda qo’shni xonada telefonga
chaqirishayotganini aytishdi. Karimovning yordamchisi Kraynov ekan, salom-alikdan keyin:
-Oqsoqol iltimos qildilar Muborakka borib ikki do’stingizni yarashtirib kelar ekansiz, -dedi.
-Muborakda mening do’stlarim yo’q-ku? -deya ajablandim.
-Nega unday deysiz? Murod Jo’raev yaqin do’stingiz, Raykomning birinchi kotibi esa
universitetda birga o’qigan kursdoshingiz. Murod Jo’raevning o’ttizga yaqin yigiti ochlik e’lon
qilgan. Islom akam sizga vakolat berdilar, kim aybdor bo’lsa, uni ishdan chetlashtirishni taklif
qilasiz va viloyat rahbarlari darrov ijro etishadi.
“Ochlik qilishayapti” degan gapni eshitgandim. Haqiqatdan ham masalani favqulodda jiddiy, deb
o’yladim. Darhaqiqat, Muborak masalasi ikki yildan buyon Karimovning ham, jumhuriyat
tashqarisidagi matbuotning ham kun tartibida. Lekin shu daqiqada Jizzaxdagi ishni chala tashlab
ketgim yo’q edi. Bu ishni oxiriga etkazishga qaror qilgandim. Agar ketib qolsam, birga kelgan
tekshiruvchilarning holi nima bo’lishini yaxshi tasavvur qilardim. Shu bois Muborak masalasini
ikki kun keyinga qoldirmoqchi bo’ldim. Kechki ovqat paytida tekshiruvchilarga:
-Ikki kundan keyin poytaxtga qaytamiz. Shu sabab tekshirishni biroz tezlashtirsak,- dedim.
“Ikki kun u yoqda tursin, ikki oyda ham natija olishimiz qiyin. Mening qo’limda dom-daraksiz
yo’qolgan o’n ikki kishining ismi-sharifi bor. Ularni mirshabxonaga qadar keltirishgani haqida
ma’lumot beruvchi guvohlar bor. Lekin mirshabxonadagi barcha hujjatlarni viloyat rahbarlari
talab qilib olishgan. So’rasak, har turli bahona ko’rsatishayapti” kabi qancha vajlarni aytishdi.
-Biz reviziya qilish uchun kelmadik,- dedim .- Bizning maqsadimiz shikoyatlarning to’g’ri yoki
notog’ri ekanligini, siyosiy xulosani aytishdir. Yo’qolgan insonlarning viloyat rahbarlari haqida
shikoyat yozganlari va mirshabxonaga keltirilganlari biz uchun etarli dalil. Ularning qismatlari
haqidagi dalillarni o’rtaga chiqarish esa ikkinchi etapda amalga oshadi. Hozirgi rahbarlar turgan
ekan, ikki oy emas, ikki yilda ham ko’r tugunni echolmaymiz.
Muborakka bormay Toshkentga qaytib Karimov uchun hisobot hozirladim va unga olib kirdim. U
Muborak haqida gap ochmadi, aksincha erinmasdan hisobotni o’qiy boshladi. Gohida ajablanar,
gohida tutoqib ketardi.
-Rostdan shu ishlarni Erkin qilibdimi, tamom, uning onasini…,- u Erkin Tursunovni kurakda
turmaydigan so’zlar bilan so’kib, ayblay boshladi.
-Rahmat sizga, haqiqatni o’rtaga chiqardingiz,-dedi keyin men bilan xayrlashar ekan Karimov,-
Ertaga yana Jizzaxga borib ana u chollar bilan ham uchrashing va Tursunovni ishdan olib
tashlashimiz haqida bildirib qo’ying. Yana Toshkentga kelishga tayyorgarlik ko’rishayotgan ekan.
U keyin yana bir ikki nuqtalarni aniqlashtirishni ham so’radi. Jizzaxga qaytsam, tekshirish uchun
kelganlarga tazyiq yana ham oshibdi.
-Parvo qilmanglar, tekshirishda davom etamiz, haqiqat baribir o’rtaga chiqadi,-dedim.
Bu gapimga viloyat idorasidan hay’atga qo’shilgan kishi e’tiroz bildirdi:
-Nima, Siz rahbarlarimizni aybdor, deb o’ylayapsizmi?
-Biz sud yoki qaror beruvchi emasmiz, lekin hay’atning yo’liga to’siq qo’yilayotgani ko’rinib
turibdi,- dedim.
-Siz bu soatdan e’tiboran tekshirish hay’atining boshida emassiz. Prezident sizga boshqa ish
buyurdilar,- dedi vakil jahli chiqqanini ochiq namoyish yetib.
-Prezident bu haqda sizga aytdilarmi?
-Bizga sizni Muborakka kuzatib qo’yish aytilgan,-dedi u.
Avval Muborakka telefon qilib, Murod Jo’raevdan vaziyatni o’rganishim kerak, so’ngra Karimov
bilan gaplashib, bu tekshirishni oxiriga qadar etkazish muhimligini tushuntirishim lozim deb
o’yladim.
Murod Jo’raevning poytaxtda ekanligini aytishdi. Kraynovga telefon qildim. U Karimov uyiga
ketganligini aytib, devonda navbatchi bo’lib o’tirgan maslahatchi Shoxobiddin Ziyomovni
bog’ladi.
-Oqsoqol menga bu ishni nazorat qilib turishimni aytdilar. Sizni allaqachon Muborakka yetib
borgan deb, o’ylagandik. U erda vaziyat jiddiy, raykomning birinchi kotibi bu kecha uxlamasdan
sizni kutadi,-dedi u.
-Jizzax nima bo’ladi? Bu yerdagi hay’atni orqaga chaqirib olishni kim buyurdi?-deb so’radim
undan.
-Kim bo’lardi, o’zlari buyurdilar. Qaytganingizda qo’lingizda to’plangan dalillar bo’yicha
hisobotni to’ldirib, topshirar ekansiz. Ish pishib qolgan, yaqinda borib sessiya o’tkazib, viloyat
rahbarini bo’shatib kelar ekanlar. Muborakda vaziyat jiddiy, sizdan shaxsan iltimos qildilar, – dedi
Ziyomov Muborak masalasiga urg’u berib.
Qarshida viloyat rahbarining birinchi o’rinbosari kutib oldi. Uni tanidim. Ilgari ham bir marotaba
kelgandim, o’shanda tanishgandik. U bilan Muborakka qarab yo’lga tushdik.
-Murod Jo’raev poytaxtda ekan, borganimiz bilan u bo’lmasa, nima qilamiz?-dedim men.
-Murod Jo’raevni ishdan bo’shattik.U shikoyatga ketgan. Bugun prezident bilan uchrashdi.
Yurtboshimiz uning ta’zirini berib qo’ydilar, endi bu yerlarga qaytib kelmasa kerak,-dedi
o’rinbosar.
-Bu xususda adashmadingizmi?-dedimu o’ylanib qoldim.
Murod Jo’raevning nomini ilk bor “Ozodlik” radiosidan eshitgandim. Saylovlar arafasida u ham
shahar kengashiga, ham Oliy kengashga nomzodini qo’ygandi. O’shanda shahardagi Gazni qayta
ishlash zavodi ruslarning qo’lida bo’lgani va shahardagi xonadonlarga ataylabdan gaz
berilmaganini aytgandi. Saylovda u nafaqat o’zi balki o’ttizga yaqin tarafdori bilan birga g’olib
chiqdi uni ijroqo’m raisi etib saylashdi. Birinchi qilgan ishi mirshabxona va prokraturadagi
kommunistik partiya sho”balarini tarqatib yubordi. Ya’ni bu idoralarni partiyadan xoli, deb e’lon
qildi. Bu o’sha kezda kommunistik partiyaning boshida turgan Karimovga qarshi isyon edi. Isyon
bo’lganda ham ikki karra isyon edi. Chunki Moskva gazetalari Karimov jumhuriyatda ilk zarbani
o’zi ishlagan viloyatdan oldi, deya yozishdi.
Viloyat rahbarlari ham tipirchilab qolishdi, chunki ular mirshabxona va prokraturani partiya yo’li
bilan qo’lda tutardilar. Murod Jo’raev esa bu idoralarni ularning qo’l ostidan chiqarib,
shahar deputatlar kengashi nazoratiga oldi. Bu orada shaharda mustaqil televidenie ochib, hamma
narsani oshkoralik yo’li bilan hal qila boshlashgani ma’lum bo’ldi. O’shanda Karimov bu
televidenieni yopib tashlagani bois Murod Jo’raev Oliy kengashning biz ishlagan Oshkoralik
qo’mitasiga shikoyat qilib borgandi.
Xullasyu bu yoqlarga yuborilishim ortida qandaydir o’yin o’ynalayotganini sezardimu lekin bu ip
uchini topolmayotgan edim. Toshkentga qaytgachgina o’yinning siri ochildi. Karimov
Jizzaxga borib, sessiya o’tkazib, partiya birinchi kotibi Erkin Tursunovni hokim, ijroqo’m raisi
O’ktam Olimovni birinchi o’rinbosar etib tayinlabdi. Keyin sabablari haqida ko’p gaplar eshittim.
Karimovning o’zi esa hech narsa bo’lmagandek, “Viloyatdagi vaziyat yomonlashgan ekan, boshqa
choramiz qolmadi” deb o’zini oqlagan bo’ldi.
Jizzax sessiyasidan keyin ko’p o’tmay Karimov oqsoqollar haqida “Avtobus hokimiyati” degan
feleton chiqartirdi Devonda ishlab turgan jizzaxlik taniqli jurnalsit Sharof Ubaydullaev yozgan bu
feletonning asl muallifi Karimovning o’zi edi. Karimovni Erkin Tursunov qanday sotib oldi bu
yog’i menga qorong’u, lekin u Tursunovni limonday qisib suvini olib, keyin o’zini “otib yubordi”.
O’ktam Olimovdan ham voz kechdi. Meli Qobilov esa uzoq yillarga qamatildi. Sharof
Ubaydullaevnng ham “qadri”ga etmadi. Yana bir ikki feleton yozdirib, keyin devondan va
umuman ishdan chetlashtirdi.
Keyinroq o’rgandim-ki, Karimov “O’zbekiston meniki va boshqa odam chang solmasligi” kerak
deb o’ylar va undan yashirib xazina to’plagan viloyat hokimlarining boyliklarini turli yo’llar bilan
tortib olar ekan. Gulnora Karimovaning million-million dollar miqdoridagi boyliklari qayerdan
kelganini endi faraz qilishingiz mumkin.
Shuningdek, Karimov ariza yozgan va shikoyat qilgan odamlarni yomon ko’rishni o’rgandim.
Bunday odamlarni garchi ular haqni yozgan bo’lsalar ham ig’vogar, deb biladi. Shu sababdan
jizzaxlik oqsoqollar ham uning nazdida ig’vogarlar edilar va har birlari alohida quvg’inga olinib,
oila a’zolari ta’qib etilib, kimlari o’ldirilib, kimlari darbadar qilindilar. Karimov qo’zg’olon holiga
ko’tarilmagan “Jizzax qo’zg’oloni”ni an shunday bostirib tashlagan edi.
Lekin Jizzaxda hokimlar almashaverdi, Toshkentboev, Mirziyoev, Yomonqulov va hokazo.
Xalqqa zug’um va zulm kuchayib boraverdi. Bir hokim xalqni talab bo’lgandan keyin ikkinchisi
talashni boshlardi. Kaltaklanish, qamalishlarga qaramay xalqning “qo’zg’olonlar”i ham turli
ko’rinishlarda davom etaverdi. Toshkenboevga qarshi chiqqanlar surgun bo’ldilar, Mirziyoevga
dardini aytaman, degan ayollar va chollar kaltaklandilar, Yomonqulovga arz qilganlar bozoru
mozorlaridan ayrildilar.
1916 yilda mardikorchilikka qarshi bosh ko’targan Jizzax o’sha kezda “boshi”dan ayrilgandi.
Qarang-ki bunday ko’rgulik mustaqillik yillarida ham uning peshonasiga yozilgan ekan. Faqat
Jizzaxning-mi? Yo’q, bu hol barcha viloyatlarda ayni ko’rinishda davom etdi va davom etmoqda.
Boshqacha aytganda butun O’zbekiston bostirilgan qo’zg’olonlarning qabristoniga, maydoniga
aylandi. Shunday emasmi? O’zingiz bu savolga javob qidirib ko’ring-a?
Bunday devonlik, maynavozchilik, aldovlardan bezishim uchun 100 kun etrali bo’ldi. Bu joylar
uchun begona edim. Shu bois bir kun yozgan nutqimdan xursand ekanligida, Karimochdan o’z
sohamga ishga yuborishini so’radim. U bir-ikki ishni taklif qildi rozi bo’lmadim, televideniega
borishim mumkinligini aytdim. Ochiq shtat yo’q. Ammo Prezident uchun bu muammo emas.
Yangi shtat ochdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |