Metamorfozning kelib chiqishi.
Ko‘rib chiqilgan rivojlanish tiplari orasida hozirgi
tuban tuzilgan yashirin jag‘lilar uchun xos bo‘lgan metamorfozsiz rivojlanish birlamchi
hisoblanadi. Olimlarning fikricha hasharotlar qadimgi ko‘poyoqlilardan kelib chiqqan bo‘lib,
metamorfozsiz rivojlangan. Hozirgi hasharotlarda metamorfoz rivojlanish tuproqda hayot
kechiruvchi, kam harakat va nisbatan tuban tuzilgan yashirin jag‘lilar sinfi turlarida saqlanib
qolgan. Keyinchalik yashash muhitining keskin o‘zgarishi, xususan hasharotlarning tuproq
ustiga chiqishi, o‘simliklarning yashil qismi bilan oziqlanishga o‘tishi va nihoyat havo muhitini
egallashi tufayli ularning tana tuzilishi ham murakkablashib borgan. Yangi paydo bo‘lgan
o‘zgarishlar ko‘proq voyaga yetgan hasharotlar uchun tegishli bo‘lgan, ularning yosh davri
esa yashash muhitining nisbatan doimiyligi tufayli kam o‘zgarishga uchragan. Shu tariqa
tuxumdan chiqqan yosh hasharot bilan uning voyaga yetgan davrining tuzilishi o‘rtasida farq
paydo bo‘lgan.
Metamorfozning bundan keyingi murakkablashuvi ikki yo‘l bilan borgan. Birinchidan,
birmuncha tuban tuzilgan ochiq jag‘lilarning lichinkasi imagosi kabi ochiq faol yashashga
o‘tgan va oziqlangan. Embrional rivojlanish davrining uzayishi natijasida tuxumdan chiqqan
lichinka voyaga yetgan hasharotga tobora o‘xshaydigan bo‘lgan.
Ikkinchidan pana joylarda hayot kechiradigan lichinkalarda esa tuban tuzilish belgilari
(tana shaklining chuvalchangsimon bo‘lishi, bo‘g‘imlarning gomonomligi, oyoqlarning oddiy
tuzilishi va boshqalar) saqlanib qolgan. Lichinkalarning bir xil muhitda yashirin va kam
harakat, voyaga yetgan hasharotlarning esa boshqa xil muhitda ochiq va juda faol hayot kechira
boshlashi bilan ularning tuzilishidagi farq ham tobora kuchaya borgan. Natijada bir rivojlanish
davridan ikkinchisiga o‘tish tullash orqali bir me’yorda borishi mumkin bo‘lmay qolgan. Chunki
rivojlanish faqat tullash orqali borganida lichinkaning imagoga o‘tish davri juda uzoq davom
etgan bo‘lardi. Bu borada hatto tuban tuzilgan kunliklarning chala o‘zgarish orqali
rivojlanishida ham 20 martadan ortiq tullash bo‘lishini eslatib o‘tish kifoya. G‘umbak
davrining paydo bo‘lishi organizmning juda tez va tubdan o‘zgarishiga, tullashlar sonining
keskin kamayishiga, buning natijasida rivojlanish davrining qisqarishiga imkon berdi.
Shunday qilib, to‘la metamorfoz bilan rivojlanadigan hasharotlar lichinkalik davrining
tuzilishi va hayot kechirish xususiyatlari rivojlanish siklida g‘umbak davrining bo‘lishi bilan
chala metamorfozli hasharotlardan keskin farq qiladi.
D
99
Do'stlaringiz bilan baham: |