Umumiy gipoteza
deb tabiat, jamiyat, bilish hodisalarining qonuniyatlari haqida
bildirilgan asosli taxminga aytiladi. Bunga misol qilib neftning kelib chiqishining
organik va noorganik tabiati haqidagi gipotezalarni, Erda hayotning paydo bo‘lishi,
ongning kelib chiqishi, ijtimoiy progress haqidagi farazlarni ko‘rsatish mumkin.
Umumiy gipotezalar borliqning muhim qonuniyatlarini ochishga imkon bergani uchun,
ilmiy nazariyani «qurish materiallari», deb hisoblanadi. Isbotlangach, bunday
gipotezalar nazariyalarga aylanadilar va ilmiy tadqiqotlarning strategik yo‘nalishlarini
belgilab beradilar.
Juz’iy (xususiy) gipoteza
ayrim faktlar, konkret predmet va hodisalarning kelib
chiqishi, xususiyatlari haqidagi bildirilgan asosli taxminiy fikrdan iborat. Konkret
jinoyatning motivi haqidagi sud versiyasi, arxeologik qazishlarda topilgan
predmetlarning tabiati, qaysi davrlarga oid ekanligi haqidagi taxminlar juz’iy gipotezaga
misol bo‘ladi.
Mantiqda, yuqorida zikr etilib o‘tilganidek, ishchi gipotezalar ham farq qilinadi.
Ishchi gipoteza
– tadqiqotning dastlabki bosqichida ilgari suriladigan taxmin bo‘lib, o‘z
oldiga o‘rganilayotgan hodisaning sababini aniqlashni maqsad qilib qo‘ymaydi; u faqat kuzatish
va eksperiment natijalarini tasvirlashga, tartibga solishga yordam beradi.
SHunday qilib, gipoteza fikrlarimizning qurilishi, bilimlarimizning mavjud bo‘lish va
rivojlanish shaklidir.
Nazariyaning mohiyati, strukturasi, funksiyalari va turlari.
«Nazariya» termini keng
ma’noda aqliy bilish, tafakkurni anglatadi, uni amaliyotdan farq qiluvchi faoliyat turi
sifatida ifodalaydi. Tor ma’noda esa, nazariya ma’lum bir sohaga oid tasavvurlar,
tushunchalar, g‘oyalar, gipotezalarni sistemaga soladigan, predmetni ratsional tarzda
anglashga imkon beradigan bilim shaklini bildiradi.
Nazariyaning bunday talqini ilmiy bilishda empirik va nazariy bosqichlarning farq
qilinishi bilan bog‘liq.
Empirik bosqichda ilmiy faktlar to‘planadi, o‘rganiladi, sistemaga solinib, turli xil
jadvallar, sxemalar, garfiklar tuziladi; muayyan bir umumlashmalar, xususan, empirik
tushunchalar, farazlar, empirik qonunlar shakllanadi.
Ilmiy bilishning keyingi taraqqiyoti empirik bilish bosqichida hosil qilingan, lekin bir-
biri bilan bo‘lgan aloqasi hali aniqlanmagan bilimlar o‘rtasida munosabatlarni o‘rnatish,
ularni umumlashtirish, shu asosda yangi fundamental tushunchalar, umumiy qonunlarni
yaratish, ilmiy bashoratlar qilish bilan uzviy bog‘liq.
Bilishning bu ikki bosqichi o‘rtasida zaruriy aloqadorlik mavjud. Xususan, nazariyani
yaratish empirik bilish jarayonida hosil qilingan predmetning ayrim tomonlari,
hususiyatlarini aks ettiruvchi tushunchalar, qonunlar, farazlar o‘rtasida mantiqiy
aloqalarni o‘rnatishga, predmet haqida yaxlit tasavvur hosil qilishga, uning mohiyatini
tushuntirishga bo‘lgan ehtiyoj bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |