www.ziyouz.com
kutubxonasi
164
mingdan ortiq edi. Uch yuz otliq, ming tuyalik, qolganlari piyoda askarlar edi. O‘z
e’tiqodlaricha, Baytullohdin so‘nggi eng qutlug‘ o‘rin atalgan Dorun Nadva uyida
to‘planishib, so‘qish bayrog‘ini bog‘lashib, Usmon ibn Talhaga topshirdilar. Buning otasi
Talha kofirlar tug‘chisi, Uhud urushida o‘ldirilgan edi. Shu bois alar: «Otang o‘chini
olgaysan», deb bu urushda tug‘ni unga berdilar.
G‘atafon qo‘shiniga Uyayna ibn Hisn askarboshi bo‘ldi. Bunga Rasululloh yeri quruqchilik,
eli ocharchilik bo‘lganda, Madina atrofidagi o‘tloq joylardin chorvasi uchun yer bergan
edilar. Ochlari to‘yinib, oriqlari semirib yetilganda, yaxshilikka yomonlik qilib,
Rasulullohga qarshi urushga ming askar to‘pladi. Rasululloh u haqida: «Ahmaqul muto’»,
ya’ni, «Obro‘ylik ahmoq», degan edilar. Buning voqeasi yuqorida o‘tgandir. Bu so‘zning
chinligi yana aniqlandi.
Bani Murra qabilasidin to‘rt yuz kishilik askar chiqdi. Alarning boshlig‘i Horis ibn Avf edi.
Ashja’ qabilasiga Abu Mas’ud boshchilik qildi. Bani Salm qabilasining askar boshlig‘i
Sufyon ibn Abdu Shams bo‘lib, buning yetti yuz askari bor edi.
Bani Asad qabilasi ham raislari Tulayha ibn Huvaylid qo‘l ostiga kirib, bu ittifoqqa
qo‘shildilar. Butun yig‘ilgan askar soni o‘n ikki mingdan ortiqroq bo‘ldi. Butkul askar
boshlig‘iga, o‘zaro ittifoqlashib, Abu Sufyonni belgiladilar.
Ammo bu ishlardin Rasulullohning ham xabarlari bor edi. Tingchilar orqali bu ish
aniqlangandin so‘ngra, barcha sahobalarni yig‘ib, o‘rtaga maslahat soldilar: Dushmanni
to‘sib, alarga qarshi chiqqaylarmu yoki yo‘lga cheb (to‘siq) bog‘lab, Madina ichida kutib
turgaylarmu? Rasulullohning odatlari bir voqea ustida agar Allohdin vahiy kelmasa,
katta-kichiklarni yig‘ib, kengash bilan ish qilur edilar. Qur’onda ko‘rsatilgan qonun ham
shundoq edi. Bu maslahat ustida Salmon Forsiy aytdi:
— YO Rasulalloh, biz Fors yerida, agar dushman askari ko‘pchilik bo‘lib, ularni otliq
askarlari hujumidan qo‘rqilsa, askarimiz aylanasiga, ot o‘tolmagudek o‘ra qazib, muning
bilan dushman otliqlari hujumidan saqlanur edik.
Aning bu so‘zi Rasulullohga ma’qul keldi. Shu bilan ishga yararlik barcha mo‘minlarga —
deb buyruq berdilarkim, bu ishni dushman yetib kelmasdin ilgari, tezroq bajarsinlar.
Arablar ichida mundog‘ ish ilgari-keyin hech ko‘rilmagan edi.
Madina shahrining shimol tomoni ochiqlik bo‘lgani uchun, butunlay shu yoqni o‘ra bilan
o‘rashga to‘g‘ri keldi. Boshqa taraflari esa mahalla uylari, qalin xurmolik bog‘lar bilan
o‘ralganlikdan, ochiq joyi yo‘q edi. Bu tomondin hujum qilish dushmanga qulay emas
edi. Shu xandaq qazish kunlarida sahobalar ko‘p qiyinchilik tortdilar. Chunki u kunlarda
ocharchilik bo‘lganlikdan torchilik bilan kechinmakda edilar. Kurak, ketmon kabi qazish
asbobini yig‘ib, bu ishda qo‘l kuchi bilan ishlatmak lozim edi. Rasululloh o‘zlari ham bu
ishda sahobalar bilan birga ishladilar. Chunki dushman qorasi ko‘rinmay turib, bu
xandaq qazilib bo‘lishi zarur edi. Shuning uchun Rasululloh xandaq qaziyotgan
kishilarga:
— Tezlik bilan bu xandaqlarni qazib oxiriga yetkazish lozimdur. Dunyo va oxiratlik ulug‘
ishlarni inson sabr-sabot bilan qo‘lga keltira olur. Alloh sabr qilguvchilarga, har ishda
chidamlilik ko‘rsatuvchilarga yordam yetkazishi aniqdur. Urush kunlarida va har qandoq
og‘ir ishlarda agar sabr qilur ersangiz, Alloh yordami bilan zafar topib, dushmanlaringizni
yenggaysiz, — deb mo‘minlarga bashorat berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ham bu ishga qatnashib, orqalab tuproq
tashidilar. Butun tanlari chang-to‘zon bo‘lmish edi. Buni ko‘rib munofiqlar, yahudlar
masxara qilib, quvonishur edilar. Mo‘minlarning boshiga tushgan bu og‘irchiliklar ustiga
Bani Qurayza yahudlari shu fursatdan foydalanib, Rasululloh bilan qilgan ilgarigi
ahdlarini buzdilar. Ul ahd bo‘yicha Madina ustiga kelgan har qanday dushmanga qarshi
Rasulullohga yordam berishlari lozim edi. Bu yahudlarning xiyonatlari eshitilgach,
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |