Mustamlakachilik idora usulining joriy etilishi.
Rossiya harbiy vaziri, graf D.Milyutin, podshoh maslahatchisi V.Girs 1867-yilda «Turkiston
o’lkasini boshqarish tartibi» haqida qonun loyihasini tuzdilar, u Vazirlar Kengashi tomonidan
tasdiqlandi va amalda kuchga kirdi. O’lkada mutlaq hokimiyat general-gubernator qo’lida
to’plandi. General-gubernatorlik Kengashi va to’rt bo’limdan iborat mahkama tuzildi. Birinchi
bo’lim ma’muriy va nazorat, ikkinchisi moliyaviy-xo’jalik, uchinchisi soliq va shaharlar
mablag’lari ishlarini boshqargan. To’rtinchisi maxsus bo’lim deb atalgan. General-gubernator bir
vaqtda podshoh noibi, harbiy okrug qo’shinlari qo’mondoni, bosh mirshab, bosh prokuror
bo’lgan. U Buxoro amiri faoliyatini Rossiya imperatori agentligi orqali (1886-1917), Xiva xonini
esa Amudaryo bo’limi (1873-1917) boshlig’i orqali nazorat qilib turgan.
Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarga, viloyatlar uyezdlarga, uyezdlar uchastkalarga
bo’lingan. Viloyat harbiy-gubertanorligiga general darajasidagi, uyezd boshlig’iga polkovnik
darajasidagi, uchastka boshlig’iga kapitan darajasidagi zobitlar tayinlangan. Mazkur ma’muriy
tuzulmaning o’zagi uyezd bo’lib, uning boshlig’i general-gubernator tomonidan tasdiqlangan va
katta vakolatga ega bo’lgan. Uyezd boshlig’i ma’muriy, politsiya, harbiy hokimiyatlarni o’zida
birlashtirgan, odamlarga jarima solish, 7 kungacha hibsda saqlashi mumkin bo’lgan, shu boisdan
uni «hokim to’ra» deb ham atashgan. Uchastka boshliqlari ham odamlarga jarima solish, 3
kungacha hibsda saqlab turishi mumkin bo’lgan.
Qishloqlarni boshqarish uchun uchastka boshlig’iga bo’ysunuvchi bo’lis (volost) va ovul
ma’muriy boshqaruvi joriy etildi. 1-2 ming xonadon yashovchi hudud bo’lis, 1-2 yuz o’tovli
hudud ovul deb ataldi. Mahalliy aholi orasidan bo’lis boshqaruvchisi (oqsoqol yoki mingboshi),
qishloq oqsoqollari (yuz boshi, ellik boshi, o’n boshi) hamda ovul oqsoqollari, ularning
o’rinbosarlari saylanadigan bo’ldi. Ammo bu mahalliy boshqaruv tizimi Rossiya ma’muriyati
qo’lida bo’lgan, nomigagina saylangan mahalliy aholi vakillari ularning qo’lida qo’g’irchoq
bo’lganlar.
Mustamlakachilar Toshkent shahrini Turkiston general-gubernatorligining ma’muriy
markazi etib tanlashdi. Shaharda 80 mingcha aholi yashardi, uning hududida 270 ta mahalla, 310
ta masjid, 17 ta madrasa, 11 ta hammom, 15 ta do’konli saroy va boshqa inshootlar bo’lgan.
Bosqinchilar Toshkentning sharqiy qismidan joy tanlab, tanlangan joydagi mahalliy aholini
ko’chirib, Rossiyadan kelganlar yashaydigan uylar, ko’chalar, oromgohlar qurdilar. Shaharning
bu qismi Yangi shahar deb ataldi. Shaharni hokim boshqargan.
Toshkent shahar Dumasi. Toshkent shahrini boshqarish Nizomi ishlab chiqildi va u 1877-
yilda Sankt-Peterburgda tasdiqlangach kuchga kirdi. Nizomga ko’ra Toshkent shahar Dumasi va
boshqarma saylash nazarda tutilgan. Toshkent shahar Dumasi noiblarining uchdan ikki qismi
yangi shahardan, uchdan bir qismi eski shahar aholisidan saylanadi, deb belgilangan edi.
Ko’chmas mulki miqdoriga qarab, saylovchilar uch toifaga ajratiladi. Mulk senzi nuqtai
nazaridan kelib chiqqan holda, ko’chmas mulk qiymatining bir foizi hisobidan 3000, 1000, 500
so’mdan ziyod ko’chmas mulk egalaridan uch toifali saylovchilar ro’yxati tuziladi. Yetarli
mulkka ega bo’lmagan ziyolilar, ishchilar, dehqonlar, hunarmandlar saylov huquqidan mahrum
bo’lib qoldilar.
1877-yilda Toshkent shahar hokimi raisligida har bir toifa bo’yicha saylovchilar yig’ini
bo’lib o’tdi va Dumaga 71 noib (glasniy) saylandi. Dumaga Toshkentning 80 mingdan ortiq
aholi yashaydigan eski shahar qismidan, ya’ni tub yerli aholidan atigi 21 nafar noib saylandi,
aksariyat ko’pchilik noiblar esa 4000 mingga yaqin kishi yashaydigan yangi shahar qismidan
saylandi. Bu holat boshqaruvning mustamlakachilik mohiyatini yaqqol ochib beruvchi dalildir.
Toshkent shahar Dumasi farmoyish beruvchi organ bo’lib, uni shahar hokimi - oqsoqol
boshqarardi. Turkiston general-gubernatori tomonidan Duma oqsoqoli (glava) etib shahar hokimi
polkovnik E.P.Pukalov tayinlanadi. Noiblar orasidan ijro etuvchi hokimiyat - shahar
boshqarmasi (mahkamasi) tuziladi.
Toshkent shahar Dumasi ma’muriy va o’quv binolari, yo’l qurilishi, obodonlashtirish, suv
ta’minoti va boshqa shahar xo’jaligi bilan bog’liq ishlar bilan shug’ullanardi. Jumladan, 1892-
yilda shaharda telefon aloqasining yo’lga qo’yilishi, 1901-yilda ot tortuvchi tramvay yo’li
(konka)ning, 1912-yilda elektr toki bilan yuruvchi tramvay yo’lining barpo etilishi, ko’chalarni
yorituvchi elektr lampochkalarining o’rnatilishi kabilarni Toshkent shahar Dumasining ijobiy
ishlari qatoriga kiritish mumkin.
O’lkada tashkil etilgan politsiya va sud idoralari ham mustamlakachilik tartibini
mustahkamlashga, mahalliy aholining har qanday norozilik harakatini bo’g’ish va bostirishga
qaratilgan edi. Podshoizmning ma’muriy idora usuli o’lkani iqtisodiy o’zlashtirish, aholini
ma’naviy jihatdan tobelikda saqlash, ruslashtirish siyosati bilan uyg’unlashtirilgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |