19- mavzu
. O‘ZBEKISTONDA XALQARO TURIZMNING
RIVOJLANISHI
Reja:
19.1. Xalqaro turizm rivojlanishining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri
19.2. O‘zbekistonda xalqaro turizmning rivojlanish dinamikasi
19.1. Xalqaro turizm rivojlanishining O‘zbekiston
iqtisodiyotiga ta’siri
O‘zbekiston xalqaro aloqalarining rivojlanishida turizm sohasi alohida ajralib
turadi. Mustaqillikdan oldin O‘zbekiston aholisi sobiq markaz ruxsati bilangina
chet ellarda sayohat qilib kelar edi, xorijiy turistlar ham avval Moskvaga kelib,
so‘ng O‘zbekistonga tashrif buyura olishar edi. Buning ustiga, turizmdan
olinadigan barcha daromadlarni (shuningdek, valyuta daromadlarining ham
hammasini) to‘g‘ridan-to‘g‘ri sobiq markazga jo‘natish majburiy edi. Xorijiy
turistlarga ko‘rsatilgan xizmatlar tannarxi O‘zbekiston byudjetidan qoplanar,
buning evaziga markazdan hech nima olinmas edi, natijada xalqaro turizmdan
O‘zbekiston zarar ko‘rar edi.
Mustaqillikka erishgandan so‘ng O‘zbekiston hukumati xalqaro turizm
sohasining rivojlanishiga alohida e’tibor qarata boshladi va buning uchun mas’ul
bo‘lgan yagona tashkilot tuzildi. O‘zbekiston Respublikasida turizmning
rivojlanishi uchun mas’ul bo‘lgan tashkilot «O‘zbekturizm» Milliy Kompaniyasi
hisoblanadi. «O‘zbekturizm» Milliy Kompaniyasining tarkibiga mustaqillikka
qadar alohida-alohida xo‘jalik faoliyati yuritgan «Inturist», «Sputnik» va Kasaba
ittifoqlarining turizm va ekskursiyalar bo‘yicha Kengashi kabi tashkilotlarning
mintaqaviy tarkibiy bo‘linmalari birlashtirildi.
Milliy Kompaniyaning faoliyat yuritishi davomida respublikada xalqaro
turizmni rivojlantirishda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Oldinlari turistlar
uchun dam olish uylari, turistik bazalar, kempinglar zamonaviy talablarga javob
255
bera olmas edi,chunki ularni ta’mirlash, qayta qurish va jihozlash masalalari sobiq
Markaz tomonidan ko‘rib chiqilar edi.
Mustaqillikka erishgandan so‘ng bu holatga, shuningdek, xalqaro turizm
sohasidan olingan daromadning barchasini respublika tashqarisiga olib chiqib
ketilishiga chek qo‘yildi. O‘zbekiston xalqaro turizm sohasida bozor munosabatlari
amal qila boshladi, davlatning ko‘plab turistik korxonalari xususiylashtirildi,
turistik mahsulot yaratish hamda shu kabi mahsulotga mustaqil narx belgilash
erkinligi yaratib berildi. Natijada turistik xizmatlar bozorida korxonalar o‘rtasida
sog‘lom raqobat yuzaga keldi. «O‘zbekturizm» Milliy Kompaniyasining vujudga
kelishi va bu tashkilotning 1993-yili Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo bo‘lib
kirishi O‘zbekiston xalqaro turizmi taraqqiyotida qo‘yilgan ulkan qadam bo‘ldi.
Respublikada xalqaro turizmni yangi bosqichga ko‘tarish va samarali faoliyat
ko‘rsatishiga mos keladigan yangi shart-sharoit va mexanizmlar vujudga keldi.
O‘zbekiston Respublikasida xalqaro turizmni rivojlantirish borasida ishlab
chiqilgan yana bir muhim hujjatlar qatoriga O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 1995-yil 2-iyundagi «Buyuk Ipak yo‘li»ni qayta tiklashda
O‘zbekiston Respublikasi ishtirokini avj oldirish va respublikada Xalqaro turizmni
rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni hamda mazkur
farmonni amalga oshirish maqsadida e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida xalqaro
turizmning zamonaviy infratuzilmasini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi
qarorini xalqaro turizmni rivojlantirish dasturi sifatida kiritish mumkin.
O‘zbekiston xalqaro turizmining rivojlanishida «Buyuk Ipak Yo‘li» ning
tutgan o‘rni va mohiyati nihoyatda cheksiz. Bir necha asrlar davomida ushbu
zaminning G‘arb va Sharqida istiqomat qilgan xalqlarni Janubiy-Sharqiy Osiyodan
to O‘rta yer dengizi mamlakatlarigacha cho‘zilgan va «Buyuk Ipak Yo‘li» deb nom
olgan savdo-sotiq yo‘li bir-biri bilan bog‘lab turar edi. Bu yo‘lga «Ipak Yo‘li», deb
nom berilishining asosiy sababi, bu yerda tashiladigan mahsulotlarning asosiy
qismi ipak matolari va mahsulotlari bo‘lganligidandir. Ipak tayyorlash bilan bog‘liq
256
bo‘lgan sir-asrorlarni Xitoy ustalari ming yillar davomida boshqa davlatlardan
yashirib kelgan. Ammo «Buyuk Ipak Yo‘li» orqali tashilgan mahsulotlar faqat
ipakdangina iborat bo‘lmay, balki bu yo‘l orqali bronza, chinni, jun, xom ashyolar
va ulardan tayyorlangan buyumlar ham edi. «Buyuk Ipak Yo‘li» qariyib ikki ming
yillik tarixga ega bo‘lib, bu yo‘l asosan Italiyadan tortib Turkiya orqali Iroq va
Eronga borgan. U yerdan esa Markaziy Osiyo hamda Shimoliy Pomir orqali o‘tib
Qashqar va Yorkentgacha yetgan. Bu yerda yo‘l ikkiga ajralgan hamda shimol
tomondan Takla-Makon sahrosini aylanib o‘tib, Lobnor ko‘li yaqinida yana
qo‘shilgan va Xitoygacha borgan.
Buyuk Ipak Yo‘lida Turkiston hududi yetakchi rolni bajarib kelgan. Ushbu
hududdagi Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Xo‘jand, Chorjuy kabi qator
shaharlar ipak yo‘lidagi asosiy manzillar bo‘lgan. O‘zbekiston o‘zining qo‘lay
geografik o‘rni tufayli bu tarixiy yo‘lda markaziy o‘rinni egallagan. «Buyuk Ipak
Yo‘li» ko‘p asrlar davomida kishilik madaniyatining vujudga kelishida katta o‘rin
egallagan. Uning tarixda tutgan o‘rni hamda ahamiyatini tiklash, bu yo‘lda turizmni
rivojlantirish kabi maqsadlarni mo‘ljallab, 1994-yilning oktabr oyida Birlashgan
Millatlar Tashkiloti va uning nufuzli tashkiloti YUNESKO ishtirokida
O‘zbekistonda Butunjahon turistik tashkilotining kengashi bo‘lib o‘tdi. Kengash
a’zolari Ipak yo‘li bo‘ylab turizm faoliyatini tiklash va rivojlantirishga qaratilgan
Samarqand Deklaratsiyasini qabul qildi. 1995-yilning oktyabr oyida Toshkent
shahrida «Ipak Yo‘lida turizm» nomi bilan birinchi marotaba Xalqaro turistik
yarmarka o‘tkazildi. Shundan keyin ushbu xalqaro turistik yarmarka har yili
muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Ipak yo‘lidagi turizm» Toshkent
xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi qisqa vaqtda xalqaro maydonda tanilib, turizm
mahsulotlarini namoyish etish, ishbilarmonlik aloqalarini izchil yo‘lga qo‘yish,
o‘zaro tajriba almashish, sayyohlikdagi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama
qilish, hamkorlik yuzasidan foydali shartnomalar imzolash va yangi yo‘nalishlar
ochish borasida qulay imkoniyatlarni taklif etib kelmoqda.
257
2014 yilda «Ipak yo‘lidagi turizm» XX Toshkent xalqaro sayyohlik
ko‘rgazmasida O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Tailand,
Malayziya, Italiya, Singapur, Vengriya, Chexiya, Latviya, Indoneziya, Janubiy
Koreya, Ispaniya, Avstriya, Shveysariya, Ruminiya, Polsha, Eron, Turkiya kabi
dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan ko‘plab firma va kompaniyalar vakillari
ishtirok etdi.
«Turizm va san’atning ipak bog‘lami» shiori ostida o‘tkazilgan Toshkent
xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi doirasida biznes, ekologik, sport va ma’rifiy
sayohat, ekskursiya, kruiz, mehmonxona hamda restoran servisi, sohaga doir
ko‘chmas mulk va sug‘urta, sog‘lomlashtirish kabi muhim mavzular yuzasidan
fikr-mulohazalar
almashildi. Ko‘rgazmada tashrif buyuruvchilar uchun
«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat milliy paviloni», «Milliy taomlar festivali», «Sharq
bozori» hamda «Hunarmandlar shahri» bo‘limlari haqida ma’lumotlar berildi,
hunarmandlarning ijod namunalari namoyish etildi. Bundan tashqari, «Turizm
sohasida axborot texnologiyalari», «Mehmonxona va joylashtirish ob’ektlari»,
«Transport xizmatlari», «Sug‘urta xizmatlari», «Gastronomik turizm» kabi
bo‘limlar ham faoliyat ko‘rsatdi. O‘zbekiston sanatoriy va shifoxonalari esa alohida
stendda namoyish etildi. Ko‘rgazmada xorijiy sayyohlik kompaniya hamda
firmalari, sohada faoliyat olib borayotgan yurtimizning yetakchi turoperatorlari,
mehmonxonalar vakillari o‘z xizmat turlari haqida ma’lumotlarni taqdim qildilar.
E’tiborga molik jihati, mazkur ko‘rgazma doirasida mamlakat turizmida
yangi loyiha-«Hosted buyers (Tajribali haridor)» dasturi namoyish etildi. U
istiqbolli sheriklar va haridorlar o‘rtasidagi uchrashuvlarni oldindan belgilash,
ularga muayyan imtiyozlar berish orqali sohada ishbilarmonlik muhitini
rivojlantirishga xizmat qilishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Qayd etish jozki, Xalqaro
tasnifga ko‘ra, «Hosted buyers» avvaldan aniq maqsad bilan ko‘rgazmaga maxsus
taklif qilinadigan nufuzli haridor bo‘lib, u qiziqish bildirgan sotuvchi bilan
uchrashib, mahsulot, tovar yoki xizmatni sotish yoki harid qilish, shuningdek
258
maxsus qo‘shma dastur yoki loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv borasida
muzokaralar olib boradi.
Toshkent xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi doirasida eng yaxshi sayyohlik
yo‘nalishi taqdimoti, turizm yo‘nalishidagi eng yaxshi kompaniya va mehmonxona,
taqdimoti, eng yaxshi ko‘rgazma stendi, tematik bo‘lim va turistik imkoniyatlar,
eng yaxshi hududiy taqdimot, eng yaxshi servis, eng yaxshi dizayn kabi qator
yo‘nalishlarda tanlovlar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, ko‘rgazmada «Turizm sohasida ijtimoiy hamkorlik: ta’lim va
ish bilan ta’minlash» mavzuida xalqaro forum o‘tkazildi. Ayni paytda mamlakatda
turizm industriyasi uchun zamonaviy mutaxassislar yetishtirib beradigan 5 ta oliy
o‘quv yurti, jumladan, Singapur menejmentni rivojlantirish institutining Toshkent
filiali va 11 kasb-hunar kolleji faoliyat ko‘rsatmoqda. «O‘zbekturizm» M.K.ning
Respublika ilmiy-o‘quv konsalting markazi tomonidan gidlar, turoperator va
mehmonxona xo‘jaligi xodimlari tayyorlanmoqda. Ushbu ko’rgazmada
«O‘zbekturizm» M.K., Respublika ilmiy-o‘quv konsalting markazi, O‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, olim va mutaxassislar qatnashdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |