9.3.Hayvonlar seleksiyasi. Hayvonlar seleksiyasida ham asosan o‗simliklar seleksiyasidagi kabi metodlardan
foydalaniladi. Ammo bu usullarni qo‗llashda hayvonlar uchun xos bo‗lgan ayrim xususiyatlar
bilan hisoblashligiga to‗g‗ri keladi. Hayvonlar faqat jinsiy yo‗l bilan ko‗payadi, ularning nasli
ko‗p bo‗lmaydi. Shuning uchun ham seleksionerlar seleksiya uchun dastlabki material tanlaganda
ko‗p belgilar ota-onalarda namoyon bo‗lmasligini e‘tiborga olishi zarur (masalan, erkak
organizmlarda sutning yog‗liligi, tuxum qo‗yuvchanlik ko‗rsatkichlari). Hayvonlar seleksiyasida
ularning faqat interyer (ichki qiyofasini aniqlovchi) belgilariga emas, balki eksteryer (tashqi
qiyofasini aniqlovchi) belgilariga xam e‘tibor berish kerak. Hayvonlar seleksiyasi ongsiz
ravishda, bundan 10 ming yillar avvalroq, hayvonlarni xonakilashtirish jarayonidan boshlangan.
Xonakilashtirish jarayonida hayvonlarga stabillashtiruvchi tanlashning ta‘siri tobora kamayib
borgan va aksincha o‗zgaruvchanlik ortib borgan. Inson o‗zi tushunmagan holda
xonakilashtirilayotgan hayvonlarning foydali belgilari ko‗proq saqlanib qolishiga sabab bo‗lgan.