KOMIL YASHIN
(1909—1997)
Atoqli dramaturg va jamoat arbobi Komil Yashin (Komil Nu’monov) Andijon
shahrida Nu’mon Jumaboy o’g’li oilasida tug’ilgan. 6 yoshida eski maktabga beriladi, yangi
maktabning 7-sinfini tugatgach, Sankt-Peterburgdagi o’rmon xo’jaligi instituti tayyorlov
kursida va so’ng institutda ikki yil o’qiydi, shaharning rutubatli ob-havosi sog’ligiga to’g’ri
kelmagach, o’z shahri Andijonga qaytadi, maktabda o’qituvchilik bilan shug’ullanadi.
1928—1930-yillari Andijon, so’ng O’zbek davlat musiqa teatrlarida adabiy emakdosh,
keyinroq O’zbekiston xalq komissarlari qoshidagi san’at ishlari boshqarmasida boshliq
(1948—1949), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1958—1980) kabi vazifalarda
xizmat qiladi.
K. Yashin adabiyotga juda erta kirib kelgan edi. Birinchi havaskorlik «Sarang»
pyesasini 14—15 yoshida yozgan. So’ng «Teng — tengi bilan», «Lolaxon» (1927) bir
pardali asarlarini yaratadi. 1929-yili atoqli rejissor Muzaffar Muhamedov boshchiligida
Andijonda yirik ijodiy jamoa uyushgan bo’lib, shu yerda yaratilgan «Ikki kommunist»
pyesasidan so’ng o’z hayotini teatr bilan bog’lashga ahd qiladi.
K. Yashin dramaturgiyada ikki yo’nalishda ijod qilgan: «Yondiramiz» (1931), «Nomus
va muhabbat» (1935), «Hamza» (1940, A. Umariy bilan), «O’lim bosqinchilarga» (1942),
«Oftobxon» (1944), «General Sobir Rahimov» (1949), «Buxoro» (1974) kabi pyesalar sof
drama janrida yozilgan bo’lsa, «O’rtoqlar» (1930), «Ichkarida» — «Gulsara» (1933—
1935), «Nurxon» (1940), «Ravshan va Zulxumor» (1957) singari asarlar musiqali drama
janriga oiddir. «Bo’ron» (1939), «Ulug’ Kanal» (1941), «Dilorom» (1958), «Hamza»
(1961) operalari uchun librettolar, «Asal», «Hamza» filmlari uchun ssenariylar yaratadi.
K. Yashin yirik teatr nazariyachilaridan biri edi. U 21 yoshida «Meyerxold va uning
nazariyalari» (1930) maqolasida o’sha davrda keng shuhrat topgan rejissor V. Meyerxold
ijodiy uslubini tahlil etib, ijodiy erkinlik muammosini olg’a surgan edi. «O’zbek opera-
baletini yaratish yo’lida» (1934), «Dramaturgiyaning yetakchiligi va aktyor ustaligi»
(1935), «Muqanna» dramasi haqida» (1943) singari o’nlab maqolalari o’zbek teatrini
o’rganishda muhim manba hisoblanadi.
O’zbek teatri va dramaturgiyasini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun K. Yashin
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, O’zbekiston xalq yozuvchisi unvonlariga
sazovor bo’ldi, 1974-yili unga Mehnat Qahramoni unvoni berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |