www.ziyouz.com
кутубхонаси
27
soldilar: qop-qorong‘u, atrof kimsasiz. Xoja va Chechek Xotun lahimdan chiqayotib, ilonlarga
qaradilar. Ilonlar ishora bilan shu yerda qolib, shu tepalikni makon tutajaklarini bildirdilar. Xoja va
Chechek Xotun tashqariga chiqib, yulduzlarga qarab Xo‘qand yo‘lini aniqlab oldilarda, yo‘lga
tushdilar.
Ular Xo‘qandga yetib kelgach, to‘g‘ri hukmdor Abdulkarimbiy o‘rdasiga kirib bordilar. Xon bilan
uchrashib, bo‘lgan voqealarni so‘zlab berdilar. Abdulkarimbiy asirlikdan bo‘shatilib, qaytib kelgan bir
qancha jangchilardan bu voqeaning boshlanish qismini eshitgan edilar. Qolgan qismini ularning
o‘zidan tinglagan xon yoqa ushlab, ularga tahsin, Allohga hamd-sano o‘qidilar va mirzolarni chaqirib,
bu voqeani yozib olishga buyurdilar.
Ko‘p o‘tmay shayxulislom Xoja Pirmuhammad Qalandar va Chechek Xotunni nikohlab qo‘ydilar.
Xoja yana qo‘llariga qurol-yarog‘ olib jung‘orlarga qarshi jangga kirdilar. Nihoyat Abdulkarimbiy
boshchiligidagi Farg‘ona xalqi jung‘orlarni vatan hududidan haydab chiqardilar.
Vaqti soati yetgach, Chechek Xotun bu foniy dunyo bilan vidolashdi. Vasiyatiga ko‘ra uni o‘sha
o‘zlari yaxshi bilgan tepalik ostidagi o‘tov ichiga dafn etdilar. Xoja Pirmuhammad ham zohidlik
yo‘liga kirib, tarki dunyo qilib, shu g‘orni o‘zlariga makon tutdilar. Allohga omonatlarini
topshirganlarida vasiyatlariga ko‘ra muridlari u zoti bobarakotni shu g‘or ichiga, Chechek Xotun
yoniga dafn etdilar. Ularni ozod etgan ilonlarning avlodlari esa bir umr ushbu muqaddas mozorning
qo‘riqchilari bo‘lib qoldi. Garchi, mozor rasman “Xoja Pirmuhammad Qalandar mozori” deb
nomlansa-da, xalq lafzida, bu sun’iy g‘or ichida avliyoning qabri mavjudligi tufayli “G’orbobo”,
“G’orbuvo” deb ataladigan bo‘ldi...
Qissani yozib olgach, marhum padari buzrukvorimga ko‘rsatdim. U zot mozor haqida o‘z
ko‘rganlarini so‘zlab berdilar. Ilgari, qishni istisno qilganda, yil bo‘yi vodiyda sayil qilish mumkin
bo‘lgan ekan. Sayillar mashhur mozor va qadamjolarda navbati bilan o‘tkazilar, jumladan, yoz
pallasida Arslonbob, Shohimardon, O’sh, Safed Bulonda, kuz va bahorda tekislikdagi boshqa
muqaddas joylarda o‘tkazilgan. Shu jumladan, ayni navbahorda G’orbuvoda ham katta sayil o‘tkazilib,
vodiyning turli joylaridan ziyoratchilar kelar ekan. Otamiz ham yosh yigitlik chog‘larida G’orbuvoga
bir necha marta borgan ekanlar. G’orbuvo sayilining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shu ekanki,
ziyoratchilar bu yerda ilon boqish jarayonining guvohi bo‘lar ekanlar: har kuni ertalab va kechki payt
mozor xizmatchilari g‘or og‘ziga katta sopol tog‘ora qo‘yib, bir savat nonni mayda burdalab, tog‘araga
solishar, ustidan to‘ldirib sut quyishar va tomoshabinlarga murojaat qilib, uzoqroqqa borib turishlarini
so‘rashar ekan. Bir oz vaqt o‘tgach, g‘or ichkarisidan bir qancha ilon chiqib, tog‘aradagi sutga ivigan
nonni yeb, vishshillashganicha yana g‘orga kirib ketar ekanlar. Ziyoratchilar yaqin atrofdagi qishloqlar
ahlidan:
— Bu ilonlar sizlarga ziyon yetkazmaydilarmi?— deb so‘raganlarida, ular: – Yo‘q, ular g‘ordan
tashqariga chiqishmaydi. Shu paytgacha birovni ilon chaqqanini bilmaymiz. Qaytaga, ular shu
deparani turli ins-jins, balo qazodan himoya qilib turishadi — deb javob berar ekanlar.
Shuningdek, Mavlud oylarida ham bu yerda bir kunlik sayil bo‘lib, katta izdihom bilan Mavludi
Sharif o‘qilgan. Ushbu marosimda deparaning barcha qorilari ishtirok etar ekanlar. Yana bir sayil Iydi-
Qurbonning ikkinchi kuni o‘tkazilgan. Yaqin-o‘rtada istiqomat qilib, qurbonlikni niyat qilib qo‘ygan
o‘ziga to‘q kishilar so‘yiladigan jonliq va masalliqlarni shu yerga olib kelib, qurbonlikni shu yerda
o‘tkazar, atrof qishloqlar aholisi ham undan bahramand bo‘lardi.
Tepalik yonidagi xonaqohda yilda bir marta “Zikri Sa’mo” (ko‘pchilik bo‘lib, ovoz chiqarib Allohni
yod etish) o‘tkazilar, unga vodiyning eng yaxshi zokirlari (zikr o‘quvchilari) taklif qilinar ekan.
Dadamiz rahmatli keyinroq, o‘ttizinchi yillar oxirida qandaydir bir xizmat bilan u yerga
borganlarida butunlay boshqa manzarani ko‘rdilar; g‘orning og‘zi berkilib ketgan, sayilgohdagi
qo‘shxona (ziyoratchilar qo‘nadigan joy) lar va choyxonalar, oshxonalar buzilgan, ilgarigi fayz,
ma’naviy jo‘shqinlikdan asar ham qolmagan ekan. O’sha yerlik bir tanishlarining aytishicha, milliy-
ozodlik harakati bostirilgach, g‘oliblar, ya’ni sovetlar bu harakat ishtirokchilarini surgun qilish, otib
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |