Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
www.ziyouz.com
kutubxonasi
161
“BARKAMOL AVLOD” SPORT O‘YINLARI
QATNASHCHILARIGA
Aziz farzandlarim!
Hurmatli ota-onalar, ustoz-murabbiylar!
Avvalambor, barcha-barchangizni bugun go‘zal va betakror
Surxondaryo zaminida boshlanayotgan “Barkamol avlod” sport
o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etishdan
xursandman. Qadimiy Termiz shahriga mutlaqo yangicha qiyofa va chiroy
bag‘ishlagan, yangidan bunyod etilgan sport inshootlari, jumladan,
barchaning hayrati va havasini uyg‘otadigan mana shu muhtasham
maydonda to‘plangan siz azizlarni – men uchun qadrli bo‘lgan barkamol
o‘g‘il-qizlarimni qutlar ekanman, hammangizni g‘oyibona bag‘rimga
bosib, sizlarning qaddi-qomatingiz, azmu shijoatingizga, yonib turgan
ko‘zlaringizga boqib, o‘zimning cheksiz mehr-muhabbatim, katta ishonch
va umidimni bildirishdan haqiqatan ham baxtiyorman.
Navbatdagi – beshinchi “Barkamol avlod” o‘yinlarining yurtimizning
janubiy ostonasi bo‘lmish Surxon diyorida, Vatanimiz mustaqilligining
shonli 20 yilligi arafasida bo‘lib o‘tayotganining o‘zi chuqur ramziy
ma’noga ega bo‘lib, nafaqat mamlakatimiz, balki yon-atrofda joylashgan
davlatlar aholisining ham e’tiborini tortayotganini, hech shubhasiz,
hammamiz yaxshi anglaymiz.
Mamlakatimiz, qit’a va jahon miqyosidagi nufuzli bellashuvlarda
g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, bugun sizlarning saflaringizda barchaga o‘rnak
va namuna bo‘lib turgan o‘g‘il-qizlarimiz ertangi kunda jahon
maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, eng yuksak sovrin
va nishonlarning sohibi bo‘lishiga, xalqimizning g‘urur va iftixoriga
aylanishiga ishonchimiz komil.
Shu borada birgina misol – yosh sportchilarimizning o‘tgan yili
Xitoyda bo‘lib o‘tgan XVI Osiyo o‘yinlarida 11 ta oltin, 22 ta kumush, 23
ta bronza medaliga sazovor bo‘lgani, futbol bo‘yicha o‘smirlar milliy
terma jamoamiz Meksikada bo‘ladigan jahon chempionatida ishtirok etish
huquqini qo‘lga kiritganining o‘zi, o‘ylaymanki, ko‘p narsani anglatadi.
www.ziyouz.com
kutubxonasi
162
Yoshlar sportini rivojlantirish, yuksak darajaga ko‘tarish maqsadida
amalga oshirgan ishlarimiz ko‘lamini so‘nggi yillarning o‘zida barcha
viloyat va tumanlarimizda 1200 dan ziyod bolalar sporti inshooti,
jumladan, 61 ta suzish havzasi, 724 ta maktab sport zali barpo etilgani, ular
zamonaviy jihoz va anjomlar, malakali ustoz-murabbiylar bilan
ta’minlangani misolida ko‘rish, kuzatish qiyin emas, albatta.
Bu yilgi “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining dastlabki bosqichida
akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan 1 million 600
ming nafardan ziyod farzandlarimizning 740 ming nafari yoki qariyb 50
foizi ishtirok etgani ushbu musobaqalarning qamrovi qanday keng ekani va
mana shu kurash maydonlarida bo‘lajak bellashuvlarning naqadar qizg‘in
bo‘lishidan darak beradi.
Bugungi yoshlik va nafosat bayramini, yurtimizda shakllangan, “Umid
nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari deb nom olgan
uch bosqichdan iborat noyob tizimni biz ming-minglab yoshlarimiz uchun
sport olamida eng yuksak marralarni egallashda o‘ziga xos parvoz
maydonchasi sifatida qabul qilamiz. Bunday samarali tizim siz, aziz
bolalarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk, irodasi
baquvvat, imon-e’tiqodi mustahkam insonlar etib voyaga yetkazishda,
qat’iyat va mardlik ruhida tarbiyalashda yoshlarimizning chiniqish va
mahorat maktabiga aylanib borayotgani barchamizni albatta quvontiradi.
Qadrli o‘g‘il-qizlarim!
El-yurtimizga xos bag‘rikenglik, oriyat va g‘urur tuyg‘usini ulug‘lab
yashaydigan Surxon ahli mardlarni sevadi, maydonga bel bog‘lab chiqqan
insonlarni ardoqlab boshiga ko‘taradi. Shunday otashin sport
muxlislarining ishonch va e’tiborini qozonib, ularning olqishlariga sazovor
bo‘lishning o‘zi, hech shubhasiz, har bir ishtirokchi uchun katta sharaf va
mas’uliyatdir.
Shu hayajonli daqiqalarda sizlar g‘alaba ishtiyoqi bilan kurashga
shaylanib turar ekansiz, Termiziy bobolarimizdek ulug‘ zotlarni voyaga
yetkazgan, Alpomishdek mard o‘g‘lonlar, Barchinoydek barno qizlarni
ulg‘aytirgan qanday muqaddas zaminda maydonga tushayotganingizni,
o‘ylaymanki, chuqur anglab, his etib turibsiz. Bu esa sizlarning har
biringizga baland ruh, jo‘shqin g‘ayrat va ishonch bag‘ishlaydi, albatta.
Fursatdan foydalanib, “Barkamol avlod” sport o‘yinlarini yuksak
saviyada o‘tkazish uchun zamonaviy sport majmualarini barpo etgan mohir
quruvchilarga, me’mor va muhandislarga, ana shunday ezgu ishlarga katta
www.ziyouz.com
kutubxonasi
163
hissa qo‘shgan mutasaddi va homiy tashkilotlarga, butun Surxon ahliga
chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Sizlarning, butun el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan ko‘hna va
navqiron Termiz shahri tobora obod bo‘lib, ta’bir joiz bo‘lsa,
O‘zbekistonimizning oltin darvozasiga aylanib bormoqda, desak, hech
qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Aziz farzandlarim!
Mamlakatimiz mustaqillik yillarida qanday og‘ir va murakkab yo‘lni
bosib o‘tib, bugun barqaror o‘sish sur’atlariga erishayotgan, jahondagi
rivojlangan davlatlar qatoriga kirish uchun ishonch bilan bardam qadam
tashlayotgan ekan, buning eng muhim sharti va mezoni bitta: ya’ni,
dunyoda yakkayu yagona bo‘lgan ona Vatanimiz taraqqiyoti uchun o‘zini
ayamasdan mehnat qilish, mana shu musaffo osmonimiz, tinch va
osoyishta hayotimizni qat’iyat bilan himoya etish, bu yo‘lda har qanday
sinov va mashaqqatlarga tayyor turishdan iboratdir.
Aynan shu asosda buyuk va muqaddas yurtimizning tuprog‘ini
ko‘zingizga to‘tiyo qilib, uning shonu shuhratini yetti iqlimga tarannum
etish uchun o‘z hissamni qo‘shaman, deb Vatanga chin farzandlik sevgisi
va sadoqati bilan yashasangiz, ishonamanki, hech qachon kam bo‘lmaysiz.
Sizlarni yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga bugun
boshlanayotgan musobaqalarda baxt va omad, kelgusi hayotingizda yangi-
yangi yutuqlar tilayman.
Do'stlaringiz bilan baham: |