www.ziyouz.com
кутубхонаси
68
— Ma’zur tutadilar, olampanoh, sizdek islom tayanchi, shariat posboni, musulmonlar amirini o‘rus
kofirlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lishingiz mumkin deyishga kim ham jur’at etar edi?
— Og‘zingni yum, mahmadona, senlar bizni Rusiya hukumati bilan urushtirib qo‘yishga harakat
qilganlaring yetmaganday, bizni kalaka qilishga ham jur’at etdingmi?
— Olampanoh, hech ham kalaka qilmoqchi emasmiz. O’sha siz bilan do‘stona munosabatda
bo‘lgan Rusiya hukumatining bugun bo‘lmasa ertaga, ertaga bo‘lmasa indin Buxoro va Xivaga yurish
qilish, amirlik va xonlikni bekor qilib, ularni butunlay Rusiya tarkibiga qo‘shib olish, qisqasi, har ikki
mamlakatni qonga botirishni rejalashtirib qo‘yishganidan xabarimiz bor. Ularni Farg‘onadagi ozodlik
urushi to‘xtatib turibdi xalos.
Farg‘onadan tinchimaguncha ular bu tomonga yurish qilishga qo‘rqadilar. Demak, Farg‘onada
urush qanchalik cho‘zilsa, saltanatingiz umri shuncha uzayadi. Bizni qurol-aslaha bilan ta’minlab
tursangiz, urush ham uzoqqa cho‘zilishi turgan gap. Biz qurol-aslaha so‘rashdan tashqari, o‘rus
kofirlarga qarshi birgalikda kurashish haqida siz bilan so‘zlashib olishimiz kerak edi. Olampanoh, hali
ham hech gap emas. Vatanni kofirlardan, bolshavoylardan ozod qilish uchun birgalikda kurash olib
boraylik. Siz amiralmuslimin, amir lashkari islom bo‘lib g‘azovot bayrog‘ini ko‘taring. Biz—jami ahli
Turkiston sizning yigitlaringiz bo‘lib, bayrog‘ingiz ostida jang qilaylik...
— Bas qil! Mirg‘azab!
Salomxonaga mirg‘azab (mirshablar boshlig‘i) kirib, ta’zim qildi.
— Mana bularni zindonband qil! — deb farmon berdi amir.
Mirg‘azab dahlizga chiqib, o‘nta mirshab va sarbozni olib kirib, elchilarni qo‘llarini orqaga qayirib
olib chiqib keta boshladi.
— Elchiga o‘lim yo‘q! — deya baqirdi Toshboltabek.
— Senlar elchi emas, bizni Rusiya bilan urushtirib qo‘ymoqchi bo‘lgan fitnachilar. Mirg‘azab,
tezroq olib chiq!
— Olampanoh, xudo ko‘rsatmasin-u bir kun kelib sizga do‘st bo‘lgan Rusiya sallotlari sizni ham
shu tariqa qo‘lingizni qayirib olib chiqayotganda ko‘zingiz ochilar, kim do‘stu kim dushman, kim
fitnachi ekanligini bilib olarsiz...
Ark qarshisidagi choyxonada Sotboldi Karvon bilan choylashib o‘tirgan Xayrulloxon Ponsodning
ko‘zi nogohon o‘z sheriklarining qo‘lini qayirib olib ketayotgan sarbozlarga tushdi.
— Nima bo‘ldi ekan? Bularni qaerga olib ketayotgan bo‘lishlari mumkin?
— Biror so‘z yoki harakat bilan amirning g‘azabiga duchor bo‘lishganga o‘xshaydi, — dedi Ark
hayotini yaxshi bilib olgan Sotiboldi Karvon, — ularni zindonga buyurdilar chog‘i, illo asosiy zindon
shu tomonda, Arkdan tashqarida.
— Nima voqea ro‘y berganligini qanday bilsak bo‘lar ekan?
— Hozir, bir ilojini qilamiz.
Sotiboldi Karvon choyxona xo‘jayinini chaqirib, maslahat so‘radi.
— Buning iloji oson, — dedi choyxona xo‘jayini,— Ark bangilarining chiqadigan vaqti bo‘lib
qoldi, o‘shalardan so‘raymiz.
Ko‘p o‘tmay Arkning quyi va o‘rta darajali mansabdorlaridan bir nechasi chiqib, choyxonaning
poyakixonasiga kirib ketdilar. Choyxona xo‘jayini ularga shaxsan o‘zi chilim, bang olib kirib ketib, bir
ozdan so‘ng qaytib chiqdi:
— Qabul vaqtida hozir bo‘lgan Mirzo bilan gaplashdim. U salomxonada bo‘lgan gaplarni aytib
berdi. Ularning taqdiri nima bo‘lishini ertaga surishtirib — bilib aytib beradi.
Xayrulloxon Ponsod yonidan pul chiqarib “Mirzoning xizmat haqi” deb choyxona xo‘jayiniga
uzatgan edi, u pulni olishdan bosh tortdi:
— Qo‘ying, bizga mehmonsizlar. Buxoroda mehmondan pul olmaydilar. Pulingiz hali o‘zingizga
kerak bo‘ladi — deb lutf etdi.
Ertasi kuni choyxona xo‘jayini o‘zining xos hujrasida Xayrulloxon Ponsodni Ark mirzosi bilan
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |