21
Qorong‘i namozshomda issiq suvlab-issiq suvlab qo‘l yuvdim.
Olqindilab-olqindilab qo‘l yuvdim.
Begona o‘t ko‘klari ketmadi. Kaftlarim ko‘kmak-ko‘kmak bo‘lib qoldi. Kaftlarim qora-qora chiziq
bo‘lib qoldi.
22
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
73
Ayolimiz kenjadan to‘ng‘ichimizni ostonaga qo‘ydi.
— Bor otaga, bor! — dedi.
Kenjadan to‘ng‘ichimiz miyiq kulib qaradi. Kenjadan to‘ng‘ichimiz barmoq so‘rib qaradi.
— Ha? — dedim. — Kel, qani, kel!
Men kenjadan to‘ng‘ichimizni barmoqlarim bilan o‘zimga imladim.
Kenjadan to‘ng‘ichimiz quloch ochdi. Bidirlab-bidirlab keldi. Bo‘ynimdan quchoqlab oldi.
Men kenjadan to‘ng‘ichimizni bag‘rimga oldim. O‘zimni ketim bilan bolish tashladim.
Kenjadan to‘ng‘ichimiz ko‘ksimda minib o‘tirdi.
Men kenjadan to‘ng‘ichimiz... bulbulini o‘ynadim.
— O‘ynab qo‘yay, chuldiringdan, o‘ynab qo‘yay! — dedim. —Chuldiringdan-da, chuldiringdan-
da!.. Chuldir katta bo‘lsa, bir ayol olib olib beramiz-da!..
Kenjadan to‘ng‘ichimiz bet-boshimda barmoq yuritdi. Kenjadan to‘ng‘ichimiz ajinlarimni sanadi.
— Bir, ikki, uch...
Kenjadan to‘ng‘ichimizdan to‘ng‘ich-to‘ng‘ichimizgachayin ajinlarimni sanab-sanab katta bo‘ldi.
Birovi oltmish-etmish sanadi.
Tag‘in birovi ... yuzdan oshirib sanadi!
Emish-emish —bir ajin bir qayg‘uni bildirar emish.
Emish-emish — bir ajin bir dardni bildirar emish.
Emish-emish — bir ajin bir armonni bildirar emish.
OLTINCHI BOB
1
— Barcha uy-uyiga, kapa-kuyiga! — deya majlis tarqatdi raisimiz. — Dehqonqul aka, siz bir
maydon oyoq iling!
Nima gap demishday raisimiz yuziga tikildim. Biron alomat anglamadim. Joyimga qaytib o‘tirdim.
Faollar ketib bo‘ldi. Raisimiz idorani mahkam yopib keldi.
— Aytgan-boylaganlaringizni chiqara bering, — dedi raisimiz. — Mukofotga mototsikl olib
beraman.
Men hazil deya o‘yladim. Kalla irg‘ab-kalla irg‘ab kuldim.
— O‘ynab qo‘yay, mototsikllaridan, o‘ynab qo‘yay, — dedim.
— Nimaga kallapoychaga o‘xshab ishshayapsiz? Men sizga o‘naqay gapni aytayapman!..
Raisimizni gapi qornidan qo‘pol bo‘ldi, qorni gapidan qo‘pol bo‘ldi.
Men gap chinligini bildim: Sergak bo‘ldim. Barmoqlarimni qirs-qirs etdim.
— Hali-hozir birovga bildirmay turing, — dedi raisimiz. — Mukofot o‘z oti o‘zi bilan mukofot-da.
Idoradan terimga sig‘mayin qaytdim.
Mototsikl mukofot olayin-u, ichimda yutayinmi? Mototsiklday uchqur texnikani ichda yutib
bo‘ladimi? Maydaroq bir nima bo‘lsa ekan!
Aytmayman-a, aytmayman!
Bola-baqramni qator o‘tirg‘izib maqtandim!
— Mehnat — mehnatni tagi rohat, o‘rtoqlar! — dedim. — Mana endi mototsikl minamiz, ha!
Yaxshi o‘qisalaring, maktabga mototsiklda olib borib, mototsiklda olib kelaman. Yo‘q, olib kelolmas
ekanman, o‘zlaring piyoda kelar ekansizlar. Men kechqurun mototsiklda maylisga borar ekanman.
Ayolimiz dasturxondan ko‘z uzmadi.
— Mototsiklni pulga beradi-da, — deya ming‘illadi.
— Yo‘q, mukofotga olayapman. Rais o‘z tili bilan o‘zi aytdi, mukofotga beraman, dedi.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |