4.Jamlovchi son bir turdagi predmetlarning miqdorini jamlab, to‘dalab
ko‘rsatadi.
Jamlovchi son miqdor songa quyidagi affikslarni qo‘shish bilan hosil
qilinadi:
1. Miqdor songa –ov affiksini (ikkidan ettigacha bo‘lgan sonlarga) qo‘shish
bilan: ikkov, uchov, to‘rtov, beshov, oltov, ettov kabi. Ba’zan o‘n sonidan ham
yasaladi o‘novi kabi. Bu affiks bilan yasalgan son otlashgan holda kelib, doimo
egalik affikslari bilan birga (I shaxs birlik egalik affiksidan tashqari) qo‘llanadi.
YA’ni ular ko‘pchiligi predmetning miqdoriga ko‘ra belgisini ko‘rsatmaydi,
miqdor ma’nosi bilan birga predmetlik ma’nosini anglatadi: Ular ikkovi birining
og‘zidan biri olib, Qobilni past urib, Anvarni maqtab ketdilar (A.Qodiriy). Maqsud
akaning qaytganini eshitganimiz hamon Oybek men Mirtemir uchchovimiz
suyunib yugurdik (Z.Saidnosirova).
2. Miqdor songa –ala affiksini qo‘shish bilan yasaladi: ikala, uchala, to‘rtala,
beshala kabi. Olti va etti sonlariga ham qo‘shiladi. (Ikki va olti sonlariga
qo‘shilganda negiz oxiridagi i unlisi tushib qoladi). To‘shaboy ikala otni jilovidan
ushlab tolning naryog‘iga olib o‘tib ketdi (S.Ahmad).
3. Miqdor songa –ovlon affiksini qo‘shish bilan yasaladi: ikkovlon,
uchovlon. Bu affiks ham ikkidan ettigacha bo‘lgan sonlarga qo‘shiladi: Oltovlon
ola bo‘lsa og‘zidagin oldirar, to‘rtovlon tugal bo‘lsa tepadagin endirar (Maqol).
Otga bog‘lanib kelgan jamlovchi son sifatlovchi aniqlovchi vazifasida
keladi: Haqiqat uchun, Vatan uchun jonini ayamagan ikala pahlavon sal o‘tmay
jangda mardona halok bo‘ldi. (SHukrullo)
Lekin jamlovchi son gapda ko‘pincha ega, to‘ldiruvchi, qaratqich-
aniqlovchi, kesim vazifasida keladi: Ikkovlari kech salqinda adir tagida bitta-bitta
yurib ketishyapti (S.Ahmad.). Uchalasining maqsadi bir. Talabalarning beshoviga
ham mukofot topshirildi.
5. Taqsim son predmetlarning miqdor jihatdan teng taqsimlanishini,
guruhlanish miqdorini anglatadi.
Taqsim son quyidagicha yasaladi:
1. Miqdor son negiziga –tadan affiksini qo‘shish bilan: Azim har elkasiga
to‘rttadan odam sig‘adigan yigit bo‘libdi (A.Qahhor).
2. Donalik anglatadigan sonni takrorlash yo‘li bilan: bitta-bitta, uchta-uchta
kabi. Ba’zan so‘nggi qismga –dan chiqish kelishigi affiksi qo‘shilishi ham
mumkin: bitta-bittadan, uchta-uchtadan kabi.
3. Miqdor sonlarning takrorlanishi bilan yasaladi: ikki-ikki, uch-uch kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |