www.ziyouz.com
кутубхонаси
123
sig‘dirmagan qo‘rboshilar vaqti-soati yetib, o‘zlari ham Afg‘onistonga qochib o‘tib, musofirlik
namagini totib ko‘rishdi. Ular Shermuhammadbek bilan bir necha bor uchrashdilar, o‘tgan ishlar uchun
kechirim so‘rashdi, kurashni davom ettirish uchun hamkorlikka chorlashdi. Shermuhammadbek ham
kek saqlab o‘tirmadi. Ular hamkorlikda kurashni davom ettirdilar. O’ttizinchi yillarning boshlarida bir
necha o‘n bor chegarani buzib o‘tib garchi, katta g‘alabaga erisha olmagan bo‘lsalarda, Sho‘rolarga
qarshi kurash xali davom etayotganligini bildirib qo‘ydilar.
Shermuhammadbek milliy-ozodlik harakatining yirik sarkardalaridan biri Ibrohimbek Laqay bilan
bir necha marta uchrashadi. Bir-birlariga o‘tgan voqealar uchun uzr-ma’zur qilishadi. Shuningdek,
Ibrohimbek, Buxoroning sobiq amiri Olimxon bilan Shermuxammadbekni yaqindan tanishtiradi, ko‘z
yoshlar bilan samimiy quchoq berib ko‘rishadilar, o‘tgan ishlar uchun uzr aytishib, kelgusi rejalar
haqida fikrlashadilar. Shermuhammadbek 1930 yilga qadar ikki marotaba katta kuch bilan
Afg‘onistondan turib qizillarga qarshi tashlanadi. Lekin taqdir unga kulib boqmadi.
Shermuhammadbek Afg‘onistonga o‘tish asnosida daryo o‘rtasida sol qayiqni bir muddatga
to‘xtatib, Vatan tuprog‘idan ko‘z uzolmay iztirob chekib, turli o‘y-xayollarga borganligi, shu
jumladan, dushmanlar Vatandan judo qilgani bilan kifoyalanmay, yomon otliq qilish, tuhmat, bo‘hton
toshlarini otishi muqarrarligini qalbida o‘tkazganligini yuqoridagi boblarimizda hikoya qilgan edik.
Shermuhammadbek 1945 yilga qadar Afg‘onistonda, Hindistonda, 1951—1959 yillarda Pokistonda,
1959 yildan 1970 yil 10 martga qadar, ya’ni, umrining oxirigacha Turkiyaning Adana shahrida
yashadi.
U qalbida iztirob, bir umrlik Vatan qayg‘usi bilan 77 yoshida yorug‘ dunyoni tark etdi.
Shermuhammadbek Afg‘onistonga o‘tib ketgan paytdan boshlab Sho‘rolar uni yomon otliq qilish
uchun siyqasi chiqib ketgan, biroq sinovdan o‘tgan, eng mohir ig‘vogarlarning cho‘ntagidan tushib
qolgan iflos usullarni qo‘lladilar.
Boymirza Hayit Shermuhammadbekning Afg‘onistondagi hayotini o‘z asarlarida yoritib o‘tgan.
Ulardan kichik bir parcha keltiramiz: “Ruslar afg‘on hukumatidan Shermuhammad va boshqa
qo‘rboshilarni Sovet ittifoqiga qaytarib berishni talab qiladilar. Afg‘on hukumati bu talabni rad etadi.
Sovet ruslarining qistovi va nayrangiga ko‘ra Shermuhammad, Nurmuhammad va Afg‘onistonda
qo‘nim topgan boshqa qo‘rboshilar ushlanib, Ikkinchi jahon urushi tugagunga qadar (olti yil chamasi)
qamoqda saqlandilar. Urushdan so‘ng ular ozod etildilar...”
Shermuhammadbekning keyingi hayotini puxta o‘rgangan
Do'stlaringiz bilan baham: |