kasalliklardan himoya qilish qobiliyati o‘rtasida ziddiyatlarning kuchayishi natijasida halok
bo‘lishi mumkin. Shu sababli madaniyat va sivilizatsiya o‘rtasidagi ziddiyatlar ularning rivojlanish
manbai hisoblanadi, ularning ayniyligi esa turg‘unlik va halokatni anglatadi.
Sivilizatsiya madaniy jarayonga umumiy shart-sharoit yaratadi, u ulkan mintaqalar va
qit'alarni qamrab oladigan olamshumul hodisadir. Madaniyat sivilizatsiya yaratgan zaminda
vujudga keladi, individual, betakror, etnik xususiyat kasb etadi. Har bir sotsium individual
asosining ifodasi sifatida madaniyat bir sivilizatsiyaga mansub xalqlar o‘rtasidagi farqlarni
belgilaydi. U mazkur xalqqa xos bo‘lgan, uning etnik-ijtimoiy individualligini tashkil etadigan
omillar: til, tarixiy taqdir, din, boshqa xalqlar bilan aloqalar va hokazolarni xulq-atvor qoidalari,
odatlar, ma'naviy hayotda aks ettiradi. Ayni bir sivilizatsiya ko‘p sonli madaniyatlarni yaratadi.
Masalan, yevropa sivilizatsiyasi fransuz, nemis, ingliz va hokazo madaniyatlarni o‘z ichiga oladi.
Me'yorlar, qoidalar, taqiqlar va amr-farmoyishlar majmui sifatida sivilizatsiya odamlar
faoliyatini o‘ziga bo‘ysundiradi, uni tartibga soladi. Madaniyat – mazkur normalarga muvofiq
amalga oshiriladigan erkin ma'naviy va moddiy faoliyat. Ammo normativ jihatdan maqbul bo‘lgan
har qanday harakat madaniy bo‘lavermaydi. Masalan, tosh qurol teng darajada madaniyat predmeti
deb nomlanishi, ayni vaqtda yashab qolish vositasi ham bo‘lishi mumkin. Erkin yunon dehqoni
yerga ishlov berishi madaniy faoliyat bo‘lishi mumkin, ayni shu ish qul tomonidan nazoratchining
qamchisi ostida bajarilishini esa, garchi qul erkin odam bilan ayni bir dehqonchilik amalini
bajarayotgan bo‘lsa-da, madaniy deb nomlash mumkin emas. XX asr sivilizatsiyasi o‘zidan keyin
inson tomonidan muhandislik hisob-kitoblariga ko‘ra, qurilish me'yorlari va qoidalariga muvofiq
yaratilgan chiriyotgan sun'iy dengizlarni qoldirdi. U Orol dengizini quritdi, lekin Kaspiy dengizida
suvni toshirib yubordi, natijada madaniyat ob'ektlarini suv bosmoqda.
Madaniyat inson faoliyati bilan uzviydir. Uning taraqqiyoti madaniy-tarixiy ijodda
individlar va ijtimoiy guruhlar ishtiroki bilan belgilanadi. Sivilizatsiya – o‘z-o‘zini quvvatlovchi
o‘zgarmas jamiyat, ijtimoiy statika manbai. Madaniyat – ijtimoiy dinamika manbai, u tarix
talabiga javob berish va ijtimoiy o‘zgarishlarga zamin yaratishga qodir shaxslarni shakllantiradi
va ayni vaqtda o‘zi ham mazkur shaxslar tomonidan shakllantiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: