3. QADIMGI SHARQDAGI IQTISODIY G‘OYALAR
Iqtisodiy fan manbalarini avvalo jahon sivilizatsiyasining beshigi bo‘lgan qadimgi Sharqdan
izlamoq mantiqan to‘g‘ridir.
Iqtisodiy g‘oyalarning shakllanishi insoniyatning paydo bo‘lishi bilan boshlangan. Ammo hozirgi
paytda qo‘lyozmalarda aks ettirilgan g‘oyalargina tahlil qilingan. Shu sababli iqtisodiy ta’limotlar
tarixi quldorlik jamiyati, aniqrog‘i, xususiy mulk paydo bo‘lishi bilan boshlanadi, deyish
o‘rinlidir.
Dastlab quldorlik jamiyati Sharqda sinfiy ajralish boshlangan joylarda, Mesopotamiya (Tigr va
Yefrat daryolari oralig‘ida) va Misrda eramizdan avvalgi IV ming yillikda yuzaga keladi. Bunga
asosiy sabab shuki, bu yerda texnologik inqilob ro‘y berdi, metall qurollar ishlatila boshlandi,
qishloq xo‘jaligida intensiv, ko‘p hollarda sug‘orma dehqonchilikka o‘tildi, shu asosda nisbatan
turg‘un ko‘shimcha mahsulot olish imkoni tug‘ilgan. Oqibatda jamiyatda mehnat taqsimotini
rivojlantirishga, ko‘pgina hunarmandchilik sohalarining ajralib chiqishiga, sinfiy tabaqalanishga
turtki bo‘ldi.
Bu davrda qo‘shimcha mahsulot olishning asosiy usuli jamoaga birlashgan dehqonlarni
ekspluatatsiya qilish yo‘li bilan renta - soliq olish (Osiyoda) bo‘lsa, qullarni (davlat yoki xususiy)
beayov ishlatish bilan ham (Yevropada) katta boylik orttirilgan. Sharqda davlatning iqtisodiyotga
aralashuv darajasiga qarab, ayrim «erkin» aholining axvoli qullarnikidan deyarli farq qilmagan
(umuman, Sharq mamlakatlarida qulchilik masalasi hali uzil-kesil hal etilgan emas. Akademik
V.V.Struvye uni tan oladi. Lekin ko‘pgina olimlarning fikricha, Sharqda quldorlik klassik shaklda
rivoj topmagan, patriarxal, ya’ni uy xo‘jaligida ustun bo‘lgan.
Sharq, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi xo‘jalik faoliyatida nisbatan erkin odamlar
ishtirok etgan. Masalan, dehqonchilik, hunarmandchilik, qurilish sohasida qullar mehnatidan
foydalanilmagan. Antik dunyo (Farbiy Yevropa)dagi ayrim regionlarda xalqaro savdoni olib
borish bilan bog‘liq ravishda tovar-pul munosabatlari ham anchagina rivojlangan (masalan,
Gretsiyaning ayrim shaharlari). Shu asosda qulchilikka asoslangan xususiy mulkchilik rivoj topdi.
O‘z mahsulotini sotishga mo‘ljallab ishlab chiqargan qulchilik xo‘jaliklari ekspluatatsiyani
kuchaytirishni talab etgan. Oqibatda klassik yoki antik qulchilik yuzaga keldi (Gretsiya va Italiya).
Bizgacha yetib kelgan eng qadimgi qo‘lyozmada (Qadimgi Misr, eramizdan avvalgi XXII asr)
noib va aholi o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida fikr yuritiladi. Bu davrda sinfiy ajralish to‘la
shakllanmagan bo‘lib, boshqaruv ishiga ishbilarmonlarni taklif etish (yuqori tabaqali yoki oddiy
aholidan bo‘lishidan kat’i nazar) kerak deyilgan.
Qadimgi Misrdan farqli ravishda Mesopotamiyada xususiy mulkchilik va tovar-pul
munosabatlarining nisbatan tez rivojlanishi harakterlidir. Inson shaxsi ozodligining kafolati yo‘q
bo‘lgan usha sharoitda qarzdor kulchilik xo‘jalik rivojiga olib kelar edi. Bunday jarayonlar soliq
to‘lovchilar va harbiylardan ajralib qolishi mumkin bo‘lgan davlatning kuchsizlanishiga olib
kelgan. Saqlanib qolgan yodgorliklarda, yozma qonunlarda iqtisodiy g‘oyalar ham mavjud, unda
mustaqil
ishlab
chiqaruvchilari
huquqlari
himoya
etilgan,
aholi
yerini
sotish
man’ etilgan (m.a. 1792-1750) Xammurapi qonunlari (282 ta) bo‘yicha Sudxo‘rlik faoliyati
cheklangan, uning miqdori pulda 20, mahsulotda 33 foizdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Asosiy maqsad ishlab chiqarishni, birinchi navbatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-
quvvatlash bo‘lgan, ya’ni mehnatsiz daromad topishga qarshi kurashilgan. Qarzni qarz hisobiga
uch yildan ortiq ushlab turish mumkin bo‘lmagan. Umuman, xususiy mulkchilik, shu jumladan
yerga ham tan olingan. Birovning xususiy mulkiga ko‘z olaytirgan, unga zarar yetkazganlar
iqtisodiy jihatdan jazolangan. Bu qonunlar to‘plami davlatning mamlakatni iqtisodiy boshqarish
sohasidagi dastlabki tajribasini ko‘rsatadi. Oqibatda shu davrda mamlakat ham siyosiy jipslashdi,
ham iqtisodiy ravnaq topdi.
Qadimgi Xindistonning «Manu qonunlari»da (m.a. IV-III asrlar) ijtimoiy mehnat taqsimotining,
xukmronlik va bo‘ysunish institutlarining mavjudligi aytiladi.
Xindistondagi iqtisodiy g‘oyalarni aks ettiruvchi qadimgi yodgorlik «Artxashastra» (m.a. IV-III
asrlar oraligida)dir (tom ma’nosi bo‘yicha ifoda, amaliy hayot to‘g‘risidagi fan, bu asar m.a. III-
II asrlarda to‘ldirilgan). Bu qadimiy va muhim tarixiy yodgorlikdir (u Chandragupta I podsholigi
davrida podsho maslaxatchisi Kao‘tilye Bishnugupta tomonidan yozilgan degan fikr bor). Unda
qulchilikni mustahkamlash asosiy vazifa qilib quyilgan. Qulchilik eng past tabaqalarga xos narsa
deb sanaladi. Bu asarda «buyumning qiymati» muammosi ko‘tarilgan, qiymat miqdori «ish
kunlari» bilan belgilangan, rag‘batlantirish esa mehnat natijalariga mos ravishda belgilanishi
kerak, deyiladi.
Bu asarda davlatni boshqarish bo‘yicha takliflar berilgan bo‘lib, bir qancha iqtisodiy g‘oyalar ham
ilgari surilgan. Masalan, unda mahsulotning bozor bahosi bilan uning tabiiy qiymati o‘rtasidagi
farq aytilgan. Tovarga bo‘lgan ehtiyoj ortganda, uning bahosi qiymatidan oshib ketishi mumkin,
deyilgan. Savdo bilan shug‘ullanuvchilarga alohida urg‘u berilgan bo‘lib, foyda masalasi
ko‘tarilgan, foydaning miqdori tovar bahosiga (boshqa harajatlar qatorida) qo‘shilib, mahalliy
mahsulot uchun 5, chetdan kelgan tovarlar uchun 10 foiz (import usha davrda ham afzal) qilib
belgilangan.
Davlatning iqtisodiy ishlarga aralashuvi qo‘llab-quvvatlangan. Qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor
berilgan, bush yerlar xaqqa bo‘lib berilishi va soliq to‘lash zarurligi, sug‘orish inshootlari qurishga
e’tibor haqida so‘z yuritiladi. Umuman, davlat mamlakatning ishlab chiqaruvchi kuchlarini
rivojlantirishi kerak, degan g‘oya markaziy o‘rinni egallaydi. (Hozirgi davrdagi J.M.Keyns va
institutsionalizm tarafdorlari fikri bilan solishtiring.)
Moliya sohasida daromad solig‘iga katta e’tibor berilgan. Davlat ba’zi ishlarni rivojlantirishi
uchun moddiy va ma’naviy yordam berishi kerak, deyilgan. Mahsulotga baho belgilash,
davlatning boyishini ta’minlash (foydani oshirib, sarf-harajatni kamaytirish), hisob-kitobni
tartibga solish, har xil o‘g‘irliklarga qarshi kurashish kerakligi belgilangan. Shu tamoyillarni
amalga oshirish tufayli jamiyatdagi norozilik, tengsizlik yo‘qoladi, deyilgan.
Qadimgi Hindistonda yaratilgan «Veda»larda ham bir qancha muhim iqtisodiy g‘oyalar
keltirilgan.
Respublikamiz olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, zardushtiylik (zoroastrizm) dinining
(islomgacha) muqaddas kitobi bo‘lgan «Avesto» ya’ni «hayot yo‘riqnomasi» (asli «Ovasta») da
ham muhim iqtisodiy fikrlar bayon etilgan. Jumladan, sun’iy sug‘orish asosida dehqonchilik
yuritish, ona tabiatni e’zozlash, hayvonlarni asrash, ularni noo‘rin so‘ymaslik, unga zug‘um
qilmaslik, tuproq sharoitini yaxshilash masalalari yoritilgan. Bu kitob eramizdan avvalni II ming
yillik oxiri - I ming yillik boshlaridagi voqealarni aks ettiradi va juda qadimiy yodgorlikdir (2700
yilligi bayram qilindi).
Bu dinning ta’sir doirasi juda keng bo‘lib, hozirgi Eron, Markaziy Osiyo, Kavkazorti yurtlari
(ayniqsa Ozarbayjon) va boshqa joylarda tarqalgan. M.a. II ming yillik oxiri - I ming yillik boshida
paydo bo‘lgan «Avesto»ning tuliq asl nushasi saqlanmagan, uning ayrim qismlari topilgan, u
qadimiy parfyan, oromiy yozuvida bitilgan, hozirgi davrda rus va o‘zbek tillariga tarjima etilgan,
ayrim bulaklari «San’at», «O‘zbek tili», «Fan va turmush» jurnallarida e’lon qilindi.
Zoroastrizmning asosiy g‘oyasi dualizmga, ya’ni bir tomondan Yaxshilik va Yorug‘lik (xudosi
Axura Mazda), ikkinchi tomondan Yovuzlik va Qorong‘ilik (xudosi Anxra Manu) kuchlari
o‘rtasidagi kurashdir.
Kitobda inson xo‘jalik faoliyatida tabiiy muhit bilan chambarchas bog‘liq deb uqtiriladi, ammo
insonga alohida e’tibor beriladi. Insonga tanlash huquqi berilgan bo‘lib, u Yaxshilik yoki
Yomonlik tomonlarni olishi va shunga mos harakat qilishi kerakligi aytiladi.
Yaxshilik odamning faoliyati yaxshi g‘oya, yaxshi so‘z va yaxshi ishlar bilan bog‘langan bo‘lishi
kerak. Moddiy boyliklarni ko‘paytirish yorug‘ dunyodagi yaxshi ishlarning asosiysi hisoblangan.
Shu sababli «Avesto» matnlarida natural-xo‘jalik faoliyati keng targ‘ib etilishi va amaliy
maslahatlar berilishi tasodif emas.
Avestoda «O‘z hayoti davomida go‘zallik va yaxshilik, nur va quvonch yo‘lida hizmat qilgan
odam parso va haqgo‘y, pok va adolatli bo‘lib, mehmonlarni beg‘araz kutgan. Xotinini sevib,
yerni, mollarni parvarish qilgan, odamlarning molu mulkiga ko‘z olaytirmagan, tabiatni asrab-
avaylab undan zavq olgani uchun uning joni ham bitmas-tuganmas rohat va farog‘atga burkanadi»
deb yoziladi.
Qadimgi Xitoydagi iqtisodiy g‘oyalar m.a. VI-III asrlarda shakllangan. Bu mamlakatdagi
dastlabki quldorlik davlatlari e.a. II ming yillikda paydo bo‘lgan. Konfutsiylik g‘oyasi muhimdir.
Uning muallifi Konfutsiy yoki Kun-Szi (m.a. 551-478 yy.) «Lun yuy» to‘plamida («Suxbatlar va
mulohazalar») o‘z g‘oyalarini jamlagan. Olim kelajak rivojini o‘tmishdan izlaydi. Shu davrda
obro‘si pasaygan zodagonlarning manfaatini himoya qiladi (bu g‘oyalar keyinchalik Ken-Szi
(m.a.312-289 yy.), Syun-Szi (313-278 yy.) va boshqalar tomonidan davom ettirilgan).
Yoshlarning qariyalarga hurmati, ularga qarshi chikmaslik g‘oyasi asos qilib olingan. Davlat bu
katta oila, podsho esa «xalqlar otasi»dir, boyliklar nisbatan tekis taqsimlanishi kerak, soliqlarni
meyorida saqlash, yer ishlarini yaxshi bajarish, hammani o‘z vazifalarini bajonidil ato etishi zarur
deyiladi («Xalqlar otasi» tushunchasining ibtidosiga e’tibor bering).
Bu g‘oyalar Xitoydagi muhim iqtisodiy o‘zgarishlar davriga to‘g‘ri keladi. Temir qurollar tufayli
dehqonchilik va hunarmandchilik rivoj topdi, tovar-pul munosabatlari usdi, savdo-sotiq kuchaydi.
Sinfiy munosabatlar keskinlashdi. Shu sharoitda konfutsiylik ijtimoiy, ahloq va huquq doirasida
tabiiy huquq nazariyasini ilgari surdi. Mamlakatdagi aristokratiya va xalq o‘rtasida vujudga
kelgan quldorlik va xususiy mulk himoya qilinadi. Konfutsiy «buyuk jamoa mulki» (dehqonlar
jamoasi) va xususiy egalik (quldorlar mulki)ni farqlaydi, so‘nggisini ko‘proq qo‘llaydi.
Jamiyatning turli qatlamlari xudo tomonidan belgilanganligini ta’kidlaydi va uni tabiiy xol, deydi.
Boylikning manbai mehnat bo‘lib, hoqimlar boyligi xalq boyligiga asoslanadi. U xalq xisobiga
quldorlar boyligi ortishi tarafdori edi, xalqni ko‘proq ishlab, kamroq iste’mol qilishga chakirdi.
Syun-Szi davlatning iqtisodiy jihatdan kuchayishi tarafdori edi, odamlarning boylikka intilishini
qoralamagan (ular qonun asosida ish yuritishsa bas). Ammo inson bir vaqtning o‘zida ko‘p kasb
egasi bo‘la olmaydi, degan fikr paydo bo‘ldi, ya’ni olim mehnat taqsimoti zarurligi g‘oyasini
ilgari suradi (bu juda muhimdir). Davlatning iqtisodiy siyosati uchta asosiy tamoyilga asoslanishi
kerak:
1. Harajatlarni iqtisod qilish, ya’ni tejab-tergab sarflash;
2. Xalq to‘qligini ta’minlash;
3. Ortiqcha mahsulotlarni saqlash zarurligi.
Yetarlicha ta’minot tamoyili insonning jamiyatdagi o‘rniga bog‘liq holda belgilangan (ya’ni
sinfiylik tamoyili mavjud). Ekspluatatsiya qullab-quvvatlanadi, jamiyatda hammaning o‘z aniq
joyi bo‘lishi kerak, deyilgan, ya’ni hukmdor, tobe’, ota, o‘g‘il. Boshqarish ma’lum qonun asosida
emas, balki oddiy odat bo‘yicha bo‘lishi, og‘ir soliq va majburiyatlar bo‘lmasligi ta’kidlanadi.
Miloddan avvalgi VI-III asrlarda legistlar (qonuniy degani) oqimi paydo bo‘ldi, ular boshqarishni
aniq qonunlar asosida (oddiy odatlarga qarshi) olib borish tarafdori edilar (namoyandalari Szi-
Chap, Li-Kuy), markaziy davlat kuchli, mamlakat esa yagona birlashgan bo‘lishini qullab-
quvvatlashgan. Legistlar (Shan Yan) ayniqsa qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik, donchilikni
rivojlantirishga alohida e’tibor berishgan. Don masalasini hal etish bosh masala deb bilingan.
Shan Yanning fikricha, davlat ravnaqi uchun ikki masalani xal etish zarur: don va urush (atrofdagi
yerlarni bosib olish). Dehqonlar ro‘yxatini o‘tkazish, qonun yo‘li bilan yig‘ilgan don miqdoriga
bog‘liq yagona soliq tizimini kiritish taklif etiladi. Qonun yo‘li bilan turli «ishyoqmaslar»ni
«yerga qaytarish», ya’ni dehqonchilik bilan shug‘ullanishga, mehnat qilishga majbur etish
siyosatini qo‘llash kerak deganlar (Xitoydagi 1960 yillar davomida ro‘y bergan madaniy inqilob
davrida shu siyosat amalga oshirildi). Undan tashqari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo
qilishni qat’iy cheklash ham talab qilingan (go‘yoki savdogarlar bundan katta foyda olishlari
mumkin). Savdogarlar savdoni tashlab, dehqonchilikka intilishlari kerak. Erkin sohibkorlik
taqiqlangan, umumiy yer egaligi va javobgarlik joriy etilgan (m.a. 351 y.)
«Guan-Szi» (m.a. IV a.) asarida ham xo‘jalikni davlat tomonidan tartibga solishning tizimlari
ancha mukammal bayon etilgan. Bunda legistlardan farqli, tovar-pul munosabatlarini cheklashga
intilmasdan, bu munosabatlarni o‘rganib, undan xo‘jalikni barqarorlashtirishda ma’lum
mexanizm sifatida foydalanish taklif etiladi. Xalq xo‘jaligini barqaror saqlash uchun tovarlar
baholarini ushlab turish g‘oyasi ilgari suriladi. Davlat hoqimi non, pul, metallni tartibga solish
yo‘lini qulida saqlasa, mamlakat rivoji nisbatan tekis boradi, deyilgan. Bu asarda ham agrar soha,
ayniqsa donchilikka alohida urg‘u berilgan. Agar legistlar hunarmandchilik, ayniqsa savdoni
befoyda soha deb hisoblagan bo‘lsalar, bu asarda esa o‘sha sohalarga ham ijobiy baho berilgan.
«Yerni boshqarish» uchun davlat yerning tabiiy xususiyatlarini yaxshi bilishi kerak. Yer
maydonlari nisbatan tekis taqsimlanishi zarur, dehqonlarni ish qizigan davrda boshqa
yumushlarga jalb etmaslik, soliq tizimi sharoitiga qarab (yer unumiga bog‘liq ravishda) bo‘lishi
taklif etilgan. Bu yerda gap Yer kadastrini tuzish to‘g‘risida boradi, ya’ni bu ishda hisob-kitob
bo‘lishi qayd etiladi. Asarda yer va suv (tog‘ va dengiz) larni davlat ixtiyoriga o‘tkazish va ulardan
daromad yo‘lida foydalanish, baholarni tartibga solish yo‘li va boshqa ko‘pgina iqtisodiy g‘oyalar
ilgari suriladi. Bu g‘oyalar amalda ham qo‘llanildi va yaxshi samara berdi.
Qadimgi Xitoy ijtimoiy hayotida daosizm (aynan - yo‘l) g‘oyalari alohida o‘rinni egallaydi, uning
asoschisi Lyao-Szi bo‘lib, Konfutsiy davrida yashab, ijod etgan (m.a. IV-III asrlar). U taqiqlovchi
qonunlarga amal qilmaslikni taklif etdi, qonunlar ko‘pligi tufayli «xalq kambag‘allashmoqda»,
degan edi u. Daosizm g‘oyalari konfutsiylikka qarama-qarshi bo‘lib, insoniyat avvalgi
majburiyatlaridan voz kechishi, oddiy tabiiy hayotga qaytishi kerak, degan fikrni ilgari suradi. Bu
g‘oyaga ko‘ra inson ibtidoiy davrga kaytishi, yangi mehnat qurollaridan foydalanmasligi kerak.
Ko‘rinib turibdiki, unda reaksionlik elementlari bor, ammo bu g‘oyada xalq ommasining
noroziligi ham aks etgan, chunki sivilizatsiya yutuqlari ekspluatatsiya manfaatlariga ham hizmat
kilayotgan edi. Bunda kurashdan voz kechish, davlatning xalq hayotiga aralashuvini inkor etish
fikrlari ustun kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |