Energetika
— energiyaning har xil turlarini hosil qilish, ularni bir turdan
ikkinchi turga oʻzgartirish, muayyan masofaga uzatish va yetkazib berish, ulardan
barcha sohalarda foydalanishni hamda shular bilan bogʻliq nazariy va amaliy
muammolarni hal qilishni oʻz ichiga olgan xalq xoʻjaligi, fan va texnika sohasi.
Insoniyat taraqqiyotida kishilarning turli energiya manbalariga boʻlgan ehtiyojlari
ularni tabiiy manbalar — oʻtin, koʻmir, torf va boshqalar yoqilgʻilardan, shamol,
suv oqimi energiyasi (mas, shamol va suv tegirmonlari) dan foydalanishga majbur
qildi. Keyinchalik fan va texnika taraqqiyoti, fantexnika inqilobi tufayli 20-asrning
2-yarmidan boshlab asosan elektr energiyasiga ehtiyoj juda oshib ketdi. Ana shu
omillar Energetikani jadal rivojlantirishni taqozo qildi. Fan va texnika taraqqayoti
energiya ishlab chiqarish va uni oʻzgartirishning yangi usullarini ishlab chiqish,
yangi samarali asbobuskunalar va texnologiyalarni yaratish, energiyani
taqsimlashni markazlashtirish va boshqalar orqali ifodalanadi. Energetika sohasi
tabiiy energiya resurslarining potensial energiyasini xalq xoʻjaligida foydalanishga
yaroqli va foydali energiya turlariga aylantirish hamda shu bilan bogʻliq ilmiy
texnik muammolarni hal qilish masalalari bilan shugʻullanadi.
Energetikaning taraqqiyoti koʻp jihatdan mamlakat energiya rusurslari bilan
qanchalik taʼminlanganligiga chambarchas bogʻliq. Koʻmir, neft, tabiiy gaz, torf,
oʻtin, slanets, suv, elektr va yadro energiyasi, shamol va quyosh energiyasi
energetika resurslari hisoblanadi. Energetika resurslari yoqilgʻi (koʻmir, neft, gaz,
yadro, torf, slanets, oʻtin) va yoqilgʻi boʻlmagan vositalar (suv, shamol, quyosh
energiyasi va boshqalar) ga boʻlinadi. Yoqilgʻi bilan bogʻliq energetika resurslari
tiklanmaydigan, yoqilgʻi bilan bogʻliq boʻlmaganlari esa tiklanadigan resurslar
hisoblanadi.
Jahon miqyosida turli yoqilgʻi energetika resurslari miqdorini taqqoslash
uchun shartli yoqilgʻi birligi (1 kg yoqilgʻi yonganda 7000 kkal issiqlik ajralishi)
qabul qilingan. Jahondagi barcha yoqilgʻi resurslarining (yadro energiyasidan
tashqari) potensial zaxiralari 25000 mlrd. t shartli yoqilgʻiga teng . Uning 95% i
yoqilgʻining qattiq turlariga toʻgʻri keladi. Yadro energiyasining asosiy manbai
boʻlgan uran va toriyning zaxiralari dunyo okeani suvlaridagi zaxiralar bilan birga
69000 mlrd. t shartli yoqilgʻiga teng. Eng koʻp ishlatiladigan energetikaning tabiiy
resurslari (koʻmir, neft, gaz) jahon mamlakatlari boʻyicha notekis taqsimlangan.
Shu jihatdan Oʻzbekistonning energetika resurslarini hisobga olsak, mamlakat
energetikasi xalq xoʻjaligining baza sohasi hisoblanadi. Oʻzbekiston energetika
tizimi xalq xoʻjaligi va aholining yoqilgʻi (koʻmir, gaz, neft), elektr energiyasiga
boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondiradi va eksport ham qilinadi.
Bu xususda raqamlar asl vaziyatdan yaqqol darak beradi. Agar 2000 yilda
O‘zbekiston energetika tizimining ishlab chiqarish quvvati 7 750 MVt ni, 2016
yilda esa – 10 830 MVt ni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu vaqt ko‘rsatkichlari
oralig‘ida o‘tgan 16 yil ichida qariyb 3 ming MVt ishga tushirildi. Bugunga kelib
energetika tizimida mavjud ishlab chiqarish quvvatlari 14 131 MVt ni tashkil
qilmoqda. Yaʼni keyingi 3 ming megavattdan ziyod quvvatlar so‘nggi uch yil
mobaynida ishga tushirilgan.
2017–2021 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarining bunday keskin o‘sishiga
asosan Navoiy, Tolimarjon, Toshkent issiqlik elektr stansiyalarida yangi bug‘-gaz
qurilmalarini (BGQ) ishga tushirish evaziga erishildi. Shuning barobarida 2019
yilda 900 MVt quvvatli yangi To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushirildi. Zamonaviy
tejamkor uskuna va texnologiyalarni joriy etish hisobiga IESlarda shartli yonilg‘i
sarfi 2016 yildagi 375,8 g/kilovatt-soatdan 2020 yilda 333,9 g/kilovatt-soatgacha
yoki 11 foiz kamaydi (– 41,9 g/kilovatt-soat).
Bundan tashqari Sirdaryo IES modernizatsiya qilinmoqda, bu esa uning
quvvatini 150 MVtga oshirishni taʼminlaydi. Farhod GES ham modernizatsiya
jarayonida, bu ishlar natijasida uning quvvatiga yana 13 MVt qo‘shiladi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar natijasi o‘laroq, 2025 yilga borib mamlakat
energetika tizimining quvvatini 25 600 MVt ga, 2030 yilda esa 29 200 MVt ga
yetkazish vazifasi amalga oshirilmoqda.
Energiya ishlab chiqarishni oshirish bilan bir qatorda elektr energetikaning
yetkazib berish infratuzilmasini modernizatsiyalash va yangilash zarur. Ushbu ikki
yo‘nalishni birlashtiribgina, mamlakat energiya xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha
muhim vazifani uddalash mumkin. So‘nggi yillarda elektr uzatish tarmoqlarini
mustahkamlash borasida ham talaygina ishlar olib borilmoqda.
Past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari so‘nggi 4 yilda modernizatsiya
qilinib, 25 ming kilometr uzunlikda o‘tkazilib yangidan tortildi. Taʼkidlash
kerakki, 1991–2016 yillarda 9 300 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari
modernizatsiyalangan va qurib bitkazilgan edi, bu esa qariyb 2,7 barobar kam.
So‘nggi yillarda 9 575 ta transformator punkti modernizatsiya qilindi va
yangilandi, bu esa jami transformator punktlarining 60 foizini tashkil qiladi. Shu
yilning o‘zidayoq o‘tgan yilga nisbatan 13 foiz yoxud 26 300 km ko‘proq past
kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 16 foiz ko‘proq yoxud 9 000 dan
ziyod transformator podstansiyalari taʼmirlanadi.
2021–2030 yillarda 0,4–110 kV kuchlanishli tarmoqlarni rekonstruksiya va
modernizatsiya qilish bo‘yicha belgilangan ishlar jadal davom ettirilmoqda. Unga
ko‘ra 130 ming km elektr uzatish tarmoqlari va 40 mingdan ortiq transformator
punktlari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinadi hamda yangilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |