O’QUVCHI-QIZLAR SPORTINI RIVOJLANTIRISH YO’LLARI
Shamsiyev, N.A., o’qituvchi, Atoyeva R.O., o’qituvchi,
Buxoro davlat universiteti, Buxoro sh
Respublikamizning birinchi prezidenti I.A.Karimov tomonidan 2004-yilning 25-may kuni «O`zbekiston
xotin-qizlar qo`mitasi faoliyatini qo`llab quvvatlash borasidagi qo`shimcha chora tadbirlar to`g`risida» gi
farmonning e’lon qilinishi, xotin-qizlar faoliyatini tubdan yaxshilash va ularni kengroq sportga jalb etish
masalalarini ko’rib chiqilgan edi. O`zbekiston Respublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligida ham 2004-
yili «Oliy ta`lim muassasalarida xotin qizlarni jismoniy tarbiya va sportga kengroq jalb etish to`g`risida» gi
qarorning qabul qilinishi natijasida, respublikamizdagi xotin-qizlarning sog`liqni saqlash, oila sportini
rivojlantirish orqali sog`lom oilani shakllantirish va sog`lom turmush tarzini barpo etish masalalari kengroq
targ`ib qilindi. Natijada oliy ta’lim muassasalarida ta`lim olayotgan qizlarninng «Universiada» sport
musobaqalarida ishtiroki yildan-yilga ortib borayotganligi kuzatildi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi
faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmonning qabul qilinishi, mamlakatimizda
xotin-qizlar qo'mitasi faoliyatining ustuvor yo'nalishlari va oila institutini mustahkamlash yo’llari keltirib
o’tildi. Qabul qilingan bir qancha qarorlar zamirida esa xotin-qizlar salomatligini yaxshilash va
mustahkamlash, ularning barkamolligini ta’minlash masalalari o’rin tutadi.
Xotin-qizlarning jismoniy madaniyatini tashkil qilish, ularning ilmiy uslubiy asoslarini ishlab chiqishda
J.E.Eshnazarov, R.Abdumalikov, G.B.Bilyalova, K.Shokirjonova va boshqa ko`plab olimlarning ishlarini
misol keltirib o’tish mumkin. Ular xotin – qizlar, ayniqsa o’quvchi va talaba-qizlar jismoniy madaniyatini
milliy istiqlol an`analarga mos ravishda takomillashtirishga oid tavsiyalar berib o’tganlar.
Hammamizga ma’lumki, hozirda ko’pchilik o’quvchi va talaba qizlarda harakatlanish darajasining
pastligi kuzatilmoqda. Shu boisdan, xotin - qizlarda vaznning ortishi, bo’g`imlar faoliyatining sustligi, oyoq
vena qon tomirlarning kengayishi, o’pka tiriklik sig’imi hajmining pasayishi, yurak - qon tomir kasalliklarining
rivojlanishi, jigar faoliyatining buzilishi, modda almashinuvining buzilishi, qon bosimining ortishi, buyrak
xastaligi, o`t yo`lida tosh hosil bo`lishi va eng asosiysi uzoq umr ko`rmaslik kabi bir qator salbiy oqibatlar
yuzaga kelmoqda. Yuqorida keltirib o’tilgan, salbiy oqibatlarni oldini olish maqsadida quyidagi pedagogik
shart-sharoitlardan foydalanib o’quvchi va talaba-qizlarning harakat faolligini ortish va ularning jismoniy
madaniyatini rivojlanishga erishiladi.
- O’quvchi qizlarning bo`sh vaqtlarini mazmunli shakllantirish maqsadida o’zlari qiziqqan sport turlari
bo`yicha to`garaklarda ishtirok etishni ta’minlash va mavjud bo’lmagan to’garaklarni tashkil etish.
- O’quvchi qizlarni jismoniy madaniyatni shakllantirish maqsadida maktablarda va oliygohlarda sportga
yo’naltirish nomli maslahat xonalarini tashkil etish;
- Xotin- qizlar o`rtasida jismoniy madaniyat ta`limini maktab yoshidan boshlab keng targ`ibot qilish,
sog’lom turmush tarzini va salomatlik, kasallik tushunchalarini chuqur o`rgatish;
- Xotin - qizlarda jismoniy madaniyat mashg`ulotlari bilan mustaqil shug`ullanishning malaka va
ko`nikmalarini maktab yoshidan boshlab shakllantirish;
- G’alabani qo’lga kiritgan xotin-qizlarni ma’naviy va moddiy jihatdan rag’batlantirish va ular
shug’ullanib yurgan sportni yanada rivojlantirish.
Olimlarning fikrlariga ko`ra, insondagi zarur jismoniy tayyorgarlikni ta’minlash uchun eng qulay davr
uning hayotidagi dastlabki o`n ikki yilligi bo’lsa, jismoniy tayyorgarlikning eng tipik nuqtasini 16-18 yosh
tashkil etadi. Yoshga oid xususiyatlarni inobatga olgan holatda xotin-qizlarni sportga yo’naltirish ijobiy
natijalarni beradi. Muxtasar qilib aytganda, jamiyat taraqqiyotida xotin-qizlarning sportining o’ziga xos o’rni
bo’lib, u sog’lom oila institutini shakllantirishda, jamiyatning sog’lom genofondini ta’minlashda muhim o’rin
tutishini hech kim inkor eta olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |