28
Xalqimizning “shoshilgan qiz – erga yolchimas” degan dono gapi bor. Bunda
turmush o’rtoq topish tadbirini o’ta muhim qo’yib yuborgan odam – bu istagiga erisha
olmasligi nazarda tutilgan. Zamonamizda bu maqol taxminan quyidagicha qilib aytilishi
mumkin: “qizini turmushga berishga shoshilgan ota-onaning qizi ersiz qoladi”. Albatta,
bu juda kulgili eshitiladi. Ammo, afsuski, atrofimizda aynan ana shunday holatlar juda
ko’p uchrayapti.
Shoshqoloqlik – tashqi muhimlik belgisi. Shoshilgan odam ruhiy noturg’un va
notabiiy holatda bo’ladi. Bu narsa tashqi xatti-harakatlarda ham namoyon bo’ladi – odam
bir joyda turolmay qoladi, ko’zi har tomonga qaraydi, tishini tishiga bosadi va hokazo.
Muhimlik – sizning faqat ruhiy emas, balki kuchli jismoniy zo’riqishingizga ham sabab
bo’ladi.
Injiqlik, talabchanlik, qattiqqo’llik, qaysarlik kabi holatlar ham kishi nimagadir o’ta
katta ahamiyat berib yuborayotganidan dalolat. Bunga nikoh to’yi bo’layotgan qizga to’y
libosi ham, dasturxondagi noz-ne’matlar ham, bazm zalining bezatilishi ham yoqmay
qolgan holati misol bo’lishi mumkin. U hammasi bekam, dabdabali, esda qoladigan
bo’lishini shu darajada qattiq istaydiki, o’z injiqligi bilan hammaning ko’nglini buzadi.
Agar kelin bo’lmish muhimlikni haddan tashqari oshirib yuborsa, u o’z to’yini o’zi buzib
qo’yishi tayin. Bunday to’y rostdan ham unutilmas bo’ladi – uni hamma anchagacha
masxara bilan esga olib yuradi.
Erkaklar o’z avtomobillarini o’ta yaxshi ko’rishlari – tashqi muhimlik tuyg’usiga
yana bir kulgili misol. Ba’zilar o’z “temir tulpor”larini shu darajada ehtiyotlashadiki,
Xudo ko’rsatmasin, biror yerini bilmay chizib qo’ying – naqd baloga qolasiz. Eng qizig’i,
ba’zi avtosevarlar o’ta ehtiyotkor bo’lganidan avtomobilini biror joyga o’zlari urib oladi.
Hammamiz Ergash Karimov qoyilmaqom qilib rol o’ynagan kichik miniatyuralarni
ko’rganmiz. Ularning birida aktyor Paxtakor futbol jamoasining ishqibozi rolini
o’ynaydi. Esladingizmi? Paxtakor yutgan kuni – dunyo gulzor. Xudo urib, Paxtakor
yutqazib qo’ysa – oila boshlig’i ichiga shayton kirib oladi. Uning oila a’zolariga bo’lgan
munosabati uning shaxsiy hayotiga hech bir aloqasi bo’lmagan futbol o’yiniga bog’liq.
O’z ishqibozligini hamma narsadan muhimroq hisoblagani uchun, lavha qahramoni
alamidan qutula olmay, rahmatlik onasidan qolgan toshoynagacha hamla qilishga tayyor
bo’lib qoladi.
Bu, albatta, bo’rttirilgan holat. Ammo oramizda tashqi jarayonlar ahamiyatini
oshirib, yaqinlari hayotini zaharlash darajasiga borgan kimsalar ham bor. Bunday xatoga
har kim yo’l qo’yishi mumkin. Axir, qanchadan-qancha odam o’z ishini, firmasini,
biznesini va yana nimasinidir yaqinlarining mehridan ustun qo’yib adashadi.
O’z maqsadining muhimligini oshirish – eng mudhish holatdir. Bunda odam o’z
niyatiga erishish yo’lida hech narsadan qaytmaydigan bo’lib qolishi mumkin. Bunday
odamning hayotini muhimlik to’lig’icha egallab olgan, unda zarracha baxt uchun ham joy
qolmagan bo’ladi.
Tashqi muhimlik tuyg’usi va u keltirib chiqaradigan muammolar haqida soatlab
gapirish mumkin. O’ylaymanki, endi o’zingiz hayotingizda nimalarga o’ta katta ahamiyat
berib yubordingiz-u, bu sizga qanday tashvishlar yaratib berganini tahlil qila olasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |