www.ziyouz.com
kutubxonasi
264
edi, askardan qolishga Yo Rasulalloh», dedilar. Bularga ham Ka’bga qilgandek so‘z
qildilar. Negakim askarlikdan qochish Islom qonunida eng ulug‘ gunohlardan
hisoblanadur.
Munofiqlardan va boshqalardan bo‘lib, bu safardan qolgan kishilarning soni saksondan
ziyodroq edi. Ularning yuzaki uzrlarini qabul qildilar. Bularning ishini ersa, Alloh hukmiga
qo‘ydilar. Buning sababi shul erdikim, bu uchovlari ulug‘ sahobalardan bo‘lib, biror
to‘g‘rida diyonatlariga gumon tushmagan edi. Qur’on hukmida jihod safaridan uzrsiz,
sababsiz qolmoq tarki farz qilmoqdur. Bu ersa ulug‘ gunohlardin sanalur. Shu uchun
Rasululloh bularga hech kimsa so‘z qilmasin, salom bermasin, deb amr qildilar. Bu
buyruq chiqqach, yer usti ularga tor bo‘lib, hech joyga sig‘madilar. Bularning ikkovi
yoshi ulug‘ kishilar edi. Uylaridan chiqolmay yig‘lashib o‘ltirishdi. Ka’b ibn Molik uyda
o‘ltirishga chidayolmay, ko‘cha aylanib, bozorga chiqib yurar edi. Lekin unga uchragan
kishilar ersa teskari qarashib, salomlashmay o‘tar edilar. Bu qiyinchilik bilan qirq kun
o‘tkazdilar. Qirqinchi kuni bo‘lganida Rasulullohdan bir kishi kelib: «Hukm shuldurkim,
xotinlaringizdan yiroq turgaysiz», dedi.
Yana o‘n kun xotinlaridan ham ajrab boshqa turishdi. Bularning qayg‘ulik tunlari ersa
ellik kunga to‘ldi.
Ka’b ibn Molikning Abu Qatoda degan sahoba qarindoshlaridan bo‘lur edi. Bu ikkovi
orasida do‘stlik aloqasi kuchlik edi. Bir kuni yolg‘izlikka chidayolmay, nima ish qilishini
bilmay zerikkanlikdan ham qarindoshi, do‘sti Abu Qatodaning bog‘iga bordi. Qarasa, bog‘
eshigi ichidan berkitilmish ekan. Tomdan oshib tushib, uning ustiga kirgach, salom
berdi. Ul qaradi-yu, ammo salomiga javob bermadi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam bularga hech kim gapirmasin, degan edilar. Buni ko‘rib Ka’b:
— Ey Abu Qatoda, men Rasulullohni do‘st tutishimni sen bilarmiding, Xudo haqqi
aytsang-chi! — dedi.
Ul indamadi. Xudo haqqi, deb uch qayta qasam qilib so‘rasa ham indamagach,
xafalikdan yorilib ketgudek bo‘lib yig‘laganicha qaytib ketdi. Hech joyga sig‘masdan
bozor aylanib yurib edi, shu orada qarasa, Shomdan kelgan bir savdogar nitbiy
(nubiyalik):
— Ka’b ibn Molikni menga ko‘rsatib qo‘yinglar,— deb so‘rog‘lab yurganini ko‘rdi.
Kishilar uni ko‘rsatgach, nitbiy yonidan bir xat chiqarib berdi. O‘qib qarasa, G‘asson
qabilasining podshosi nasoro arablaridan Islom dushmani Horis ibn Abu Shimrdan kelgan
xat ekan. Unda shunday yozilmish edi: «Menim eshitishimcha, Muhammad senga jafo
qilmishdur, xorlik ko‘rgan joyda Xudo turg‘ulik qilmasin. Xatni olishing bilan bizga yetish
chorasini qilgil, yaxshilik ko‘rursan». Buni anglagach, bu ham menga ortiqcha balo
bo‘lmasin, deb u xatni kuydirib tashladi.
Hazrati Ka’b hikoya qilurkim: «Shunday bo‘lib, Rasulullohning suhbatlaridan ajrab,
buning ustiga xalqqa aralasha olmay, g‘am-qayg‘u bilan ellik kunni o‘tkazdik. Bir kuni
bomdod namozini tom ustida o‘qib, g‘am-g‘ussaga botgan holda yig‘lab o‘ltirib edim.
Salh tog‘ining tepasidan turib bir kishi:
— Ey Ka’b, suyunchi! — deb qattiq qichqirdi.
Yiroqdan buning tovushini eshitib, bir yaxshilik vaqti keldi, deb suyunganimdan darhol
turib, Allohga shukr sajdasini qildim. Shu kuni bomdod namozida Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam tavbamiz qabul bo‘lganligini bildirmish ekanlar. Bu xushxabarni bizga
yetkizmak uchun bir kishi ot choptirib kelibdur. Yana bir kishi tog‘ ustidan qattiq
qichqirib ekandur. Muning tovushi ilgariroq eshitilibdur. Qichqirgan kishini ko‘rib, borlik
kiyimlarini aning suyunchisiga berib, o‘zim yalang‘och qoldim. Qo‘shnilarimdan kiyishga
omonat kiyim olib, Rasululloh ziyoratlariga keldim. Kishilar to‘p-to‘p oldimdan qarshi
chiqishib, meni tabrikladilar. To‘g‘ri kelib Rasulullohga salom berdim. Muborak yuzlari
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |