Mikoriza
. Ko’pincha o’simlik ildizning ichki to’qimalarida yoki yuzasida
zamburug’larning yashashida kuzatiladi. Ba'zi bir o’simliklar, ayniqsa daraxtlarda
(eman, oddiy qarag’ay, tog’terak va boshqalar), mikorizaning bo’lishi zaruriyat
hisoblanadi. Chunki ularda maxsus turdagi mikotrof oziqlanish kelib chiqqan.
Mikorizasiz bu o’simliklar juda yomon o’sadi. Mikoriza faqat daraxt o’simliklarda
bo’lmay, balki o’t o’simliklar, don - dukkakli va boshoqli o’simliklar uchun ham
xarakterlidir. Mikoriza tuzilishiga ko’ra ikki asosiy turga ajratiladi: tashqi (ektotrof)
va ichki (endotrof) mikoriza. Ektotrof mikorizada o’simlik ildizning uchki qismini
zich g’ilof ko’rinishda zamburug’ mitsiliysi o’rab oladi va undan zich to’rsimon
zamburug’ iplari tarqalib ketadi. Bu turdagi mikoriza asosan daraxt o’simliklar
ildizida tarqalgan (oqqayin, arg’ug’on, eman, tog’terak va boshqalar). Tashqi
mikorizada o’simlikning ildiz tuklari yo’qolib ketadi. Uning o’rniga zamburug’
gifalari xizmat qiladi. Endotrof mikorizada zamburug’ ildiz yuzasida yashamay,
balki uning ichki qsmiga kirib boradi. Zamburug’ kirib olgan ildiz hujayralari tirik
holda bo’lib, zamburug’ gifalari hujayrada sekin - asta parchalanadi va u o’simlik
hujayrasi tomonidan o’zlashtirib yuboriladi. Ichki mikoriza ko’pincha o’t
o’simliklarda uchraydi. Ayniqsa, vereskdoshlar va salabdoshlar kabi oila vakillari
uchun xarakterlidir.
Mikorizadan tashqari yuksak o’simliklarning bakteriyalar bilan hamkorlikda
hayot kechirishi ham ma'lum. Bu turdagi hamkorlik asosan dukkakli o’simliklar
(loviya, beda, no’xat, sebarga, yantoq va boshqalar)da keng tarqalgan. Tugunak
bakteriyalarning dukkakli o’simliklar bilan hamkor hayot kechirishida ularning
ildizida maxsus o’simtalar - shishlar, ya'ni tugunaklar hosil bo’ladi. Bunday
tugunaklarning hosil bo’lishi tugunak bakteriyalarning faoliyati bilan bog’liq.
Tugunak bakteriyalar tuproqdan ildiz tuklari orqali uning ichiga kirib oladi.
Bakteriyaning ta'siri natijasida ildizning chekka qismlarida parenxima
hujayralarining kuchli bo’linishi va hajmining ortishi kuzatiladi. Natijada ildiz
hujayralari o’sib ketadi va unda o’simtalar, ya'ni tugunaklar hosil bo’ladi. Tugunak
bakteriyalarning fiziologik roli shundan iboratki, ular atmosferadagi erkin azotni
o’zlashtirish qobiliyatiga ega va shu bilan yuksak o’simliklarning azotga bo’lgan
talabini qondiradi. Ushbu hamkorlik amalda muhim ahamiyatga ega. Dukkakli
o’simliklar qo’shimcha azot manbiga ega bo’lganligi uchun ham oqsillarga boy.
Ular qimmatli oziq va yem - xashak mahsulotlarni beradi.
Novda ham ildiz kabi yuksak o’simliklarning asosiy organidir. Novda uchki
meristemaning mahsuli bo’lib, ildizga nisbatan ancha murakkab tuzilishga ega.
Vegetativ novdada quyidagi qismlarni ajratish mumkin: poya, barglar, bo’g’imlar,
bo’g’im oraliqlari va kurtaklar.
Kurtaklar - murtak holdagi novdalar hisoblanib, ular uzoq vaqt o’sish va
shoxlanish, ya'ni novdalar sistemasini hosil qiladi. Novdagi barglar muhim vazifani,
ya'ni fotosintezni bajaradi. Organlarni biriktirib turuvchi poya mexanik, o’tkazish va
ba'zan g’amlovchi vazifalarni bajaradi. Nodaning bir butunligi va uning qismlari
o’rtasidagi o’zaro boqlanishlar uning shakl o’zgargan ko’rinishlarida ham yaxshi
ifodalangan. Novdani ildizdan ajratib turuvchi muhim xususiyati barglar bilan
qoplanishi hamda bo’g’imlarga ega bo’lishidir. Poyaning bo’g’imi ba'zi
o’simliklarda yo’g’onlashgan yoki yaxshi ifodalangan bo’ladi. Odatda poyada ikki
xil bo’g’imlar farq qilinadi. Agar barg yoki halqasimon barglar poyaning asosini
to’liq o’rab olsa yopiq, qisman o’ragan bo’lsa, ochiq bo’g’im deb qaraladi. Odatda
novdada bir necha bo’g’imlar va bo’g’im oraliqlari bo’lib, ular novdaning bo’ylab
takrorlanadi. Natijada metamer tuzilish kelib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |