80
daqiqalik yo‘l keladigan bir o‘tloq etagida nishonlamoqchi edilar.
Tayyorgarlik yuqori darajada edi. Bog‘cha hovlisi rango-rang liboslar
ichra o‘zgacha ko‘rinishga kirgan, go‘yo gul-chechaklar chamaniga
aylangandi. O‘g‘il bolalar yangi oyoq kiyimlarini artib-surtishar,
qizlar esa bir-birlarining sochlarini tarab-tuzatishar, yechilib ketgan
lentalarini bog‘lashar, tugmalarini qadashardi. Olti yoshdagi qizcha
tosh zinapoyaning pillapoyasiga o‘tirib olgancha to‘rt yoshli bir yetim
o‘rtog‘ining so‘kilgan ko‘ylagini tikishga urinardi.
Nihoyat, tayyorgarlik tugadi, guruh bir safga tizilib, yo‘lga tushdi. Bir
qo‘llari bilan yonidagi o‘rtoqlarining qo‘llaridan ushlab, ikkinchisida
rangli xaltalar hamda yegulik va o‘yinchoqlari solingan jajji-jajji
savatchalarni ko‘tarib olishgandi.
Yo‘l davomida ko‘cha-ko‘yda ortiqcha tartibsizlik hamda shovqin-
suron bo‘lmasin degan maqsadda tarbiyachilar bolalarga madhiya
ayttirib borishardi. Kattalar hayajonlari ichlariga sig‘may, yurakdan
kuylashar, kichiklar esa xuddi tashlayotgan qadamlariga monand
qo‘shiq aytishda ham
orqada qolishar, kishining kulgisini qistaydigan
darajada pala-partishlik bilan baqirishardi.
To‘da ko‘chalardan o‘tib borarkan, xonadon derazalari ochilar,
ayollarning boshlari ko‘rinar, sotuvchilar do‘konlaridan chiqib
qarashardi.
Bog‘cha bolalaridan iborat ushbu karvonni barcha sayohatlardagidek
bu gal ham Beg‘am boshqarib borardi. Beg‘am — sariq yungli qari
mahalla iti. U xuddi isonlardek aqlli, biroq insonlardan ko‘ra vafodor
bir maxluq edi.
Boshi oqqan tomonda daydib yurgani uchun mahalladagilar unga
«Beg‘am» deya nom qo‘yishgandi. Aslida esa, kuchuklarning ichida
uning g‘ami eng ko‘p edi. Bir qancha yillar avval juda katta ayriliq,
motamsarolik tushgandi uning boshiga. To‘rt bolasining birdan
zaharlanganiga, ko‘z oldida tipirchilay-tipirchilay jon berganiga
guvoh bo‘lgandi u. Bolalarining murdasini olib ketgan axlat tashuvchi
ulovning ortidan uzoq mahallalargacha to‘xtamay yugurib borgan
bechora maxluq bir haftagacha qaytmagandi.
Uning qayerdadir biror falokatga yo‘liqib, o‘lganini bashorat qilgan
kishilar ham bo‘lgandi. Ammo aftodahol ko‘rinishiga qaramasdan u
judayam sezgir hamda zukko it edi. Jinsdoshlarining dushmanlarini
yaxshi tanir, hatto ba’zan o‘zini ularga ishongandek, zahar
aralashtirilgan nonlarni yegandek, tuzoqlariga tushgandek ko‘rsatib,