“Zamonaviy oilada, farzand tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish masalalari”
mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari to‘plami
98
Bizning nazarimizda, navbatdagi omil – yoshlarni tarbiyalash va oilaga tayyorlash hisoblanadi.
Zamonaviy va mustahkam oilalarni shakllantirishning eng muhim shartlaridan biri bu yoshlarni hayotga
tayyorlashda ularda nikoh hamda oilaviy hayot, shuningdek, ikki jins o‘rtasidagi munosabatlar mohiyati
borasida to‘g‘ri tushunchalar hosil bo‘lishiga yordam berish lozim, bu esa ularni nikoh hamda oilaviy hayotni
tashkil etish jarayoniga psixologik jihatdan tayyorlaydi, yoshlarda nikohga kirishish hamda oilaviy hayotni
tashkil etish borasida amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantiradi.
Oilada yoshlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash murakkab jarayon sanalib, mazkur jarayonning
samarali tashkil etilishi bu boradagi muayyan kamchilik va muammolarning bartaraf etilishi bilan belgilanadi.
Ayni vaqtda esa zamonaviy oilada yoshlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash masalasida bir qator
muammolar mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir:
birinchidan,
ota-onalarning oilada yoshlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash jarayonining mohiyati
xususida to‘la ma’lumotga ega emasliklari;
ikkinchidan,
ota-onalarning o‘z farzandlari bilan ma’lum masalalarda ochiq oydin muloqotda bo‘la
olmasliklari;
uchinchidan,
ota-onalar tomonidan yoshlarni oilada mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash uchun nazariy
va amaliy bilimlarni o‘rganish imkonini beruvchi manbalarning yetarli darajada mavjud emasligi;
to‘rtinchidan
, kelin va kuyov munosabatlarining mazmunini ularga anglatish vazifasini qizning yanga
(kelin oyi)lari, yigitning oshnalari zimmasiga yuklash an’analarining mavjudligi ota-onalarda oila sharoitida
yoshlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash jarayonining mohiyatini to‘la tushunmasliklariga sabab
ekanligini inkor eta olmaymiz.
Buning uchun esa oila quruvchi yoshlar quyidagi tavsiyalarga alohida e’tiborlarini qaratsalar, maqsadga
muvofiq bo‘lar edi:
Birinchidan, yoshlar oila qurishdan oldin har bir millatning o‘ziga xos milliy mentaliteti va turmush
tarzi o‘rtasida ichki aloqadorlik mavjudligini yaxshi o‘rganishlari lozim. Chunki ayrim turli millat vakillarining
faqatgina sevgi-muhabbat asosida oila qurishlari keyinchalik oilaning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lishi
mumkin.
Ikkinchidan, oilada ota-ona farzandiga milliy turmush tarzini chuqur singdirishi, ularni oila qurishga
tayyorligiga ishonch hosil qilib to‘y qilishlari lozim. Vaholangki, ayrim oilalarda moddiylik birinchi o‘ringa
chiqishi yangi oilalarning kelishmovchiliklar asosida ajralishiga olib keladi.
Uchinchidan, yoshlarni jismonan va ruhan, ya’ni har tomonlama, sog‘lom qilib voyaga yetkazish
kerak. Chunki oilaning ma’naviy asoslarini sog‘lomlashtirishda ko‘proq yoshi kattalarning nasihatlari va
qonunlarga amal qilish mexanizmlari joylarda to‘liq joriy etilmayapti.
To‘rtinchidan, farzandlarning ongiga yoshligidan boshlab estetik va axloqiy tarbiya berishda xalqning
urf-odatlari, an’analari, kishilarning fikrlash tarzini singdirish kerak.
Beshinchidan, O‘zbekistonning bugungi globallashuv jarayonlarida geosiyosiy mavqeyidan kelib chiqib,
farzandlarni xorijiy davlatlar fuqarolari bilan turmush qurishidagi aloqalarni ham chuqur mushohada qilish,
farzandning baxti farovon bo‘lishi omillarini o‘ylash lozim.
Oltinchidan, davlatimiz tomonidan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilayotgan keng
imkoniyatlardan foydalanish yuzasidan joylarda doimiy ravishda targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish
kerak.
Yoshlarni oila va oila munosabatlariga tayyorlab borish, ota-ona, jamiyatning asosiy vazifalaridan
biridir. Bolalik davridan o‘smirlik davriga o‘tgunga qadar axloqiy va sotsial qadriyatlar bilan bola tarbiya
qilib bormog‘i lozim. Mana shu o‘tish davrida bola shaxs sifatida takomillashib boradi, bola o‘tish davri
boshlanganda o‘zini balog‘atga yetganligini sezmasdan, balki oilada bolalik davrida asta-sekin balog‘atga
yetilishini sezib boradi. Jinsiy tarbiyaga alohida e’tibor berish milliy maktablar, o‘zbek oilalari uchun dolzarb
masalalardandir. Binobarin, yosh avlodni axloqiy, jismoniy, estetik va ma’naviy jihatdan voyaga yetkazishda
jinsiy tarbiya katta ahamiyatga ega. Biroq, bu sohada samara beradigan barcha tarbiyaviy norma va tadbirlarni
ishga solmasdan turib mavaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. O‘spirinlik davrida yuzaga keladigan his-tuyg‘ularni
to‘g‘ri idora etish, sevgi, muhabbat, rashk munosabatlarining naqadar nozik bo‘lishi, bo‘lajak oilaning baxti
uchun g‘amxo‘rlik qilish haqidagi tushunchalarni ular ongiga singdirish, yaxshi natija beradi, deb o‘ylaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |