bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi» — deydi xalqimiz. Sababiyat ob’ektivdir, u borliqqa
inson aql-idroki yoki qandaydir G‘ayritabiiy kuchlar tomonidan kirilgan emas. Sababiyat
aksincha, borliqning o‘ziga xos aloqadorligi bo‘lib, u inson tomonidan shu borliqni bilish
jarayonida ochiladi. Ayrim hodisalarning sababi hozircha ma’lum bo‘lmasa ham, u keyinchalik
fan va ijtimoiy amaliyot taraqqiyoti davomida kashf etiladi. Sabab oqibatga aktiv ta’sir qiladi. Bu
ta’sirning xususiyati shundan iboratki, u sababning hal qiluvchi kuchiga asoslangan bo‘ladi.
Borliqda doimo ma’lum vaqt muayyan aniq shart-sharoit mavjud bo‘lgan taqdirdagina,
sabab oqibatni keltirib chiqaradi. Lekin bu ma’lum sabab doimo bir xil ma’lum oqibatni keltirib
chiqaradi, degani emas. Bunda oqibatning kelib chiqishi aniq shart-sharoitlar, aniq vaziyatlar
bilan bog‘liq bo‘ladi.
Sababni oqibatni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlardan farq qilish zarur.
Sabab va oqibat vaqt jihatdan ketma-ket kelib, bunda sabab oqibatdan oldin, oqibat
sababdan keyin keladi, ya’ni sabab oqibatni keltirib chiqaradi. Lekin borliqda ketma-ket keluvchi
har qanday predmetlar va hodisalar bir-birlari bilan sababiy bog‘lanishda bo‘lavermaydi.
Masalan, qishdan so‘ng bahor, bahordan so‘ng yoz, yozdan so‘ng kuzning kelishi sabab va
oqibat bog‘lanishi emas, ular bir-birlarini keltirib chiqarishmaydi. Bu hodisalarning ro‘y berishi
Erning Quyosh atrofida o‘z holatini o‘zgartirgan holda aylanishi sababli sodir bo‘ladi.
Borliqdagi barcha narsa va hodisalar o‘z tabiiy ob’ektiv sabablari asosida paydo bo‘ladi
va rivojlanadi. Tabiat hech qachon oldindan belgilangan maqsadlarni qo‘ya olmaydi va
qo‘ymaydi ham. Jamiyatda esa ahvol boshqacha, chunki jamiyatda ongli mavjudotlar — insonlar
faoliyat ko‘rsatadilar, ular o‘z faoliyatlarini oldindan belgilangan ma’lum maqsadlar asosida
amalga oshiradilar. Maqsadga muvofiq faoliyat ko‘rsatish faqat insonlarga xosdir. Jamiyatda
kishi nimani qilmoqchi bo‘lsa, avvalo, u o‘zicha buni o‘ylaydi, uning haqida fikr yuritadi, bu ish
yuzasidan ma’lum reja tuzadi, uni amalga oshirish uchun o‘z oldiga ma’lum maqsadlarni qo‘yadi
va ularga erishish uchun harakat qiladi. Bunda maqsad kishining o‘zi tomonidan belgilangani
uchun, odatda u ko‘pincha tashqi shart-sharoitlarga bog‘liq, emasday tuyuladi. Aslida, insonning
har qanday maqsadi (niyati, hatto orzusi ham) ob’ektiv sabablar asosida tarixiy shart-sharoitlar
ta’sirida, uning miyasida zaruriy ravishda paydo bo‘ladi.
Borliqdagi sababiy bog‘lanishlarning murakkab zanjirida zaruriy va tasodifiy
aloqadorliklar ham muhim rol o‘ynaydi. Bunday aloqadorliklarni zaruriyat va tasodif
kategoriyalari ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: