Ma'lumki, asrimizning 60-70 - yillari mustamlakachilik tizimining yemirilishi va
ko`plab yangi mustaqil davlatlarning vujudga kelish davri hisoblanadi. Bu davrda
"nomerkantilizm" g`oyalari ilgari surilmoqda. Yosh, rivojlanayotgan davlatlarning ko`pchiligida
iqtisodiyotda davlat sektorining kattaligi, xalq xo`jaligida reja va dasturlar mavjudligi, milliy
sanoatni bojxona tariflari bilan himoya qilish va boshqa choralar "nomerkantilistik" hisoblanadi.
Ikki tomonlama savdo shartnomalari, davlat zayomlari yo`li bilan industrializatsiyani
moliyalash, baholarni tartibga solish va monopoliyalar daromadini cheklash ham shu ta'limotga
to`g`ri keladi.
90-yillarda boshlangan, ilgarigi sotsialistik rivojlanish yo`lidan borayotgan
davlatlarning bozor munosabatlariga o`tish davridagi iqtisodiy siyosati ham ko`p jihatdan
yuqorida keltirilgan holatlarga juda o`xshashdir. Ayniqsa, tadrijiy (evolutsion) yo`lni tanlagan
davlatlarda bu siyosat ancha kuchlidir (bu to`g`rida kerakli ma'lumotlar mazkur boblarda
beriladi). Shu sababli merkantilizm ta'limotini har tomonlama o`rganish ham nazariy, ham
amaliy ahamiyat kasb etadi.
XULOSA
XV asr oxiri - XVIII asrlar davomida yangi iqtisodiy ta'limot - merkantilizm va u bilan
bog`liq siyosat paydo bo`ldi. Bu ta'limot bo`yicha millat (xalq) boyligining asosi muomala
sohasida yuzaga keladi (avvalgi qarashlardan prinsipial farq qiladi). Bu ta'limotda ikki davrni
ajratish mumkin:
1. Ilk merkantilizm yoki monetarizm (ya'ni pul degani) XV-XVI asrlarda (qisman XVII
asrda) mavjud bo`ldi va boylik asosan oltin, kumush va boshqa qimmatbaho javohirlardan iborat
bo`ladi, degan g`oyani ilgari surdi. Shunga oid siyosat ham olib borilgan, unda chetdan imkoni
boricha ko`proq nodir metallar keltirish va ularni chetga kamroq chiqarish targ`ib qilingan.
2. Rivojlangan merkantilizm ta'limotida boylik savdo-sotiq sohasida savdo balansi
asosida yuzaga kelgan, imkoni boricha ko`proq eksport qilish va mumkin qadar kamroq import
qilish g`oyasi ilgari surilgan.
Merkantilizmning ayrim mamlakatlardagi ko`rinishi milliy xususiyat kasb etgan,
ayniqsa Fransiyada kolbertizm, Germaniyada kameralistika shakllari yaxshi ma'lum.
Bu ta'limot yangi tug`ilayotgan jamiyat - kapitalizm rivoji uchun ijobiy progressiv
xarakterga ega bo`ldi. Kapitalning dastlabki jamg`arilishiga imkon yaratdi, mustamlakachilik
tizimini qo`llab-quvvatladi, tovar-pul muomalasi rivojiga olib keldi, moliya tizimining rivoji
tufayli iqtisodiyot jonlandi. Merkantilizm ta'limotida davlat iqtisodiyotga faol ishtirok etishi
shart, shunga oid iqtisodiy siyosat ham yuzaga keldi.
Merkantilizm tarixan cheklangan bo`lsa ham (u XVIII asrda to`g`ri va qattiq tanqidga
uchradi), ta'limotlar tarixidan munosib o`rinni egallaydi. Lekin bu ta'limot va unga asoslangan
siyosatni to`la amalga oshirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi Jon Lo tajribasidan
ma'lum. Merkantilizm moliya tizimi va savdo rivojiga muhim hissa qo`shdi.
Do'stlaringiz bilan baham: