www.ziyouz.com kutubxonasi
139
Yuqoridan yog‘ilayotgan ajal shotiga chiqqanlarni tutday to‘kayotgan bo‘lsa ham, bir
necha yuz kishi shovqin-suron bilan devor tepasiga chiqib bordi. Devor tepasidagi
jangda ikki tomondan ham juda ko‘p odam qirildi, o‘liklar tuynuklarni bekitib
qo‘yganidan pastga o‘q otish mumkin bo‘lmay qoldi. Xon qo‘shini son jihatdan bir necha
barobar ko‘p bo‘lib, shotilardan orqama-orqa chiqib bormoqda edi.
Boburdan yordam so‘rab ketgan chopar Samarqandga yetib borguncha bo‘lmay
Shayboniyxon Dabusiyani qonga belab axiri oldi-yu, himoyachilarni bitta qoldirmay
qilichdan o‘tkazdi.
Bu zafar xon qo‘shinining ruhini ko‘tardi.
Endi Shayboniyxon Dabusiyani tog‘day bir tayanchga aylantirib, undan Samarqand
ustiga sakrash tayyorligini ko‘ryapti.
Hozir pastda o‘tkazilayotgan poyga ham — shunchaki ko‘ngil ochish uchun emas, Bobur
bilan bo‘ladigan hal qiluvchi janglarda Shayboniyxonga eng zo‘r, eng chopqir otlar
tanlash uchun kerak.
Kuni kecha Samarqanddan kelgan darvish kiyimidagi bir maxfiy Boburning xotini qiz
tuqqanini, otini Faxriniso qo‘yganlarini aytib bergan edi.
Shayboniyxon poygada bir-biridan o‘zib, sor burgutlarday uchib borayotgan yigitlariga
zavq bilan tikildi-yu, o‘zicha dedi, «Mayli, Bobur kuzdagi g‘alabasidan faxrlanib, qiziga
Faxriniso deb ot qo‘ysin, kerilib, she’rini yozib yotaversin! Ungacha men burgutlarimning
hammasini ovga o‘rgataman».
Shayboniyxon hali hech qaysi jangga bunchalik jon-jahdi bilan tayyorlangan emas. U
Boburni yengish oson emasligini sezardi. Bobur endi o‘n to‘qqizga kirgan yosh yigit
bo‘lsa ham nihoyatda iste’dodli, nihoyatda dovyurak sarkarda ekanini Shayboniyxon
amalda ko‘rdi. Hozir bu atrofdagi shaharu qishloqlarning ko‘pchiligi Boburga yon bosadi.
Shayboniyxonning dushmanlari esa behisob. Sulton Ali mirzoning ko‘pchilik bek va
navkarlari bultur Shayboniyxonga qo‘shilgan edi, Bobur Samarqandni olgandan keyin
hammasi uning tomoniga qochib o‘tib ketdi. Boburning qo‘shini kun sayin ko‘payib
boryapti. Hatto Andijondagi Ahmad Tanbal ham ukasi Sulton Xalilni ikki yuz navkari
bilan Boburning ixtiyoriga yuboripti. Shayboniyxon shuni eshitgandan keyin, hozir
Boburning obro‘si juda baland ekanini, undan hatto Ahmad Tanbal ham qo‘rqib qolganini
sezdi. Bu ketishda yozga borib Boburning qo‘shini yana ham ko‘payadi. Shayboniyxon
hal qiluvchi jangni tezlatmasa, keyin yutqizadi.
_____________
* D a b u s i ya — «Temir qo‘rg‘on» demakdir. Ziyoviddin degan joyda hozir bu qal’aning xarobalari bor.
* * *
Shayboniyxon sultonlari bilan kengashib, erta bahorda Buxoro va Dabusiya qal’asini
ishonchli odamlariga qoldirdi-yu, o‘zi Samarqand tomonga qo‘shin tortib kela boshladi.
Shundan sal oldin Shayboniyxon Boburga maktub yo‘llab, uni masof urushga*
chaqirgan, «Mardlar maydonda sinalgay, qal’ada bekinib yotish yosh bolaning ham
qo‘lidan kelur!» degan mazmunda achchiq kinoyalar qilgan edi.
Nihoyat, Bobur ham Samarqanddan qo‘shin bilan keldi-yu, Saripulda* Shayboniyxon
askarlaridan bir tosh berida to‘xtab, jangga tayyorlana boshladi. Bobur Zarafshon
daryosi ko‘rinib turgan bir joyni o‘rda qilib, atrofiga chuqur xandaqlar qazitdi, shox-
shabbalardan o‘q o‘tmaydigan ihotalar yasatdi.
Shunga qaraganda Bobur masof urushga uncha tez kirishmoqchi emas edi, orqadan
yana yangi kuchlar yetib kelishini kutmoqchi edi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |