Fan va falsafaning mutanosibligi
. Fan rivojlanishning yuksak
darajasiga erishgan boʻlsa-da, lekin amalda falsafa bilan uzviy bogʻliq boʻlib
qolmoqda. Ular faol oʻzaro ta‘sirga kirishib, bir-birining rivojlanishiga
samarali ta‘sir koʻrsatmoqda. Bu hol shu bilan izohlanadiki, falsafa daliliy
materialga, sinovdan oʻtgan ilmiy ma‘lumotlarga tayanib, oʻzining mavhum
gʻoyalarini borliq bilan taqqoslash imkoniyatiga ega, fan esa, dalillarni qayd
etish va tavsiflash bilan cheklanmay, yanada asosliroq xulosalar chiqarish
imkoniyatini qoʻlga kiritadi. XXI asr boshiga kelib jahonda umumiy yetti
yarim milliard axolining qariyb olti millioni olimlardir. Taxminan shuncha
odam fanga xizmat koʻrsatuvchi mehnat bilan band (laborantlar, texniklar,
nashriyotlarning xodimlari va h.k.). Yerda qadim zamonlardan boshlab to
XXI asrning boshiga qadar yashagan olimlarning umumiy sonini olsak,
ularning oʻndan toʻqqiz qismi bizning zamondoshlarimiz ekanligi ayon
boʻladi. Rivojlangan mamlakatlarda ilmiy xodimlar soni mehnatga qobiliyatli
axolining qariyb 10% ni tashkil qiladi, fanni ta‘minlashga milliy
daromadning 5% dan koʻprogʻi sarflanadi.
Hozirgi zamon fani jamiyat, texnika, iqtisodiyot, madaniyat, turmush
va kundalik hayotni yoʻlga soluvchi qudratli kuchga aylandi. aynii vaqtda
odamlar bugun fanning qudratinigina emas, balki u bilan bogʻliq boʻlgan
55
xavflarni ham yaxshi anglaydilar. Hozirgi dunyo oʻz yutuqlari va oʻzining
joʻshqinligi uchun fan oldida mas‘uliyatli. Shuni tan olish lozimki, hozirgi
zamonda jamiyat koʻp jihatdan fanning ulkan yutuqlari tufayli oʻzini oʻzi
yoʻq qilish yoqasiga kelib qoldi. Biroq, bu ilmiy taraqqiyotni toʻxtatish
kerak, degani emas. Ammo ilmiy izlanishni insoniy, axloqiy munosabatga
boʻysundirish va balki uning qaysidir yoʻnalishlarini cheklash zarurligi
toʻgʻrisidagi masala kun tartibiga qoʻyilmoqda. Ilmiy izlanishning
insonparvarlashuvi, uning yoʻllari va oqibatlariga axloqiy munosabat – bu
davrimizning muhim muammolaridir. Shubois, Oʻzbekiston prezidenti
Sh.Mirziyoev ta‘kidlaganidek, ―Zahmatkash insonlarning ilmiy va ijodiy
izlanishlarini har tomonlama qoʻllab quvvatlash, ular uchun zarur shart
sharoitlar yaratishni biz oʻzimizning birlamchi vazifamiz sifatida koʻrishimiz
darkor‖ , zero, ―Inson manfaatlari hamma narsadan ustun degan gʻoya‖
megatsivilizatsiya davridagi fan taraqqiyotining asosiy omili boʻlishi lozim.
Aynii shu hol falsafa bilan ham, undan muayyan fanlar ilgari falsafiy
tusga ega boʻlgan tadqiqot predmetlari bilan ajralib chiqqanida yuz berishini
taxmin qilish oʻrinli boʻladi. Biroq, bunday hol yuz berayotgani yoʻq. Tarix
fan falsafadan qancha koʻproq ajralsa, unda shuncha koʻproq masala va
muammolar paydo boʻlishini, ya‘ni falsafa nafaqat kamaymasligi, balki,
aksincha, koʻpayishini koʻrsatadi. Buning sababi nimada? Bu savolga javobni
fan va falsafaning oʻziga xos xususiyatlaridan, ularni alohida-alohida
tavsiflovchi masalalar va ularning yechimlari oʻrtasidagi tafovutdan qidirish,
oʻrinli boʻladi.
Fan faqat oʻzi olgan haqqoniy bilimlarga va muayyan natijalarga
taya‘nishi unda oʻz muammolari va «ochiq» masalalari mavjud emasligini
anglatmaydi. Biroq aniq, shak-shubhasiz javoblarga ega boʻlmagan falsafiy
masalalardan farqli oʻlaroq, ilmiy masalalar bilimdonlik qilishni emas, balki
puxta oʻylashni talab qiladi, zero ular pirovardida dastlabki taxminlarni rad
etuvchi yoki ishonchli bilimlar doirasini kengaytirib tasdiqlovchi muayyan
yechimlar olish real yoki potensial imkoniyatiga egadir. Shu tariqa vujudga
keladigan fanlar qaynayotgan suvdagi koʻpiklar kabi kattalashib, falsafiy
mushohada yuritish jabhasini, anglab etilgan narsalar anglanmagan narsalar
bilan yuzma-yuz keluvchi sohani ham kengaytiradi, chunki tabiatshunoslik
doirasida javob berishning iloji boʻlmagan yangi masalalarni yuzaga
keltiradi.
Bugungi kunda eski falsafiy muammolardan yangi falsafiy jumboqlar
sari oʻtilmoqda. ―Xudo bormi?‖, ―Haqiqat nima?‖, ―Ruhning tabiati
qanday?‖ qabilidagi falsafiy masalalarni aniq va uzil-kesil echish mumkin
emas, balki ularni echishning umuman iloji yoʻqdir, shu bois bu savollar ham
javobsiz qolmoqda.
―Nima uchun?‖, ―balki‖ kabi savollar shuning uchunki, qadimda
donishmandlarni bugungi kun nuqtayi nazaridan mutlaqo falsafiy boʻlmagan
56
va tom ma‘noda falsafiy sanalgan masalalar qiziqtirgan. Misol uchun:
―Yulduzlar kunduzi, quyosh esa – tunda qaerga yoʻqoladi?‖, ―Nima uchun
ayrim jismlar suvda choʻkadi, ba‘zi jismlar esa suvda suzadi?‖, ―Chopqir
Axilles sudralib borayotgan toshbaqaga qanday yetishi mumkin, basharti har
safar ularning oʻrtasidagi masofani bosib oʻtish uchun u mazkur masofaning
teng yarmidan oʻtishi lozim boʻlsa?‖ va … Biroq bu va shunga oʻxshash
masalalar falsafadan tabiatshunoslik sohasiga oʻtgach, koʻpincha yangi va
yangi falsafiy muammolarni yuzaga keltiradi. Masalan: Yer va boshqa
sayyoralarni, ayni bir yoʻnalishda aylantirgan kuch qaerda? Agar bizning
quyoshimiz oʻrtacha kattalikdagi yulduz boʻlsa, unga oʻxshagan milliardlab
yulduzlarning hech boʻlmasa ayrimlari bizning yerimizdagiga oʻxshash hayot
mavjud boʻlgan yoʻldoshlarga ega boʻlishi mumkinmi? Inson hatto eng yaqin
yulduzlarga yetishi uchun nafaqat inson hayoti, balki uning sivilizatsiyasi
tarixidan ham koʻproq vaqt talab etilar ekan, buni qanday qilib isbotlash yoki
rad etish mumkin? Nihoyat, biz kuzata oladigan olam kengayib borayotgan
boʻlsa, bu harakat zamirida qanday sabablar va kuchlar yotadi? Bu va boshqa
koʻpgina shunga oʻxshash muammolar odamlarni falsafaga qayta va qayta
murojaat etishga majbur qiladi, chunki fan hozircha bunday savollarga aniq
javob berishga qodir emas. Aksildunyolar va aksilgravitatsiya, qora materiya
va qora energiya, boshqa makon va vaqt oʻlchovlaridagi dunyolar haqidagi
har xil falsafiy gʻoyalarning mavjudligi ayni shu hol bilan izohlanadi.
