3
KIRISH
Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi kursi tabiiy
geografiya tizimidagi
asosiy fanlaridan biri bo’lib, tabiiy geografik fanlar tizimida yetakchi o’rinni
egallaydi. Tabiiy geografiyaning o’rganish ob’ekti - yer po’stining yuqori qatlami,
atmosferaning quyi troposfera qismi, okean va materik suvlari, tuproq-o’simlik
qoplami, hayvonot olami va ularning o’zaro aloqadorligidan tarkib topgan geografik
qobiq va uning landshaftlaridir. Geografik qobiqning bir butunligi uni tashkil etuvchi
komponentlarning va sodir bo’layotgan jarayonlarning o’zaro uzviy bog’liqligi va
ularning bir-biriga ta’sir etishi negizida shakllangan. Shuning uchun avvalo,
geografik qobiq va uning ajralmas tarkibiy qismi bo’lgan landshaft sferasi, ularning
o’ziga xos xususiyatlari,
vertikal chegaralari, qalinligi, strukturasi va rivojlanish
tarixi, Quyosh issiqligining taqsimlanishi va iqlim mintaqalari, umumiy geografik
qonuniyatlarini bilish muhim hisoblanadi.
Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi kursida Yerning geografik qobig’i
va landshaft sferasi to’g’risida ta’lim berish bilan birga keng ko’lamni qamrab olgan
inson xo’jalik faoliyati ta’sirida tabiiy landshaftlarda yuz berayotgan o’zgarishlar,
buning oqibatida hosil bo’lgan ikkilamchi antropogen landshaftlar, buzilgan, kuchli
o’zgartirilgan va madaniy landshaftlar to’g’risida ma’lumotlar beriladi. Bu fanni
o’zlashtirishda avvalroq o’rganilgan “Umumiy yer bilimi”, “Geologiya”,
“Topografiya va kartografiya asoslari”, “Geomorfologiya”, “Iqlimshunoslik”,
“Gidrologiya”, “Tuproqlar geografiyasi”, “Biogeografiya” va boshqa tabiiy
fanlardan olingan bilimlarning roli katta va ularga tayanadi.
Geografik qobiqdagi landshaftlarning
zonal-regional tabaqalanishi, ularni
tashkil etuvchi zonal, regional tabiat komplekslarini aniqlash, chegaralash,
kartalashtirish va tavsiflash jarayoni tabiiy geografik rayonlashtirish asosida amalga
oshiriladi. Geografik qobiqning muayyan hududlarini o’rganish
bilan tabiiy
geografiyaning tarmog’i hisoblangan regional tabiiy geografiya shug’ullanadi. Tabiiy
geografiya bilan regional tabiiy geografiya o’zaro chambarchas bog’langan, chunki
ularning o’rganish ob’ekti va predmeti geografik qobiqdir. Biroq, birinchi holatda
geografik qobiq bir butunlik va umumiylik nuqtai nazardan qaralsa, ikkinchi holatda
ichki tafovutlar va regional xususiyatlar nuqtai nazardan qaraladi. Regional tabiiy
geografiya geografik qobiqning makonda tabiiy chegaralar bilan chegaralangan
birliklarini o’rganadi. Bu birliklar miqyosiga ko’ra nihoyatda katta va kichik bo’lishi
mumkin. Masalan, Avstraliya materigi, Hind okeani,
Sahroi Kabir, O’rta Osiyo,
Bering dengizi va boshqalar. Yirik regionlarni alohida-alohida o’rganish bilimni
oshirishda katta ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda DTS asosida geografiya mutaxassis kadrlar tayyorlash
tizimida "Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi" kursi fundamental fan sifatida
alohida o’rin egallaydi. Bu kursda barcha materiklar va unga yaqin joylashgan
orollari bilan birgalikda batafsil o’rganiladi. Har qaysi materik va okeanlarning
tavsiloti umumiy qabul qilingan reja asosida berilgan.
Bu reja barcha
komponentlarning o’zaro aloqadorligini, bir-biriga bog’liqligini va ularni geografik
qobiq doirasida landshaft komplekslarining shakllantirishdagi rolini hisobga olgan
4
holda tuzilgan. O’quv qo’llanmada materiklar va okeanlarga tabiiy geografik tavsif
berish bilan birga, ularning hozirgi davrdagi ekologik holati va tabiatini muhofaza
qilish masalalari ham yoritilgan. Bu talabalarga ekologik ta’lim berish bilan birga,
ularda ekologik madaniyatni ham shakllantiradi.
Materiklarni umumiy tabiiy geografik tavsiflash geografik o’rni, chegaralari,
tekshirilish tarixi, geologik tuzilishi, materik muzliklari, rel’efi, foydali qazilmalari,
iqlimi va iqlim mintaqalari, ichki suvlari, tuproq, o’simlik va hayvonot dunyosi,
tabiat
zonalari, antropogen landshaftlari va tabiatni muhofaza qilish tartibida
berilgan. Umumiy tabiiy geografik tavsifdan keyin materiklarning regional tavsifi
berilgan.
Okeanlarning tabiiy geografik tavsifi Dunyo okeani tabiatining asosiy
xususiyatlari - okean tagining geologik tuzilishi va rel’efi, suvlari, okeandagi hayot,
okean yuzasidagi va okean tagidagi geografik zonalar,
okean tabiatini muhofaza
qilishning asosiy muammolari tizimida yoritilgan. Har qaysi okeanning tabiiy
geografik sharoiti quyidagi tartibda ta’riflangan: geografik o’rni va chegaralari,
tekshirilish tarixi, dengizlari va orollari, okean tagi rel’efi va geologik tuzilishi,
iqlimi
va suvlari, oqimlari, organik dunyosi, okeanning tabiat zonalari va xalq
xo’jaligidagi ahamiyati.
Kursda materiklarning tabiiy geografik tavsifi Afrika, Avstraliya (Okeaniya),
Antarktida, Janubiy va Shimoliy Amerika hamda Yevrosiyo materigi o’rganiladi.
Okeanlarni tabiiy geografik tafsiloti Dunyo okeani, Tinch,
Atlantika, Hind va
Shimoliy Muz okeanlari tarzida amalga oshirilgan.
Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi kursi geografiya fanidan mutaxassis
kadrlar tayyorlash uchun zarur bo’lgan materiallar tizimli ravishda bayon qilingan.
Talabalarning bilim, ko’nikma va malakasi darajasini oshirish uchun qo’shimcha
ilmiy adabiyotlardan, geografik atlaslardan foydalanishni tavsiya etamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: