www.ziyouz.com
кутубхонаси
15
VOQEA.
Hidoyat xola o‘g‘li Erkinni otasiz katta qildi. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani uchun yer-u ko‘kka
ishonmasdi. Ikki qizini allaqachon uzatib qutilgan. O’zi yemay, o‘g‘liga ilindi, kiyim-kechakda
o‘ksitmadi. Sut zavodida oddiy ishchi bo‘lishiga qaramay, ko‘chadagi tengdoshlari ichida unga birinchi
bo‘lib velosiped olib berdi. Maktabni tugatishi bilanoq yugu-yugur qilib politexnika institutiga joylab
qo‘ydi. Ikkinchi kursda bir hamkasbining suluvgina, sarvqomat qiziga uylantirib ham qo‘ydi. To‘ydan
keyin ikki-uch oy o‘tmayoq Hidoyat xola kelin olib ko‘ngli to‘lmay, hasratini kimga ochishni bilmay,
boshi qotib qoldi. Sababi kelin hali boshi kirib kelmay, xonadonda o‘z tartiblarini o‘rnatishga kirishdi.
Birinchi kunlari yoshlar onalari bilan choy ichishar, kechqurunlari allamahalgacha o‘tgan-ketganlardan
gaplashib, televizor ko‘rib o‘tirishardi. Oradan ko‘p o‘tmay, kelin-kuyov alohida nonushtaga o‘tirishni
boshladi. Kechqurun horib ishdan qaytgan xolaning oldiga kelin «do‘q» etkazib kosadagi ovqatni
qo‘yib chiqib ketardi. Televizor ham ularning xonasiga «ko‘chdi». Yoshlar qo‘ltiqlashib hali kinoga, hali
mehmondorchilikka jo‘nashadi, hali shahar tashqarisiga borib hordiq chiqarishadi. Bu mustaqillik
emish, yoshlar mustaqil yashashi kerakmish. Xola avvaliga chidadi, «Kel, insofga kelib qolar», deb
o‘zini ovutdi. «Hech bo‘lmasa, o‘g‘lim onasini unutib yubormas», deb umidvor bo‘ldi. Qayoqda deysiz?
Kundan-kun battar, deganlaridek ahvol yaxshi tomonga o‘zgarmasdi. Shunda Hidoyat xolaning
bardoshi tugab, to‘nini teskari kiyib oldi. Kelinni yomon ko‘rib qoldi. Har bir ishidan nuqs topdi, uydan
bezdirish harakatiga tushib qoldi. Ishning pachavasi chiqqanini ko‘rib kelin shoshib qoldi. O’g‘li tavba-
tazarru qilib onasining dilini yumshatmoqchi bo‘ldi. Mahalla-ko‘y, qudalar o‘rtaga tushishdi. Yo‘q, xola
aslo yon bermadi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘g‘lini o‘ziga ag‘darib olgan kelinni haydatib tinchidi.
Ko‘rdingizmi, bechora qaynonaning ko‘ziga ne-ne umidlar bilan olingan kelin ham, qancha sarfu
xarajatlar bilan qilingan to‘y ham, o‘zining mahalla-ko‘ydagi obro‘si-yu, o‘g‘lining baxt-saodati ham
ko‘rinmadi. Chunki u eng katta boyligi - ko‘z qorachig‘iday avaylab voyaga yetkazgan o‘g‘lidan ajrab
qolganini tushunib yetgandi. Kelin bola ona uchun yolg‘iz o‘g‘il hamma narsadan aziz, ardoqli ekanini
anglolmay, katta xatoga yo‘l qo‘ygandi. Bu xato esa turmush, deya atalmish farog‘at qasrini vayron
qilib tashladi. Vayronalarda esa chinakam baxt hech qachon oshyon qurmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |