Intuitsiya va pedagogik tafakkur. Intuitsiya
(lot. intuitio – sinchiklab
qarayman) – haqiqatni dalil bilan isbotlamasdan, bevosita fahm-farosat bilan anglab
olish qobiliyati; fikran ilg‘ab olish yo‘li bilan tajriba doirasidan chiqish, shaxsiy
qobiliyati yoki bilib olinmagan aloqalar, qonuniyatlarni jonli shaklda
umumlashtirish. Tadqiqotchilarning fikricha, intuitsiyaning hissiy, aqliy va mistik
turlari bor. Hissiy intuitsiya deb, aqliy mushohada va boshqa sezgi obrazlariga
bog‘liq bo‘lmagan holda tushunchadan oldin keladigan intuitiv sezishga aytiladi.
Hodisalarning mohiyatini birdaniga aql bilan ilg‘ab olish aqliy (intellektual)
intuitsiya deyiladi (E. Gusserl). Ilohiy qudrat bilan muloqot jarayonida vujudga
keladigan mutlaqo ongsiz ilohiy ilhom mistik intuitsiya hisoblanadi (J. Mariten).
Intuitsiya – subyektning obyekt bilan bevosita qo‘shilishib ketishi okibatidir
(A.Bergson). Psixoanalizda intuitsiya ijodning ongsizlikdagi ilk tamoyili deb talqin
etiladi (3.Freyd). SHarq falsafasida intuitsiyani “ilohiy ilhom” yoki “ilohiy zeh” deb
atashgan (Ibn Sino). Intuitsiyani o‘rganib, boshqarib ham bo‘lmaydi. U to‘satdan
miyaga kelib qoluvchi fikrdir. Inson miyasida ro‘y beruvchi refleksiv jarayonlar shu
qadar murakkab zanjirli bog‘lanishlar hosil qiladiki, ba’zan turli sabab-oqibatli
zanjirlar tizimidagi halqalar bir-biriga tutashib ketadi. SHunday tutashuv jarayonida
inson miyasiga yarq etib yangi fikr kelib qoladi. Ana shu holat intuitsiyaning nerv-
fiziologik asosi hisoblanadi. Bu kutilmaganda, behosdan ro‘y berganligi uchun
kishilar intuitsiyani ilohiy va g‘ayritabiiy mohiyatga bog‘lab tushuntirishga
urinishadi, lekin uning zamirida o‘ziga xos psixik jarayonlar yotadi. Intuitsiya inson
miyasida ro‘y beruvchi o‘z-o‘zini sozlash, o‘z-o‘zini muvofiqlash mexanizmi bilan
bog‘langan. Miyada muayyan paytda o‘z-o‘zidan ishlash jarayoni sodir bo‘ladi va u
o‘z-o‘zicha yangi bilimni ishlab chiqadi. Bu jarayonni ongli nazorat
qilmaganligimiz tufayli miyamizga yangi fikr quyilib kelgandek bo‘lib tuyuladi.
Aslida bu fikrni
miyamiz o‘zo‘zidan hisoblab chiqqan bo‘ladi.
Mushohada, insayt, intuitsiya mashaqqatli ilmiy izlanish, yangi faktlarni
topish va ularni ilmiy farazlar, tizimlar, nazariyalar va qonunlarda ratsional,
mantiqiy-diskursiv anglab etish bilan bir qatorda, ilmiy ijodning zarur jihatlari,
olimning izlanuvchan, jonli, tirishqoq aqlining doimiy hamrohlaridir. Buyuk fizik
A. Eynshteyn ilmiy ijodda intuitsiya, faraz, mushohadaning ahamiyatini qayd etgan
holda, «Mohiyat e’tibori bilan, faqat intuitsiyagina chinakam qimmatga egadir», deb
ko‘rsatib o‘tgan edi.
Insonning dunyoni bilish, subyektning obyekt bilan o‘zaro ta’sirga kirishish
jarayoni o‘ta murakkab va ziddiyatli jarayondir. U olimdan nafaqat ongli, balki
ongsiz faoliyat ko‘rsatishni ham talab etadi.
Insonning ong osti sohasining bilish faoliyati intuitiv bilish deb ataladi.
Intuitsiya esa – bu bilish obyektining ayni shartlarda boshqa yo‘l bilan asoslab
bo‘lmaydigan xossalariga bevosita, nomantiqiy tarzda haqqoniy deb qarashdir.
Ilmiy ijodda intuitsiya sezgi va aql-idrok faoliyatiga qarshilik ko‘rsatmaydi, balki
bilishning hissiy va ratsional jihatlari bilan uzviy bog‘lanib, ularni to‘ldiradi.
Subyektning obyekt borlig‘i qonuniyatlarini, uning xossalari va aloqalarini
hissiy va ratsional bilishi ongning ijodiy faolligiga yorqin misol bo‘la oladi. Ammo
ongli darajada sodir bo‘luvchi insonning ijodiy jarayoni uning ruhiyatining yanada
chuqur – ongsiz va ong osti qatlamlariga ham kirib boradi. Hozirgi zamon ilmiy
tasavvurlariga ko‘ra, insonning ongsiz ong osti ruhiy faoliyati sohasi ba’zan ong
anglab etmaydigan sezgilar, tasavvurlarni o‘z ichiga oladi. Ong osti sohasi ma’naviy
hayotning tush ko‘rish, gipnoz holati, anglanmagan istaklar, tashvishli sezgilar,
masalan, inson hayotida ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lishi arafasidagi tashvishli
sezgilarni qamrab oladi.
Ruhiyatda ong, ong osti sohasi va ongli narsalarning o‘zaro aloqasi
masalalariga psixoanaliz asoschisi Zigmund Freyd katta e’tibor bergan. Uning
fikricha, inson ruhiyati uch sohadan: “U”, “Men”, “Mendan Ustun” sohalardan
tashkil topgan. “U” – ongsiz mayllarning teran qatlami bo‘lib, unda gedonizm,
lazzatlanish prinsipi etakchilik qiladi. “Men” – bu shaxsning ong sohasi, ongsiz soha
bilan reallik prinsipi hukm suruvchi tashqi olam o‘rtasida vositachidir. “Mendan
Ustun” soha – bu shaxsning ichki ma’naviyati, vijdoni, ta’bir joiz bo‘lsa, shaxsning
ichki ijtiomiylashish darajasidir. Z.Freyd eksperimentlar va klinik tadqiqotlar
negizida insonning ma’naviy olamida ongsiz narsalar, shu jumladan bilish va ijodiy
faollikning rolini asoslab berdi.
Ong osti sohasi va intuitsiya ilmiy bilish jarayonida bir-biri bilan uzviy
bog‘liq. Strukturaviy lingvistika sohasidagi yirik mutaxassis, til psixomexanikasi
nazariyasining asoschisi Gyustav Giyom bilish jarayonida hodisalarni aniq ko‘rish,
ularning mohiyatini teran tushunishda intuitsiya muhim rol o‘ynaydi, deb e’tirof
etgan. O‘z ma’ruzalarida Giyom shunday deb qayd etgan: “Intuitiv mexanikada
barcha operatsiyalar ongsiz ravishda sodir bo‘ladi. Ongsizlik, intuitsiya – bir xil
narsalardir, natijani ko‘rish imkonini beruvchi til strukturalari bilan tasdiqlanuvchi
intuitiv mexanika operatsiyalarning samaradorligi bizda o‘zimiz boshqara
olmaydigan, kuchi bilimlarimizni oshirishda emas, balki bashorat qilish (luicidite)
qobiliyatimizni kuchaytirishda bo‘lgan faoliyat darajasi mavjudligidan dalolat
beradi”.
Q.Abduraximovning fikricha, ongsizlik vaqt oqimi davomida informatsion
fazoning o‘zgarishi, axborotlar oqimidagi kamchiliklarni to‘ldirish, mental
strukturalar o‘z-o‘zining tarkib topishini oxiriga etkazishida sodir bo‘ladi. Ilmiy
tadqiqot ishida faoliyatning avtomatlashgan, ongli, yarim ongli va ongsiz holatda
nazorat qilinadigan komponentlari – ko‘nikma, malaka va odatlar inson bilish
faoliyatining anglanmagan komponentlari sifatida kognitiv psixologiya yo‘nalishi
o‘rganishi kerak bo‘lgan muammolardan ekanligiga alohida urg‘u berilgan. Bilish
jarayonida anglanmagan (implitsit) bilimlarning anglangan (eksplitsit)likka o‘tishi
ko‘pincha insayt sifatida talqin qilinadi, boshqa bir tomondan esa, anglanganlikning
nazorat qilinishi avtomatik harakatlarga o‘tish bilan uyg‘unlashadi va malakani
shakllantiradi.
Ongsizlik tuzilishi bilan bog‘liq nuqtai nazar asosiga intuitsiyani kiritish
uning asosiy komponentlari va mexanizmlari harakatini yanada aniq va
umumlashtirilgan holda aks ettirish imkonini yaratadi. Intuitsiyaning turli
modallikdagi axborot oqimlari va ularning o‘tmish, hozirgi vaqt (dolzarb) va
potensial holatlarda vujudga kelish darajalari tanlovni universal integrativ
mexanizm sifatida ko‘rish mumkinligidan dalolat beradi.
Intuitsiya – bu ijodiy faoliyatning ichki, subyektiv tomoni bo‘lib, unda ongsiz
komponent bilish faoliyati natijalarini umumlashtirish, birlashtirish, tushunib
etishga yo‘naltiriladi. SHu bilan birga, ilmiy ijodda onglilik va ongsizlikning,
intuitivning o‘zaro ta’sirini haddan tashqari soddalashtirib yubormaslik kerak, zotan,
bu juda murakkab, chalkash va ancha mavhum jarayondir.
Do'stlaringiz bilan baham: |