Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
159
Tili boshqa minba’d-minba’d el bo‘lmaydi!
Ivan Ivanovich! Sen tirigim tirnog‘in yeding, sen o‘ligim yog‘in yeding — ammo to‘ymading!
Ivan Ivanovich! Men ochlikdan o‘lmadim — sen to‘qlikdan yorilmading!
Ivan Ivanovich! Men seni yuz o‘ttiz yil to‘ng‘ich akam, dedim. Bo‘ldi — men endi sen to‘ng‘ich
akam, demayman.
Men endi seni to‘ng‘ich aka degich tillarimni kesib itga tashlayman!
5
— Nu? — dedi Qizil.
Ivan Ivanovich! Dalalarimda nu-nulamay tur, endi.
Dalalarim diydoriga to‘yib-to‘yib olayin, endi.
Ivan Ivanovich! Sen dala nimaligini bilarmiding? Sen sadqai dala ket!
Sen qo‘sh jomadon ko‘tarib daydishni bilasan. Sen g‘ildirakli jomadon sudrab daydishni bilasan.
Sen qaysi yurt mevazor — shu yurtni makon etasan. Sen qaysi el mehnatkash—shu elni makon
etasan.
Ivan Ivanovich! Qaysi yurt mevali-chevali bo‘ladi — shu yurt sen uchun vatan bo‘ladi!
Qator-qator deydib kelasanu... osoyishta-osoyishta el-yurtni alg‘ov-dalg‘ov etasan.
Ota bilan bolani gij-gij etasan.
Aka bilan ukani kov-kov etasan.
Hamsoya bilan hamsoyani oqkaltak-qorakaltak etasan.
O‘rtada maza-maza... Sen maza etasan! Sen o‘rtada payg‘ambar bo‘lib davron surasan. Sen o‘rtada
qozikalon bo‘lib davron surasan.
Ivan Ivanovich! Sen qadam qo‘ymish el-yurt aslo tinch-totuv bo‘lmaydi. Sen qadam qo‘ymish el-
yurt aslo tinib-tinchimaydi.
Ivan Ivanovich! Sen ko‘zingga tuproq to‘lmaguncha — sen el-yurtga to‘ymaysan!
6
— Nu? — dedi Qizil.
Ivan Ivanovich!
Picha oyoq il, endi.
Dalalarim bilan xayr-xo‘shlashib olayin, endi.
Dalalarim bobolarim achchiq-achchiq ko‘z yoshlaridan dala bo‘ldi.
Dalalarim otalarim sho‘rpeshona terlaridan dala bo‘ldi,
Dalalarim ayollarim gulday hazon umridan dala bo‘ldi.
Dalalarim — bobolarim sho‘r-sho‘r peshonasi.
Dalalarim— otalarim yag‘ir-yag‘ir yelkasi.
Dalalarim — ayollarim xazon-xazon umri.
7
Men...
dalalarimni deya, qaytib kelaman!
Tupkani tagidan bo‘lsa-da, qaytib kelaman!
Ana shunda sho‘rtuproq dalamga a’lo nav paxta ekaman. Undan a’lo-a’lo tola olaman.
Qumloq dalamga moy bergich paxta ekaman. Undan xushta’m-xushta’m paxtamoy olaman.
To‘yimli-to‘yimli paxtamoy olaman.
Oqtuproq dalamga oqlik mo‘l paxta ekaman. Undan yegulik oqlik olaman. Ichgulik oqlik olaman.
Men qaytib kelaman!
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
160
Men hali dalalarimda elektr motorli traktorlar minib ter to‘kaman. Kun nuri bilan yurgich traktorlar
minib ter to‘kaman. Olti g‘ildirakli traktorlar minib ter to‘kaman.
Mazkur traktorlar qar-qarlamaydi — bilinar-bilinmay odimlaydi!
Kabinasida barcha sharoitlar muhayyo bo‘ladi: mitti sovutgichi bo‘ladi. Mitti muzxonasi bo‘ladi.
Mitti choy qaynatgichi bo‘ladi. Tayyoralardagiday chanoq-jo‘mragi bo‘ladi.
Men qaytib kelaman.
Yetti iqlimdan bo‘lsa-da, qaytib kelaman.
Ana shunda paxtamni cho‘tkali-cho‘tkali mashina bilan yig‘ib-terib olaman.
Mashina bilan bir oralaboq terib olaman. Boshqa qaytib dala oralamayman.
Yig‘im-terimni bosh-adoq bir mashina bilan bajaraman. Bir vaqtni o‘zida bajaraman.
Mashina a’lo
tola paxtamni alohidalaydi, mundayroq tola paxtamni alohidalaydi.
Ayni vaqtda paxtamni xas-cho‘pdan pokizalaydi. Chang-g‘ubordan forig‘laydi.
Tolani bir yoqli etadi, chigitni bir yoqli etadi.
Paxtamni o‘zi taxlaydi, o‘zi toylaydi. Toylarni yuk mashina joylaydi.
Yuk mashina paxtamni dalalarimdan fabrika olib jo‘naydi.
Men qaytib kelaman.
Yetti qavat yerni ostidan bo‘lsa-da, qaytib kelaman.
Men dalalarimni deya, qaytib kelaman.
Meni dalalarim qaytarib keladi...
1986—1991 yillar.
Do'stlaringiz bilan baham: