Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
93
Bir haftadan so‘g‘in tag‘in bir bor chilpidim. G‘o‘zalarim bo‘ydan qoldi. G‘o‘zalarim endi
ko‘sakka zo‘r berdi.
44
O‘n ko‘sakli g‘o‘zam gektaridan yigirma tsentnerdan hosil beradi!
Yigirma ko‘sakli g‘o‘zam gektaridan qirq tsentnerdan hosil beradi!
Yigirma besh-o‘ttiz ko‘sakli g‘o‘zam gektaridan qirq besh-ellik tsentnerdan hosil beradi!
YeTTINCHI BOB
1
Oq tuproq dalam ko‘saklari uch-uchidan yorildi. Oqtuproq dalam ko‘saklari uch-uchidan ochildi.
Oqtuproq dalamga oq oraladi.
Bemavrid oq oraladi!
Oqtuproq nozik-nozik yer bo‘ladi. Oqtuproq oriq-oriq yer bo‘ladi.
Shu bois, oqtuproq yer bulayga sillasi qurib qoladi. Oqtuproq yer bulayga darmonsiz bo‘lib qoladi.
Oqibat — oqtuproq g‘o‘za eldan burun pishadi.
Oqtuproq g‘o‘za elburutdan ochiladi.
Oppoq-oppoq raqqosa qizlar bo‘ladi. Yalt-yult raqqosa qizlar bo‘ladi.
Raqqosa qizlar ko‘zni oladi. Raqqosa qizlar es-hushni oladi.
Ammo... raqqosa qizlar paxta terolmaydi. Raqqosa qizlar xamir qorolmaydi.
Raqqosa qizlar qozon
qaynatolmaydi. Oqtuproq ana shu raqqosa qizlarday bo‘ladi!
Oqtuproq sin-sinbat bo‘ladi, oqtuproqda qut-barakot bo‘lmaydi!
2
G‘o‘zalarim boshidan kun urdi, ostidan nam urdi.
Oqibat — g‘o‘zalarim ora-oralari dim-dim bo‘ldi. G‘o‘zalarim ora-oralari buk-buk bo‘ldi.
Bunday vaqtda traktor bilan g‘o‘za oralab bo‘lmaydi.
Traktor ochilmish paxtalarimni chuvalatib-chuvalatib tashlaydi. Traktor ochilajak paxtalarimni
to‘zg‘itib-to‘zg‘itib tashlaydi. Traktor ko‘saklarimni ezib-ezib tashlaydi.
G‘o‘zalarim orasini shamollatmasam — tag‘in bo‘lmaydi.
Ko‘saklarim dimda pongsib-pongsib qoladi. Ko‘saklarim bukda chirib-chirib qoladi. Omon
qolmish ko‘saklarim ochilmay-ochilmay qoladi.
Men ana shunda birdan-bir yo‘ldan bordim — bor dehqonlarim bilan sochilib-sochilib g‘o‘za
oraladim.
G‘o‘zalarimni qimirlatib-qimirlatib oraladim. G‘o‘zalarimni turtib-turtib oraladim.
G‘o‘zalarim shamolladi — ko‘saklarim havo oldi.
3
— Sizni Toshkanga uch kunlik ko‘rikka jo‘nataman,
Dehqonqul aka, —dedi raisimiz. — Bir
ko‘ngilni cherini yoyib kelasiz.
— Qanday ko‘rik? — dedim.
— Paxta tergich mashinalar ko‘rigi bo‘lar emish.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
94
— Dalada ish qo‘qib yotgan bir vaqtda-ya?
— Endi, siyosat-da,
Dehqonqul aka, siyosat.
— Unda, o‘zingiz borib kela qoling, rais bova?
—
Qani edi, bir sayrlab kelar edim. Kattalar mexanizator-brigadir boradi, deyapti-da.
— Bir odamni ikki bo‘ladigan kunda-ya?
— Bari kolxozdan birovdan ilg‘or borayapti.
—
Men borolmayman,
rais bova, borolmayman.
— Do‘ppingizni
osmonga otsangiz-chi, Dehqonqul aka! Toshkanni aylanib kelasiz! Yo‘l
xarajatlaringizni kolxoz to‘laydi!
Ana shunda jonim kirdi!
— Maylingiz, rais bova, — dedim. — Ko‘p qo‘ymadingiz, maylingiz.
— Xo‘-o‘sh, qayta-qayta cho‘miling... Yaxshilab kiyining. Toshkan o‘z oti o‘zi bilan Toshkan.
Ust-bosh bordir?
— Bor, yo‘q emas, bor. Lekin barini ohori to‘kilib yotibdi. Shu tevarakda kiysa bo‘ladi.
— Unda, bo‘lmaydi. Siz respublika anjumaniga borayapsiz. Shu, partkomda fason-fason kiyimlar
ko‘p. Bir sidrasini olib beraman. Uch kunga yeyilib ketmaydi.
Men ertalab partkom uyilab bordim. Dardimni aytdim.
—
Xabarim bor, rais aytib edi, — dedi partkom. — Faqat, gard yuqtirmay qaytarib kelasiz!
Do'stlaringiz bilan baham: