www.ziyouz.com
кутубхонаси
3
260—270 ming askar, zamonaviy qurollar bilan ish olib bordi. Yuz minglab yurtdoshlarimiz jon fido
etdi, bir milliondan ziyod vatandoshlar xorijga chiqib ketdi, 1935—1939 yillarda o‘n minglab mahalliy
aholi “bosmachilar”ga qo‘shilganlikda, yordam berganlikda, xayrixoh bo‘lganlikda yoki ular haqida
ma’lumot bermaganlikda ayblanib, Sibir, Uzoq Sharq, Shimolga surgun qilindi. Ayrim xorijdagi
ma’lumotlarga qaraganda, O’rta Osiyo mintaqasida jami 5 million 600 ming kishi bu yo‘lda qurbon
bo‘lgan.
Bu hayot va mamot uchun kurash jarayonida xalq orasidan ko‘plab jasur sarkardalar, qo‘mondonlar,
qo‘rboshilarning butun bir avlodi yetishib chiqdi. Shaxobiddin Yassaviyning “Turkiston achchiq
haqiqatlari” kitobida 114 qo‘rboshi haqida ma’lumot keltirilgan. Ular orasida Farg‘ona vodiysida
kichik va katta Ergashlar, Muhammad Aminbek (Madaminbek), Shermuhammadbek, Omon Pahlovon,
Jonibek Qozi, Mahkam Xoji, Isroilbek, Ahmad Polvon, Rahmonquli, Islom Pahlavon, Xorazmda
Junaidxon, Zarafshon vodiysida Mulla Abdulqahhor, Jo‘ra Amin, Murod Meshkob, Mitan Polvon,
Sharqiy Buxoroda Ibrohimbek Laqay, Davlatmandbek va boshqalar bor. Bu zotlarning har birini
maxsus tadqiq qilish lozim. Sho‘rolar davrida ularning barchasiga xalq dushmani degan tamg‘a
yopishtirilgan, ular haqida biror og‘iz ijobiy so‘z aytishning mutlaqo imkoni bo‘lmagan, aksincha, ular
keragicha yomonga chiqarilgan, chin tarix o‘rnini yolg‘on tarix egallagan edi.
Buyuk istiqlolimiz tarixni haqqoniy yoritish uchun keng imkoniyatlar ufqini ochib berdi. Bunday
bo‘lishini o‘sha yomonotliqqa chiqarilgan “bosmachilar”, sarkarda, lashkarboshilar, qo‘rboshilarning
o‘zlari oldindan bashorat qilganlar, qachonlardir yurt qizil imperiya sirtmog‘idan qutulib, mustaqil
taraqqiyot yo‘liga o‘tishlariga qat’iyan ishonganlar. Bu o‘rinda Nyu-Yorkda yashayotgan
Davronbekning shaxsiy arxividan olgan bir hujjatga murojaat qilish joizdir. Shermuhammadbekning
o‘g‘li Davronbekdan olingan bu hujjatda 1927 yili Sha’bon oyining birinchi-uchinchi kunlarida Qobul
shahridagi Alimardon bog‘ida butun Farg‘onadan, Turkistondan muhojir bo‘lib borib qolgan
“bosmachilar”, qo‘rboshilar, ponsodlarning Shermuhammadbek raisligida andijonlik Abdulhay
Maxdum kotibligida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda 1917—1924 yillarda Farg‘ona vodiysidagi istiqlol
urushi haqidagi esdaliklar umumlashtiriladi, vodiydan chiqqan qo‘rboshilar, lashkarboshilar nomlari
hamda Shermuhammadbek muhorabalaridan, tarjimai holidan lavhalar keltiriladi. Shahid ketgan
yuzlab istiqlol kurashchilari zikr etiladi. Ular xotirasi lavhasiga mana bu so‘zlar bitilgan:
Do'stlaringiz bilan baham: |