Adabiy mavzudagi insho
ta’lim dasturida qayd qilingan, dars jarayonida
o‘tilgan mavzular asosida yoziladigan, darslar va darsliklardagi ma’lumotlarga
o‘quvchining munosabati, shaxsiy fikrlari ifodalanadigan, ijodiy yondashuv
asosidagi yozma ishdir. Adabiy mavzudagi inshoda muayyan yozuvchi, shoirning
hayoti va ijodi, qahramonlar xarakteri, fe’l-atvori, faoliyati, taqdiri tahlil qilinadi,
ijodkor faoliyati, asarlariga doir umumiy ma’lumotlar bayon etiladi, badiiy asar
mazmuni, g‘oyasi hamda undagi qahramonlar xarakterini, taqdirini yoritishda, tahlil
qilishda o‘quvchining mustaqil yondashuvi aks etadi. Ijodiy yondashuv, mustaqil
fikr inshoning zarur shartlaridan biridir. Ta’lim jarayonida adabiy mavzudagi
insholar keng qo‘llanadi. Adabiy mavzudagi insholar matn asosidagi insholar, deb
ham yuritiladi.
Adabiy mavzudagi insholardan ona tili va adabiyot darslarida keng
foydalanish, reyting tizimining oraliq va yakuniy nazoratlarini insho ko‘rinishida
o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Adabiy mavzudagi insholar o‘quvchining badiiy nutqini rivojlantiradi, unga
o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a singari adabiy tasvir vositalaridan
foydalanishni, oddiy so‘zlar bilan ma’nosi kuchaytirilgan bo‘yoqdor so‘zlarni
farqlash va qo‘llay bilishni o‘rgatadi. Shuningdek, yozuvchi uslubini tushunish, asar
kulminatsiyasi va yechimidagi voqea-hodisalarni anglash, asar yuzasidan o‘z fikr-
mulohazalarini keng, aniq va izchil, erkin ravishda bayon qilish imkonini beradi.
Adabiy insholardan faqat adabiyot darslarida emas, balki ona tili
mashg‘ulotlarida ham keng foydalaniladi. Bunday insholar yozuvchi mahoratini
aniqlashga, asar qahramonlari olamiga kirishga, ularni bir-biri bilan taqqoslab,
yaxshilik va yomonlikning tub mohiyatini anglashga yordam beradi. Shu bilan bir
qatorda ona tili qoidalarini, badiiy uslub xususiyatlarini o‘zlashtirishda
ahamiyatlidir. Adabiy insholar o‘quvchidan badiiy nutq ko‘nikmasini talab etadi.
Masalan, “Ma’nodosh va qarama-qarshi ma’noli so‘zlar” mavzusi o‘rganilgandan
so‘ng o‘quvchilarga yaxshilikni, insonning, ijobiy, ezgu fazilatlarini ifodalovchi
so‘zlarning qarama-qarshi ma’nolilarini toptirish, ma’lum bir asar misolida “Yaxshi
fazilatlar – inson ziynati” adabiy inshosini yozdirish mumkin bo‘ladi.
Adabiy insholar badiiy adabiyot namunalari asosida yaratiladi. O‘quvchilar
o‘rganilayotgan til hodisalari bilan bog‘liq holda badiiy asarlar, ulardagi
qahramonlar, bayon qilingan qiziqarli voqea-hodisalarni tahlil qiladilar, o‘z
munosabatlarini bildiradilar.
2.
Do'stlaringiz bilan baham: |