Shunga qaramay, fan va falsafaning roliga baho berishda ayrim
qarama-qarsxiliklar mavjud. Xususan, ba‘zi bir ilmiy va falsafiy davralarda
fanning roli va ahamiyatini mutlaqlashtiruvchi yondashuv mavjud boʻlib, u
―ijobiy‖, ―foydali‖ bilim sifatida fanni ―mavhum‖ va ―tajribaga
asoslanmagan‖ falsafaga qarshi qoʻyadi. Bunday qarashlar sientistik deb,
nazariy tafakkur yoʻnalishi esa – sientizm (lot. scientia va ingl. science – fan,
bilim) deb ataladi. Sientizm fan texnika taraqqiyotining ijobiy jihatlarini
mutlaqlashtiradi. Antisientizm falsafiy bilishni ilmiy bilishdan ajratadi, uni
ilmiy bilish bilan muvofiq emas, deb e‘lon qiladi, u oqilonalikni kamsitadi va
mistika, intuitsiya, iroda va shu kabilarni mutlaqlashtiradi.
Falsafa va fanning umumiy jihatlari shundaki, ular:
- avvalo, aqlga tayanadi va oqilona bilimni yaratishga harakat qiladi;
-
oʻrganilayotgan obyektlar va hodisalarning qonunlari va
qonuniyatlarini aniqlashga qarab moʻljal oladi;
- kategoriyalar apparatini (oʻz tilini) yaratadi, oʻzlari ilgari surgan
qoidalarni asoslaydi, ularga dalil-isbot keltiradi va yaxlit tizimlarni yaratishga
harakat qiladi.
Falsafa va fan oʻrtasidagi farq shunda namoyon boʻladiki:
falsafa doim u yoki bu faylasuf nomi bilan bogʻlanadi, bunda uning
gʻoyalari, asarlari boʻlishi va ularga boshqa faylasuflar qoʻshilishi yoki
57
qoʻshilmasligiga bogʻliq boʻlmasligi mumkin. Fan esa, mohiyat e‘tibori
bilan, jamoa mehnati mahsulidir;
- falsafada (muayyan fanlardan farqli oʻlaroq) yagona til va yagona
tizim mavjud emas. Bu erda fikrlar rang-barangligi me‘yor sanaladi. Fanda
esa monizm hukm suradi, chunki hech boʻlmasa fanning u yoki bu muayyan
sohasidagi asosiy tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi (til)ga nisbatan
yondashuvlar birligi albatta mavjud boʻladi;
- falsafa ilmiy bilimlar va dalillardan keng foydalanadi, biroq uning
uzil-kesil xulosalari ishonchli deb hisoblanishi mumkin emas, zero ular
asosan faylasuflarning subyektiv fikrlari va mulohazalariga asoslanadi. Fan
esa mohiyat e‘tibori bilan isbotlangan va sinashta bilimlar olishga harakat
qiladi, bunda olingan bilimlarni tekshirish yoki rad etish imkoniyatining
mavjudligi bu bilimlar haqiqiyligi va ilmiy jihatdan asosliligining muqarrar
sharti hisoblanadi;
- falsafiy bilimlarni tajribada sinash mumkin emas (aks holda ular ilmiy
bilimlarga aylanadi);
- falsafa aniq prognoz bera olmaydi, ya‘ni u ishonchli bilimlarni
kelajakka tatbiq etishga qodir emas, zero unda bunday bilimlar yoʻq. Ayrim
faylasuf falsafiy qarashlarning muayyan tizimi yordamida faqat bashorat
qilishi mumkin, lekin u olim kabi prognoz qilish yoki modellashtirishga qodir
emas.
Falsafaga milliylik xos, fan esa jamoa mehnati mahsuli sifatida
dunyoviy ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |