QUYIDA «TO’MARIS» ASARIDAN PARCHA BERILDI
T o’ m a r i s. Jarchilar, massagetlar urug’iga jar soling! To’maris so’zim! Qabila
tuprog’i xavf ostida. Qo’lida qilich tuta oladigan, yuragida o’ti bor, yigit-u qiz, erkag-u
xotin himoyaga otlansin. Kimki qondan seskansa, qabiladan chiqmagani ma’qul.
Yodingizda bo’lsin, biron kimsa, xoh ayol, xoh erkak qilichdan cho’chib ortiga chekinar
ekan, shafqat yo’q, boshidan judo bo’lgay. Unutmang, ortimizda qabila, onalarimiz,
bolalarimiz qolayotir. Ularni dushmanga xor-u zor qilishni istamagan kimsa borki, jangga
otlansin! Qabiladoshlar biz ustun kelamiz, chunki biz sha’nimizni, qabilamizni himoya
qilayotirmiz. Qabilada qolayotganlar, shu so’zlarim qulog’ingizda bo’lsin. Gar falokat yuz
tutib, lashkarlarimiz mag’lub kelsa, kulbalarga o’t qo’ying, bironta tirik jon forslar qo’liga
tushmasin. Bizdan keyin yashaganlar, massagetlar eroniylarga qul bo’lgan, deyishmasin.
Ular oxirgi qoni qolguncha yurtini himoya qilib, dushman ustun kelganda qabilalariga o’t
qo’yib, o’zlari alangada yonib ketganlar. Massagetlar ana shunday mardonavor xalq
bo’lgan, deb eslasinlar. Onajonlar, bobojonlar farzandlaringizni menga hamroh eting.
Jangga ularni men boshlab kirar ekanman muqaddas tuproq, kindik qonim to’kilgan yurtim
haqqi qasam ichaman. Agar jangda bir qadam ortga chekinsam, shu ona tuproqqa xiyonat
qilsam, Momo Yer va Bobo Quyosh qahriga uchrayin!
(
Samoviy kuchlar kirib qolishadi
.)
M o m o Y e r. To’maris shamshirni tashla!
S a m o v i y k u c h l a r. Tashla shamshirni!
T o’ m a r i s. Yo’q, tashlolmayman, yurtim xavf ostida.
B o b o Q u yo sh. To’maris, qo’lingda ajal!
T o’ m a r i s. Ha, men ajalning dastidan tutib turibman. Ixtiyorimdan ustun bo’lgan
ishga jazm etdim. O’zga chora yo’q.
O n a S a m o. Sen ajalning Zaminda keng quloch yoyishiga imkon berayotirsan.
Nahotki cho’chimasang, qon hididan bahra oluvchi o’lim borliqni ishg’ol etadi. Yer yuzida
hayot quriydi, tashla shamshirni.
T o’ m a r i s. Yurtimga yov ajal bilan kelayotir, ajal bilan qarshi chiqmoqdan o’zga
yo’l yo’q.
O n a S a m o. Qani insonlarga hadya etilgan shafqat, mehr, muhabbat. Barchasidan
mahrum bo’lgan ular.
T o’ m a r i s. Agar sen barchasiga qodir bo’lsang yovni to’xtat Ona Samo!
O n a S a m o. Yo’q, bu mumkin emas. Inson yetuk yaratilgan, barchasini o’zi hal
etmog’i darkor.
T o’ m a r i s. Gar shunday ekan mening yo’limni to’sma. Qabila taqdiri qil ustida
turibdi, ularning qul bo’lishini istamayman. Insonni e’tiqodidan judo etish, erkini qo’lidan
olib kul qilish ajaldan ham dahshatliroqdir...
Muallif qo’lyozmasi asosida chop etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |