www.ziyouz.com kutubxonasi
13
—
Obbo, muncha suyuldingiz? Shundaqa gaplarga sizning ham suyagingiz yo‘q. Nari
yoting! Begona erkak, kishining qizligini esiga soladi deydi-da!
—
Shundaqa gaplarni ochiq gapirishadimi-a?
—
Bo, xudo, paranjini tashlab ko‘chada yurishga yuzi chidagandan keyin uyati bormi!
Qurib ketgurlar, biram sharmandaki... Tavba qildim. Badaningda naming borida besh-
oltita erkakni ko‘rmasang, umr bo‘ladimi, bu umr deydi-ya! Tag‘in ham zilzila bo‘lib
hammani yer yutmas ekan-da! Tavba qildim-ey...
Mulla Norqo‘zi ertasiga samovarga chiqqanida yana panjasini yozib o‘zi bilgan ochiq
ayollarni sanab chiqdi va xotini aytgan ayblarni bularning har qaysisiga taqdi, jinday
o‘zidan ham qo‘shdi.
—
Axir, bittasi oppoq sochi bilan menga tegishdi-da! Soching oqarsa ham tinib o‘lmas
ekansan-da, desam, sochim oq bo‘lsa ham ko‘nglim qora, deydi.
Shunda o‘tirganlardan biri, intihosiz gapdan zeriqdi shekilli, qatgiq esnab, dedi:
— Men sizga aytsam, mulla Norqo‘zi, gap paranjida emas. Nikolay zamonida
islovotdagi xotinlar bosh yalang emas edi-ku! Endi siz har narsa deysizu, bunchalik
emas, ko‘zingizga shunday ko‘rinadi. Mana, men sizga aytib beray: umrimda xotin-
xalajga suyuqlik qilgan odam emas edim, bahorda qishloqqa ketayotib yo‘lda bir xotinga
hamroh bo‘ldim. It olib ketayotgan ekan. Hali sizday, mening ham ko‘zimga bu xotin
juda tayyorga o‘xshab ko‘rindi. Hazillashdim, suyuqlik qildim. Indamaganidan keyin bir
shama qilib ko‘ray-chi, dedim. Itning og‘ziga charm to‘r tutib qo‘ygan ekan, «jonidan,
nega itingizning og‘zini bog‘lab qo‘yibsiz, ko‘chadan o‘zi topib yegani yaxshi emasmi?»
desam, «buning ham og‘zi
sizning og‘zingizday shalaq, ehtiyot yaxshi-da» deydi. Terlab ketdim. Orqamga qaramay
bir qochdim... Shariat xotinni qattiq tutish kerak deydi-yu, ammo xotinni qancha qattiq
tutsangiz, shuncha g‘aflatda qolishingizni poylaydi.
Mulla Norqo‘zi bu odamning oddiy haqiqatni anglamasligidan koyidi:
—
Behuda gap! Mana mening xotinim nima ekanini o‘zim bilaman. Paranjisini tashlab
ikki kun ko‘chada yursin-chi! U odamning zardasi qaynab ketdi:
— Nega ko‘chada yuradi? Ko‘chada paranjilik yursa ham ayniydi-da! To‘g‘risini
aytaymi? Paranjilik xotin harom ishga yaqinroq bo‘ladi. Sabab deng! Agar siz yuziga
kulib qaramasangiz, devorg‘a shoti qo‘yib ko‘chaga mo‘ralaydi: ko‘ylaklik olib
bermasangiz, tom orqasidan ko‘ylaklik uzatadigan chiqib qoladi. Ochilgan xotin-chi,
ko‘ylak olib bermasangiz o‘zi ishlab, o‘zi oladi.
Ehtimol, shundaydir, ammo mulla Norqo‘zining xotini pokdomon. Agar mulla Norqo‘zi o‘n
yil yuziga kulib qarama-sa, qopdan ko‘ylak, bo‘yradan lozim kiyishga majbur qilsa ham,
pinagini buzmaydi. Har qanday xotin bilan ham inoq bo‘lavermaganining o‘zi o‘ta
diyonatli, pokdomon ekanining nishonasidir. Uning bittayu bitta o‘rtog‘i bor. Bu xotin
to‘g‘risida mulla Norqo‘zi shunday fikrda: agar farishta ilgari o‘ttan bo‘lsa — shuning
onasi, endi tug‘ilsa — shuning bolasi bo‘ladi, agar hozir yer yuzida bo‘lsa — shu
xotinning o‘zi. Shuncha keladi, haftalab, o‘n kunlab turib qoladi, nainki shu choqqacha
mulla Norqo‘ziga tovushini eshittirmasa! Shariatni mahkam ushlagan xotin shaharda
ikkita bo‘lsa, biri — mulla Norqo‘zining xotini, ikkinchisi - shu! Namoz o‘qiydi, odatdagi
ro‘zadan tashqari ashir oyida ro‘za tutadi, zavoddan chiqqan nonni, hozirgi
kushxonalarda so‘yilgan molning go‘shtini yemaydi. U kelib turganda mulla Norko‘zi
tashqarida —mehmonxonada yotib yuradi va uyini allaqanday nurdan munavvar
bo‘lgandek sezadi. Shuning uchun boshqa mehmonlarday sira uning «izzati uch kun»
bo‘lmaydi, necha kun tursa ham, tovuq go‘shtini quymoqqa o‘rab, qaymoqqa botirib
yeydi. Uzoq turib qolgan vaqglarida xotini:
Dahshat (hikoyalar to’plami). Abdulla Qahhor
Do'stlaringiz bilan baham: |