www.ziyouz.com
kutubxonasi
38
Urush tugagan paytlar edi. O‘shanda go‘dak tasavvurimga sig‘magan narsani keyin
tushunganman: urush bitib odamlarning yarasi yangilangan damlar ekan. Birovning
eshigida surnay, birovnikida aza tovushi eshitilardi...
Bir kuni akam eshikdan baqirib kirdi.
— Oyi! Lo‘li kelyapti, lo‘li!
Turgan joyimda tirrakdek qotib qoldim. Lo‘lilar haqida shunaqa gaplar eshitgan edikki,
nomi qulog‘imizga chalinishi bilan sichqonning ini ming tanga bo‘lib ketar edi. Lo‘li
ko‘chada yurgan bolani qopiga solib ketarmish. Uyda kattalar bo‘lmasa, bolalarni bo‘g‘ib
o‘ldirarmish-da, hamma narsani ship-shiydon qilib g‘oyib bo‘larmish.
Akam bilan ketma-ket xuddi quvlagandek, qop-qora lo‘li xotin kirib keldi. Uzun, isqirt
ko‘ylagining ustidan nimcha kiygan, shokilasi osilib yotgan qo‘sh ko‘zli xurjunini
yelkasidan oshirib tashlab olgan, sochlarining uchiga so‘lkavoy taqqan, oyog‘ida eski qizil
etik... Dahshat ichida oyimning pinjiga tiqildim. Uyda dadam yo‘q-ku, endi nima qilamiz?
Hovlining allaqaysi burchagida yotgan mushukdekkina gurji kuchugimiz g‘azab bilan
akillagancha lo‘liga qarab yugurdi. Lo‘li xotin bir lahza to‘xtadi-yu, qiyshiq tayog‘ini itga
o‘qtaldi. Sarosima ichida oyimga qaradim: tezroq haydab yuborsa-chi!
Oyim lo‘liga diqqat bilan qarab turdi-da, birdan yuzi yorishdi.
— Voy, Acha xola-ku! — dedi eski qadrdonini ko‘rgandek quvonib. — Keling, aylanay.
U lo‘li tomon yura boshlagan edi, qo‘lidan ushlab jonholatda orqaga tortdim.
— Bormang! — dedim yig‘lamsirab.
— Qo‘rqma, jinnivoy, Acha xolang-ku bu! — Oyim ayvondan ildam tushdi. Hovlining
o‘rtasiga kelib qolgan lo‘li bilan aylanib-o‘rgilib ko‘rishdi.
Gurji kuchugimiz hamon to‘xtovsiz akillar, lo‘lining atrofida gir aylanar edi.
— Qani, kela qoling, — dedi oyim ayvon tomonga yurib.
— Yo‘q, mango shu yer yaxshi! — Lo‘li xurjunini yerga — bodom soyasiga tashladi-da,
ustida o‘tirdi. Issiqlab ketganidan keng ko‘ylagining yoqasini g‘ijimlab yelpingan edi,
bo‘ynidagi ikki shoda munchoq marjon ko‘rinib ketdi. Qulog‘idagi tilla oybaldog‘ini
ko‘rdimu, negadir «o‘g‘irlab olgan» degan xayolga bordim. Tag‘in qo‘rqib ketdim. Hozir
boshlaydi. Akalarim qulog‘imga quygandek, «poli keldi-poli keldi», deb fol ocha
boshlaydi-da, avrab-avrab hammamizni o‘ldirib ketadi.
— Oyi-i-i! — dedim chinqirib.
Lo‘li menga qayrilib ham qaramadi. Qop-qora qo‘llarini keng yoydi.
— Ovmin! Qadam yettu balo yetmasun! Pirlar madadkor bo‘lsun. Dushmaning xoru zor
bo‘lsun, bacham!
Oyim ham yerga cho‘kkalagancha unga qo‘shilib fotiha o‘qidi.
Akam xabar bergan bo‘lsa kerak, bir zumda hovliga Hoji buvi, uch hovli narida turadigan
kelinchak Xayri opa kirib kelishdi.
— Uyingda amol bo-or! — dedi lo‘li cho‘zib. — G‘animing bo-or!
Vujudimni yana qo‘rquv bosdi. Ammo nima uchundir oyim xotirjam edi.
— Amal nima qiladi, xolajon, — dedi sekin. — Akamdan xavotirdaman. Ming yerimga
pichoq ursa bir yerimdan qon chiqmaydi. Hamma qaytyapti, akam bechoradan darak
yo‘q.
Oyim urushga ketgan tog‘amni ko‘p gapirardi. Dadamni kasalligi tufayli urushga
olishmagan, ammo oyim har ikki gapning birida akasini eslab yig‘lardi. Hozir ham shuni
gapirdi. Tushundim, fol ochirmoqchi.
— Bor, bolam, o‘ynab kel, — dedi oyim mening hamon qo‘rqib turganimni ko‘rib. Biroq
men sehrlangandek o‘rnimdan jilolmay qoldim.
Lo‘li shoshilmasdan xurjuniga qo‘l suqdi. Kirligidan guli bilinmay ketgan tuguncha oldi.
Hoji buvi bilan Xayri opa ham oyimning ikki tomoniga jimgina cho‘kkalashdi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |