22
Qadimgi Misr tarixini o`rganish uchun qadimgi Misrning zamonamizgacha saqlanib kelgan
ko`pgina yozma yodgorliklari katta ahamiyatga egadir. Yozma manbalardagi ma'lumotlar moddiy
madaniyat yodgorliklarini ko`p jihatdan to`ldiradi, bu ma'lumotlar qadimgi zamondagi misrliklar
hayotini, texnika, san'at va diniy e'tiqodning rivojlanishini oydinlashtirib beradi. Antik dunyo
mualliflarining qadimgi Misr haqida yozgan yoki eslab o`tgan asarlaridan Misr tarixiga oid ko`p
ma'lumot olish mumkin. Garchi yunon va rim yozuvchilari qadimgi Misr tarixi va madaniyati
haqida ba'zan bir qator qimmatli ma'lumotlar qoldirgan bo`lsalar ham, lekin ularning ma'lumotlari
tanqidiy ravishda jiddiy qarashni talab qiladi.
Qadimgi Misr tarixi ko`p xil manbalar orqali o`rganiladi. Bu manbalarni yetti turga bo`lish
mumkin:
1)
Yozma manbalar, tarixiy asarlar, badiiy adabiy, ilmiy, diniy matnlar, hujjat va yo`riqnomalar.
2)
Moddiy madaniyat yodgorliklari: shahar, qal'a, ibodatxona, sog'ona, uylar, sopol idishlar,
haykallar va h. k.
3)
Xalq og'zaki ijodiyoti: qo`shiq, ertak, maqollar, afsona, axloqiy-etik asarlar.
4)
Tilshunoslik ma'lumotlari.
5)
Etnografiya ma'lumotlari
6)
Antropologiya ma'lumotlari: mumiyo, skelet, freska, relyeflarda odamlarni jismoniy
tuzilishini o`rganish mumkin bo`lgan tasvirlar.
7)
Geografik muhit va landshaft, kanallar, yo`llar.
Yozma manbalar: Mashhur fransuz olimi Shampol`onning Misr iyerogliflarini o`qishi
qadimgi Misr yozuvini o`rganishda muhim ahamiyat kasb etdi. Palermo toshi yozuvlarida V
sulolagacha bo`lgan fir'avnlarining ro`yxati sanab o`tilgan va yirik harbiy yurishlar va Nil
toshqinlari to`g'risida ma'lumot beradi. Aton va Ra ibodatxonalari (Fivadagi Karnak ibodatxonasi)
devorlarida yozilgan «Tutmos III annallari» (XVII sulola) qimmatli yozma manbalardan biri
hisoblanadi.
Kohin Manefonning (taxminan er. avv. VI-III asrda) yozilgan asarida misr tarixi eng
qadimgi davrdan boshlab bayon qilingan. Manefon 30 sulola ro`yxatini tuzib, ularni uch dekada 10
sulolaga bo`ldi. Bu yangi davrda tadqiqotchilarning Misr tarixini eng muhim davrlarini aniqlashlari
uchun jumladan, qadimgi Misr tarixini, qadimgi, o`rta, yangi va so`nggi podsholik davrlariga
bo`lish imkoniyatini berdi. Misr arxivlari huquqiy, ish yuritish hujjatlaridan tashkil topgan. Eng
qadimgi arxiv podsho Neferikara ibodatxonasida (V sulolasi er. avv. XXV-XXIV asr) topilgan. Eng
boy arxivlardan biri Axetaton shahri (El-Amarna)ni qazishda topilgan bo`lib, bu arxivda 350 hujjat
mavjud.
Qadimgi Misrdan boy abadiy meros yetib kelgan. Misr adabiyoti namunalaridan
nasihatnoma va bashoratlar: «Axtoy nasihatnomasi», «Amenemope nasihatnomasi», «Ipuser
so`zlari». Badiiy adabiyot namunalari: «Suzamol dehqon to`g'risidagi qissa», «Sinuxet hikoyalari»
va hokazolarni aytish mumkin.
Ertaklar: «Ikki aka-uka to`g'risida», «To`g'ri va egri» haqida «Kemada halokatga
uchraganlar» ertagi, «Unu Amonning Biblga sayohati» (Er.avv.XI asr kabilar).
Diniy ruhdagi asarlar: V-VIII sulola fir'avnlari piramidalari ichki devorlarida iyerogliflar
bilan tasvirlangan yodgorliklar bo`lib (er.avv.XXIV-XXII asrlar), ular «Piramida matnlari» deb
ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: