www.ziyouz.com kutubxonasi
78
«Ey, parvardigor, bandang Ayyub senga samimiy qalb bilan ibodat qilayotgani yo‘q. Sen unga behisob
boylik, beadad farzandlar, obro‘-martabalar berib qo‘ygansanki, u o‘shalardan ayrilib qolmaslik uchun senga
mulozamat yuzasidan ibodat qilyapti. Agar uni ne’matdan ayirib, imtihon qilib ko‘rsang, itoati va ibodati
samimiy emasligining guvohi bo‘lasan» - dedi.
Alloh taolo unga javoban: «Shubhasiz Ayyub, imoni tama’dan yiroq bo‘lgan, muxlis bandadir. U menga
martaba va mol-dunyosini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, tama’ning tasirida ibodat qilmaydi, balki u ibodatning
haqqini bilgani uchun menga ibodat qiladi, zikrning haqqini bilgani uchun mening zikrimni qiladi.
Unday solih payg‘ambarimning haqida sen mal’un yomon fikrda bo‘lmasliging uchun, senga ijozat
beramanki, barcha lashkarlaringni yig‘ib, uni istaganingcha sinab ko‘r! Ayyubning moliyu zurriyoti hukmini
senga berdim, ishonchim komilki, uning e’tiqodidan zarracha qaytarolmaysan, uning imonini zarracha
bo‘shashtirolmaysan, bilganingni qil, keyin uning sabrini qanday ekanligiga, ibodatlardan biror maqsad va
g‘arazni iroda qilmayotganiga o‘zing shohid bo‘lgin va tan bergin!» - dedi.
Iblis qattiq sa’y-harakat qilib, Ayyub (a.s.)ni vasvasa qilib ko‘rdi, niyatiga yetmagandan keyin, Ayyubning
oilasi va avlodlari yashaydigan saroyni zilzila bilan vayron qildi. Saroyda farovon, shohona yashayotgan uning
barcha zurriyotlari saroy vayronalari ostida qolib halok buldi.
Iblis inson qiyofasida Ayyub (a.s.)ning oldilariga kelib, hamdardlik bildirgan bo‘ldi va Alloh uning shuncha
qilgan ibodatlarini rioyasini qilmaganiga, balki bu ibodatlar butunlay qabul etilmaganiga ishora qildi.
Ayyub (a.s.) oila va farzandlariga achinib yig‘lagan bo‘lsalar-da, bu hodisa Allohning sinovi ekanligini aytib:
«Bu ne’matlarni Alloh bergan edi, yana qaytarib oldi, uning berganiga ham, qaytib olganiga ham, uning
g‘azabiga ham, roziligiga ham beadad shukrlar bo‘lsin!» - dedilar va yana astoydil ibodat bilan mashg‘ul
bo‘ldilar.
Iblis Ayyub (a.s.)ning mol va avlodlaridan ajralib ham qattiq ibodatdan to‘xtamagani va Allohga bo‘lgan
imoni zaiflashmaganini ko‘rib, uni ibodatdan mahrum etish maqsadida jismlariga bedavo va qattiq alamli dardni
yuqtirdi. Biroq, Ayyub (a.s.)ning alamlari qancha ziyoda bo‘lsa, shukrlari shuncha ko‘p va iltijoli bo‘ldi.
Iblis nima qilmasin, Ayyubning imonlari ziyoda, shukrlari behad ko‘p bo‘lib, Alloh oldida mulzam bo‘lgandan
keyin, o‘zining maslahatchi shaytonlarini kengashga chaqirdi. Ulardan biri: «Ey, boshlig‘imiz, sening o‘tkir
hiylalaring, tadbirkorliging qaerda qoldi. Ayyubga shuncha zarar yetkazib, uning imoniga ta’sir o‘tkazolmading-
ku! Odam va Havvoni vasvasa bilan qanday qilib jannatdan chiqargan eding? Shu usulni Ayyubga ham qo‘llab
ko‘r, shoyad foyda bersa!» - dedi.
Iblis: «Odamni jannatdan chiqarishda, uning xotini yordam bergan edi. Sen juda to‘g‘ri fikr aytding», - dedi
va odam qiyofaga kirib, Ayyubning xotini yoniga bordi. Uni vasvasa qilib, diliga biroz shubha soldi.
Ayol Ayyub (a.s.)ning oldilariga borib, hayotidan noliy boshladi: «Ey, Ayyub! Sening rabbing qachongacha
senga azob beradi, davlating, obro‘ying, bola-chaqang, do‘stlaring, yoshliging qayoqqa ketdi? Bu alamli
kunlarning nihoyasi bormi? Boshimizga kelgan bu musibat qachon tugaydi?!»
Ayyub (a.s.) xotinlaridagi bunday o‘zgarishni sezib: «Ey, xotin! Seni shayton yo‘ldan uribdi, imoningni
zaiflashtiribdi, qalbingni tor qilibdi, agar eson-omon tuzalsam, qasam ichib aytamanki, seni yuz darra o‘z qo‘lim
bilan uraman!. Bugundan boshlab sening qo‘lingdan taom yeyishni, seni biror ishga buyurishni o‘zimga harom
qildim! Menga Allohning o‘zi biror hukm yubormagunicha mening oldimdan ket!» - dedilar.
Yolg‘iz qolgan Ayyub (a.s.)ning dard-alamlari ziyoda bo‘lib, Allohga astoydil iltijo va tazarru’ bilan duo
qildilar:
«Parvardigorim, menga musibat yetishdi. O’zing rahmlilarning rahmlirog‘isan».
Alloh taolo Ayyub (a.s.)ning duolarini ijobat qildi, oyoqlari ostidan shifo bulog‘ini chiqarib berdi. Bu suvdan
ichib, badanlarini yuvishlari bilan ichkiyu tashqi kasalliklari shifo topdi va avvalgidan ham xushsurat odamga
aylandilar.
Ayyub (a.s.)ning xotinlari ham borgan joyida xotirjam bo‘lolmadi. Eriga shuncha yil xizmat qilib, oxirida uning dilini
og‘ritib qo‘yganligi uning oromini yo‘qotdi. Chunki, eri bilan sakson yil rohat-farog‘atda yashab, qancha shodlik kunlarini
birga o‘tkazgan edi. Endi erining boshiga biroz musibat tushganda yuziga solishi, avval qilgan xizmatlarini ham ta’na bilan
yo‘qqa chiqarishi aqldan emasligini tushundi va erining yoniga qaytdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, nochor va mubtalo erining
o‘rnida yosh, go‘zal, sog‘lom bir yigit turardi. Avval tanimasdan biroz taajjubga tushdi. Keyin aql-hushini yig‘ib, bu yigit o‘z
eri Ayyub (a.s.) ekanliklarini bildi va Allohning qudratiga tan berib, marhamatiga shukronalar aytib, o‘z erini bag‘riga
bosdi».
(Muhammad Jodul Mavlo. Qur’on qissalari. Bayrut. 2000 y. 192-198-bet.)
Alloh taoloning o‘zi Rahimani yuz darra azobdan xalos etish, Ayyub (a.s.)ning qasamlarini ham
buzdirmaslikni iroda qildi va shunday buyurdi:
Do'stlaringiz bilan baham: |